SPORTS.uz talqini bo‘yicha Millatlar Ligasida hafta ramziy terma jamoasi

  • 15 oktabr, 2020, 16:39
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ushbu hafta davomida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari terma jamoalar yig‘ini doirasida UEFA Millatlar Ligasining 3-4-tur bahslari o‘tkazildi. Odatga ko‘ra, ikkita tur yakunlari bo‘yicha ramziy terma jamoani e’tiboringizga havola etamiz.

Tecno

 

Murabbiy: Kasper Xyulmann (Daniya)

Ushbu mavsumdan Daniya bosh murabbiyligini qo‘lga olgan Kasper Xyulmanning erishgan yutuqlari maqtashga arzigulik emas. “Norshellan” bilan Daniya chempionligini qo‘lga kiritganidan so‘ng, boshqa titul yutishga muvaffaq bo‘la olmadi. 

Milliy terma jamoaning unga ishonib topshirilishida ham ko‘proq vaziyat taqozosi bosh faktor bo‘ldi. Sababi, bosh murabbiysiz qolgan jamoani hech kim Evropa Chempionatiga boshlab borib, mag‘lubiyatga uchrab qaytishni xohlamaydi. 

Islandiya va Angliya ustidan qozonilgan g‘alabalar Xyulmannga nisbatan ishonchimizni yana bir pog‘ona ko‘tardi.

photo_2020-10-15_16-31-08

Darvozabon: Rui Patrisiu (Portugaliya)

2 ta o‘yinda quruq o‘yin namoyish etgan darvozabonni A liga bahslaridan topish qiyin. Daniya posboni Kasper Shmeyxelda ham Patrisiuniki bilan bir xil ko‘rsatkich. Ammo “Vulverxempton” a’zosining jamoasi natijalariga qo‘shgan hissasi salmoqliroqdek ko‘rindi. Har ikki o‘yinda uchtadan seyvni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan Patrisiu bizningcha joriy terma jamoalar yig‘inining eng yaxshi kiperi.

photo_2020-10-15_16-31-08 (2)

Chap qanot himoyachisi: Robert Skov (Daniya)

Daniya so‘nggi ikkita turdagi g‘alaba orqali nafaqat A ligada qolish masalasini hal qildi. Balki, pley-off yo‘llanmalari uchun ham kurasha boshladi. Endi u Angliya bilan birga guruh peshqadami bo‘lib turgan “qizil iblislar”ni ta’qib qilmoqda.

“Quruq o‘yin”larda hissador bo‘lishi bilan birga Skov o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘yishga ham muvaffaq bo‘ldi. 

photo_2020-10-15_16-31-09

Markaziy himoyachi: Leonardo Bonuchchi (Italiya)

Italiya har ikkala o‘yinda ham durang o‘ynadi va ularni ochko yo‘qotdi, deb aytsak xato bo‘lmaydi. Himoya o‘z vazifasini a’lo darajada uddaladi. Van de Bek gol urgan vaziyatda “moviy eskadra” mudofaasi vakillari yanada xavfliroq vaziyatni bartaraf etishgandi. Ammo takroriy zarbani to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmadi. 

Gol o‘tkazib yuborish futboldagi doimiy protsess. Agar hujumdagilar o‘z vaqtida gol urib tursa, o‘tkazib yuborilgan birgina gol g‘alabaga to‘siq bo‘la olmasdi. 

Bonuchchi “Skuadro adzuro”ning veteran himoyachilaridan biri sanaladi. U har ikki uchrashuvda ishtirok etib, o‘z darajasida o‘yin namoyish eta oldi. 

42a67-Bonuchchi

Markaziy himoyachi: Ruben Diash (Portugaliya)

Portugaliyaliklar markaziy himoyachisi, ayniqsa, Frantsiyaga qarshi bellashuvda e’tiborimni tortdi. Yosh bo‘lishiga qaramay, himoya etakchisi bajarishi lozim bo‘lgan barcha ishlarni og‘ishmay amalga oshirmoqda. 

Gvardiola o‘zi izlagan ishonchli fulbekni Diashda topsa ajab emas. 

photo_2020-10-15_16-31-09 (2)

O‘ng qanot himoyachisi: Joau Kanselu (Portugaliya)

Futbolda shunday tipdagi o‘yinchilarni ko‘p uchratganmiz: ular klub safida boshqacha, terma jamoada esa umuman boshqacha futbol namoyish etishadi. Kanselu o‘z vatani uchun boshqacharoq jon kuydirib harakat qiladimi, yoki boshqa sabab - “Manchester Siti”dagidan kuchliroq harakat qilayotgandek tuyuladi. Shvetsiyaga qarshi kechgan uchrashuvda u yana bir ajoyib golli uzatmani amalga oshirdi.

photo_2020-10-15_16-31-09 (3)

Markaziy yarim himoyachi: Nikola Vlashich (Xorvatiya)

O‘rni bo‘lmasa ham aytib o‘taman, Vlashich Moskva derbisida Oston O‘runov tomonidan ajoyib tarzda aldab o‘tilishi orqali yodimda qolgan. “Armiyachilar” etakchisi Rossiya Premer-ligasining eng yaxshi legionerlari safiga kiradi. 

Xorvatiyaning joriy hafta Millatlar Ligasida o‘tkazgan ikkala o‘yinida ham Vlashich gol urishga erishdi. Loris darvozasini ishg‘ol etishi esa shu qadar ajoyib tarzda amalga oshirildiki, hatto tajribali posbon to‘p yo‘nalishini aniqlay olmadi. 

photo_2020-10-15_16-31-09 (4)

Markaziy yarim himoyachi: Uilyam Karvalyu (Portugaliya)

Portugallar ramziy terma jamoamizdan ko‘p joy olishi odat tusiga kirib qolib ulgurdi. Chunki, ushbu terma jamoa Millatlar Ligasida boshqacha ishtiyoq va intilish bilan harakat qilmoqda. Har bir pozitsiyadagi futbolchi o‘z ishini a’lo darajada bajarmoqda. Ularning hammasi ham ramziy jamoamizdan o‘rin olishga haqli. Biz eng munosiblarinigina tanlashimiz lozim.

photo_2020-10-15_16-31-10

Hujumkor yarim himoyachi: Kristian Eriksen (Daniya)

Faoliyati chiroyli yakun topmayotganlar futbolda etarlicha. Kasorla, O‘zil, Sanches va hokazo. Ular qaysidir nuqtada jamoalarini almashtirishda noto‘g‘ri qaror qabul qilishadi. Eriksen bilan ham shunday holat sodir bo‘lmasligini chin dildan istardim. U “Tottenxem”dan mojarolar bilan ketdi. Tripper bilan ham shunday holat yuzaga keldi. Ha, “shporlar” rahbariyatining kurakda turmaydigan siyosati haqida ko‘plab gaplar yuradi. Ammo boshqa jamoaga o‘tish maqsadidagi Eriksen biroz shoshdi. “Inter” uning ijodkorlik qobiliyatiga imkon yaratib beradigan klub emasdi. 

Daniyadagi quvnoq futbolchini klubda ko‘rmayapmiz. Mana u terma jamoasi g‘alabasiga yana gollari bilan hissa qo‘shishda davom etmoqda. “Inter”dagi faoliyati esa so‘roq ostida.

photo_2020-10-15_16-31-10 (2)

Chap qanot hujumchisi: Killian Mbappe (Frantsiya)

Ronalduga qarshi to‘qnash kelishni necha yillab kutgan Mbappe orzusi ushalgan kunda kumiridan yaxshiroq harakat qila oldi. Chap qanotdan uyushtirgan reydlari so‘nggi palladagina to‘xtatib qolindi. 

Xorvatiyaga qarshi o‘yinda esa kerakli paytda, kerakli joyda paydo bo‘lishi natijasida gol urib ketdi. U tobora yuqoriga qarab intilmoqda. Ammo Ronaldu darajasiga etishi uchun uzoq yillik mehnat va Messiga o‘xshagan raqobatchi kerak. 

photo_2020-10-15_16-31-11

O‘ng qanot hujumchisi: Diogu Jota (Portugaliya)

Ramziy terma jamoamizdagi so‘nggi portugaliyalik. Shvetsiyaga qarshi bellashuvda u dubl muallifiga aylandi. Ronalduning koronavirusga chalingani bois kichik qiyinchiliklarga uchrashi taxmin qilingan Santush shogirdlari, aksincha, ikki barobar kuch bilan oldinga tashlanishdi.

Jota “Liverpul”da o‘z o‘rnini topa bilishiga ishonch uyg‘otmoqda. Klopp etakchilari yo‘q bo‘lgan paytda unga suyanishi mumkinligini ham o‘zi uchun qayd qilib qo‘ygan bo‘lsa kerak.

photo_2020-10-15_16-31-11 (2)

Markaziy hujumchi: Romelu Lukaku (Belgiya)

Lukaku o‘zi yoqtirgan futbolni namoyish etishda davom etmoqda. Yaqin oylar ichida belgiyalik forvarddan super sermahsullik ko‘rmoqdamiz. So‘nggi ikkita o‘yinda 3 marotaba raqib posbonlarini ranjita oldi. 

Angliyaga qarshi o‘yindagi reydi va ishlab olgan penaltisi esa shunchaki tahsinga sazovor. 

photo_2020-10-15_16-31-12

photo_2020-10-15_14-43-06

Millatlar Ligasi 3-4-turlarida porlagan futbolchilarni bir jamoa ostida birlashtirishga harakat qildik. Shu bilan terma jamoalar futboli bizni yana bir oyga tark etmoqda. Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan FIFA kunlari doirasida ushbu musobaqaning hal qiluvchi so‘nggi turlari bo‘lib o‘tadi. Ungacha esa futbolchilar klublari ixtiyoriga yo‘l olib, qizg‘in mavsumni davom ettiradi.

 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!