
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Premer-ligada mavsum ramziy terma jamoasi
Angliya Premer-ligasining joriy mavsumi har galgidan ham qiziqarli kechdi. Biz so‘nggi turlargacha turnir jadvalidagi evrilishlarning guvohiga aylandik. Pandemiya sabab ayrim cheklovlar hamon futbolni ojiz qoldirishda davom etmoqda. Ammo endi hamma koronavirus bilan birgalikda yashashga o‘rganib qoldi. O‘ziga xos mexanizmni ishlab chiqqan Angliya Premer-ligasi mavsumni hech qanday muammolarsiz yakunlashga erishdi.
Tabiiyki, o‘yin bor joyda raqobat ham bo‘ladi. Mana shunday holatda ham juda ko‘plab futbolchilar o‘z iste’dodlarini namoyish etishdan charchamadi. Biz esa, har galgi odatimizga sodiq qolgan holda mavsum ramziy terma jamoalarini tuzishni “tumanli albion”dan boshlaymiz. Qani, ketdik!
Darvozabon: Emiliano Martines (“Aston Villa”)
Ha, ko‘zlaringiz yaxshi ko‘rmoqda. Bizningcha, birmingemliklarning yangi darvozaboni mavsumni raqobatdoshlaridan ko‘ra muvaffaqiyatliroq o‘tkazdi. Quruq o‘yinlar soniga e’tibor qaratsak, ularning soni 16 ta ekanligini ko‘rishimiz mumkin. “Villa Park” egalari buyuk o‘tmishi bo‘lishiga qaramay, ayni paytda APLning o‘rtamiyona jamoalari qatorida e’tirof etiladi. Shu sababdan, ushbu jamoaning bu qadar ko‘p golsiz o‘yinlar o‘tkazishi hayratlanarli holat. Bunda darvozabon effekti etakchi o‘rinda, mavsum davomida barchamiz ko‘rdik.
U to‘plarni qaytarish foizi bo‘yicha uchinchi, o‘tkazib yuborilgan gollari soni bo‘yicha esa, 2-o‘rinda turgan bo‘lishi mumkin. Ammo u ijro etgan seyvlar salmog‘i qolganlarnikidan ustunroq. Uning say’-harakatlari natijasida, Din Smit shogirdlari uzoq vaqt Premer-liganing yuqori o‘rinlarida bordii.
Chap qanot himoyachisi: Lyuk Shou (“Manchester Yunayted”)
Shou faoliyati avvalidagi jarohatlar girdobidan qutulib, o‘zidan kutilgan o‘yinlarni namoyish eta boshladi. Stabillik nuqtayi nazaridan u joriy mavsumning eng yaxshi chap qanot himoyachisi bo‘ldi. Ushbu pozitsiyada unga Ben Chiluell raqobat tug‘dirishi mumkin edi, ammo u Tuxel kelgach, juda ko‘p o‘yinlarni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazib yubordi. Robertsonda mavsum u qadar notekis kechmagan bo‘lsa-da, uning harakatlari avvalgilari kabi yorqin bo‘lmadi.
Himoyaviy ko‘rsatkichlardagi ustunligidan tashqari, Lyuk mavsum davomida 5 ta assistni ham o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Markaziy himoyachi: Ruben Diash (“Manchester Siti”)
Ushbu ramziy terma jamoaning har qanday futbolchisiga e’tirof bildirish mumkin bo‘lgan taqdirda ham, Rubenga nisbatan bunday qilolmaymiz. O‘zining debyut mavsumidayoq yangi jamoasidagi yagona ojiz nuqta - markaziy himoyani tartibga solgan portugaliyalikni tarkibimizga kiritmasligimiz mumkin emasdi.
Darvozabonni istisno etganda, Diash 32 ta o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, mavsumdagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Pep oldida Aymerik Lyaport, Natan Ake, Jon Stounz va Erik Garsiya kabi variyantlar borligiga qaramay, Diash doimiy tarzda maydonga tashlandi. Kompanidan keyingi muvaffaqiyatsiz mavsumdan so‘ng, “shaharliklar” oldindagi dekada uchun yana bir mudofaa etakchisini topgan ko‘rinadi.
Markaziy himoyachi: Uesli Fofana (“Lester”)
Ochig‘i, Ueslining tarkibdagi eng munozarali futbolchi ekanligini o‘zimiz ham anglab turibmiz. Ammo uni mavsumni ajoyib o‘tkazgan “Lester”dan nomzod sifatida ham eng yaxshi 11 talikda e’tirof etishga qaror qildik.
20 yoshli futbolchi Premer-ligaga ushbu mavsumdagina tashrif buyurdi va debyut mavsum muvaffaqiyatli chiqdi.
Markaziy himoyachilarga xos agressiyaga to‘la futbolchining bu qadar yaxshi harakat qilishini uni jamoaga olib kelgan Brendan Rojersning o‘zi ham kutmagan bo‘lsa kerak.
Fofana har bitta o‘yinda o‘rtacha 2,2 marotaba raqiblaridan to‘pni olib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u 4-o‘rinda, ammo yuqoridagilar, asosan, tayanch yarim himoyachilari. Markaziy himoya vakillari orasida frantsuz himoyachisi etakchilardan biri.
O‘ng qanot himoyachisi: Joau Kanselu (“Manchester Siti”)
Bir mavsum ichida Pepning uslubini tushunib, uning beminnat yordamchisiga aylangan Kanseluni ramziy jamoamizning o‘ng qanotiga joylashtirdik. Aslida, u mavsum davomida chap qanotda ham ko‘p marotaba maydonga tushdi. Ammo baribir portugaliyalik o‘ng qanot vakili.
Joau loteral qanot himoyachisi sifatida o‘ta samarali futbol namoyish etdi. Gvardiolaning taktik futbolida u kabi moslashuvchan futbolchi juda qadrlanadi. 3 ta markaziy himoyachi bilan harakat qilingan paytlarda Kanseluni vinger sifatida ham ko‘rdik. Qisqasi, u deyarli barcha pozitsiyalarda “shaharliklar”ga yordam berishi mumkin bo‘lgan yuqori sifatli futbolchiga aylandi.
Markaziy yarim himoyachi: Ilkay Gyundogan (“Manchester Siti”)
Germaniyalik futbolchi uchun ushbu mavsum “Siti”dagi faoliyati davomidagi eng yaxshisiga aylandi. Gvardiola Ilkaydan qanday foydalanishni mana endi anglab etgandek. Ayniqsa, mavsum o‘rtasida yarim himoyachining goleadorlik funktsiyalari yaxshi ishlab ketdi va raqiblari darvozasiga gollarni qalashtirib tashladi. “Boksing dey” deb atalgan tig‘iz taqvim vaqtidagi bu gollar amalda “Siti”ning chempionligida katta o‘rin tutdi.
E’tibor bering, qish davomida o‘tkazilgan 12 ta o‘yinda “Gyundo” 11 ta gol urishga erishdi. Asli pozitsiyasi sof markaziy yarim himoyachi bo‘lgan futbolchi uchun ushbu statistika juda yaxshi, nazarimizda.
U taktik tarafdan ham juda foydali ishlarni amalga oshirdi. Jamoa hujumdaligi paytida to‘pni oldirib qo‘ygan taqdirda, 30 yoshli futbolchining pressingdagi harakatlari shaxsan Gvardiola tomonidan uqtirilgani ko‘rinib turadi. U raqibga tashlangan jamoadoshlarining ortida turgan holda, raqibning kelgusi harakati yo‘lini to‘sishga urinadi. Bu orqali u to‘pni olib qo‘yishni yoxud qarshi hujumni maksimum sekinlashtirishni maqsad qiladi.
Markaziy yarim himoyachi: Tomash Souchek (“Vest Xem”)
Souchekni ko‘pchiligingiz tanimasligingiz ham mumkin. “Vest Xem”ga o‘tgan mavsumning yarmida ijara shartnomasi asosida “Slaviya” Pragadan kelib qo‘shilgan tayanch zonasi vakili effektiv futboli bilan barchani o‘ziga qaratishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada, “bolg‘achilar” u bilan to‘liqligicha shartnoma tuzishga qaror qildilar. Bunga javoban, chexiyalik futbolchi maydon markazining APLdagi eng yaxshilaridan biriga aylandi. So‘nggi turlargacha, shimoliy londonliklarda Evropa Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olish imkoniyati bor edi. Yakuniy natija ham u qadar yomon emas: Evropa Ligasi chiptalari.
Tomash 450 marotaba yakkakurashlarda g‘alaba qozongan va bu kabi natijani Premer-ligadan boshqa topa olmaysiz. 10 ta gol tayanch zonasi vakili uchun sal ko‘proq emasmi? Gap shundaki, ingliz vunderkindi Deklan Raysning orqada qolishi uning sherigiga bemalol hujumga yordam berish imkoniyatini taqdim etmoqda. E’tiborlisi, bu harakatlar foyda ham beryapti. To‘liqligicha ushbu e’tirofga haqli nomzod!
Markaziy yarim himoyachi: Brunu Fernandesh (“Manchester Yunayted”)
So‘nggi yillarning eng omadli transferlaridan biri deb bemalol aytishimiz mumkin bo‘lgan Brunu Fernandesh o‘tgan mavsumdagi harakatlari shunchaki tasodif emasligini isbotlab qo‘ydi. O‘tgan mavsumda ham yodingizda bo‘lsa, uni yarim mavsumlik harakatlari sabab mavsum ramziy terma jamoasiga kiritgan edik.
Joriy mavsumda portugaliyalik yarim himoyachining o‘yini yanada shakllanib, jamoasining chempionlik kurashiga katta yordam berdi. Ha, eng katta missiya bajarilmadi. Hamshahar klub birinchi o‘rinni egallab ketdi. Brunu urgan 18 ta gol va amalga oshirgan 11 ta assist o‘zining shaxsiy statistikalarini bezabgina qolmadi. U bizniki kabi ko‘plab ramziy terma jamoalardan o‘rin oldi.
U 36 ta xavfli vaziyatlarni yaratdi va bu borada liganing ikkinchi futbolchisi bo‘lib turibdi. Aqlli uzatmalar soni (91 ta) bo‘yicha ham 2-pog‘onani band etib turibdi. U raqib jarima maydoni atrofidagi aniq uzatmalar soni (117 ta) va assistdan avvalgi uzatmalar soni (7 ta) bo‘yicha ham APLda yagona ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi.
O‘ng qanot hujumchisi: Muhammad Saloh (“Liverpul”)
Yuqorida juda ko‘plab futbolchilar haqida gapirganimizda, jamoasining muvaffaqiyatsizliklari ularning yaxshi o‘yin ko‘rsatishiga va yaxshi natijalarga erishishiga halaqit bermagani haqida gapirib o‘tdik. Muhammad Saloh ham mana shu tipdagi futbolchilardan biri. Mavsumni etakchilarining jarohatlari sabab katta yo‘qotishlar bilan arang EChL zonasida tugatgan “Liverpul”ning eng stabil futbolchisi misrlik hujumchi bo‘ldi.
Mavsum davomida 22 ta gol urgan hujumchi to‘purarlar poygasini ikkinchi o‘rinda yakunladi. Bularga qo‘shimcha tarzida, 5 ta golli uzatma ham Salohning hisobida turibdi.
Chap qanot hujumchisi: Son Xyon Min (“Tottenxem”)
Chempionat yakuniga kelib ancha ko‘rinmay qolganiga qaramay, umumiy fonda koreyalik futbolchi fantastik mavsum o‘tkazdi. Jami 17 ta gol va 10 ta assist. Bu kabi statistikani u bilan bir xil pozitsiyada harakat qilganlarning hech birida ko‘rmaysiz. Mourinoning qo‘l ostida u samaraliroqdek ko‘rinayotgandi. Ta’bir joiz bo‘lsa, u portugaliyalik mutaxassisning sehrli tayoqchasiga aylanib olgandi.
Yakunda, baribir unga mega.lduzlarga xos barqarorlik etishmadi. Shu sababli, endi u jamoasi bilan yangi tashkil etilgan Konferentsiyalar Ligasida o‘ynashga majbur. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, u mavsum avvalida yaxshiroq harakat qilgandi. Dastlabki 9 ta o‘yinda 10 ta gol: barcha shokda edi. Keyin esa, barchasi o‘tkinchi ekanligi ma’lum bo‘lib qoldi.
Markaziy hujumchi: Xarri Keyn (“Tottenxem”)
Xarri bu mavsumni engil qushdek o‘tkazdi. Ha, aynan shunday. Undan murabbiylar doimiy ravishda markaziy hujumchi - 9-raqamlilar ishini bajarishni talab qilaverishar edi. U esa o‘zi kiyib olgan 10-raqamga mos futbol qilishni ko‘proq xush ko‘radi. Mana joriy mavsum Mourino unga shunday erkinlik, ijodkorlikni berdi. Ingliz forvardi esa 27 yoshga kelib, birinchi marotaba o‘zligini topgandek ko‘rindi.
Keynning yakunlovchi qobiliyatini qanchalik maqtasak, uning yaratuvchilik jihatini ham xuddi shunday eslab o‘tishimiz darkor.
Uning ajoyib mavsumi 23 ta gol bilan eng yaxshi to‘purarga aylangani bilan cheklanib qolmaydi. Mavsum davomida 14 ta assistga mualliflik qilgan Xarri bu borada ham etakchi. Fantastika!
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar