Sport zalidan boshlangan sevgi qissasi, Dubaydagi omadli "Asal oyi", 17-raqam bilan bog‘liq qiziqarli holat haqida Doston Hamdamovning turmush o‘rtog‘i bilan intervyu

  • 1 fevral, 2022, 17:31
  • Javokhir Azimov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz eksklyuziv intervyularni davom ettiradi! Bungacha o‘zbek va xorij sportining mashhur vakillari bilan intervyular uyushtirgan saytimiz endi sportchilarimizning turmush o‘rtoqlarini suhbatga tortmoqda. Bizning navbatdagi mehmonimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Qatarning "Al-Sayliya" klubi yarim himoyachisi Doston Hamdamovning turmush o‘rtog‘i - Sevinch Hamdamova.

Tecno

Asosiy savollarni boshlashdan oldin o‘zingiz haqingizda aytib bersangiz. 

Men Xamdamova Sevinch, 1998 yilning 17 avgust sanasida Toshkent shahrida tug‘ilganman. Yaqinda Toshkent xalkaro Vestminster universitetini Biznes Menejment yo‘nalishini tamomladim. 

Turmush o‘rtog‘ingiz bilan qanday tanishgansiz?

Tanishganimizga ikki, to‘yimizga 1 yil bo‘ldi. Sovchilar orqali tanishganmiz va bir-birimizni yaxshi ko‘rib turmush qurganmiz. Ular meni 2019 yil sport zalida ko‘rib qolgandilar. Jarohat tufayli "Paxtakor"dagi jamoadoshlaridan alohida fitnes zalida mashg‘ulot o‘tardilar. Men ham o‘z sog‘lig‘im uchun xuddi o‘sha zalga qatnar edim. O‘sha erda meni birinchi ko‘rishlaridayoq sevib qolganlar. (O‘zlarining aytishicha, yuragidan urgan ekanman!) Taxminan 2 haftacha kuzatgan va keyin ko‘nglimga yo‘l topishga harakat qilganlar. 

O‘shandan keyingi birinchi uchrashuvingiz haqida gapirsangiz. Ulardan olgan va bergan birinchi sovg‘angiz nima bo‘lgan?

Umuman olganda, sport zalida ko‘rishganimiz hisobga o‘tsa kerak. U erda men bilan gaplashishga, e’tiborimni qozonishga, til topishishga harakat qilar edilar. Bevosita birinchi uchrashuv esa, kafeda bo‘lgan. Menga bergan ilk sovg‘alari albatta gul. Menimcha, yigitlarning hammasi birinchi bo‘lib gul bersa kerak. Men esa ularga atir sovg‘a qilganman. O‘shanda 24 iyul tug‘ilgan kunlari edi.

photo_2022-01-31_15-53-52

O‘zi ular bilan tanishishdan oldin futbolga qiziqqanmisiz? 

To‘g‘risini aytsam, futbolni juda ham yomon ko‘rardim va umuman qiziqmasdim. Hozir ishonmasligingiz mumkin, ammo men O‘zbekistonda futbolchilar yo‘q deb o‘ylar edim. Bunga oila a’zolarimning ham futbolga qiziqmasligi sabab bo‘lgandir. Doston akam: "Meni taniysizmi, qaerdadir eshitganmisiz", deb savol bergan edilar. O‘shanda "yo‘q", deb javob berganimda hayron qolgandilar va hatto, ishonmagan bo‘lsalar ham ajab emas. 

Ishonaman! Boshqa ba’zi futbolchilarning ayollari ham qiziqmagan ekan...

Chunki bu sportning ko‘proq erkaklar ko‘radigan turi-da.

Turmush o‘rtog‘ingiz Dubay klubida o‘ynagan. Siz ham ular bilan borganmisiz?

Ha, men ular bilan birga edim. Chunki biz to‘ydan keyin Dubayga "Asal oyi"ga borgan edik. Ammo taqdir taqozosi bilan u erda 6 oy qolib ketdik. Turmush o‘rtog‘imga BAA klublaridan qiziqish bo‘lgan ekan. Shu-shu ancha paytgacha boshqa davlatda yashashimizga to‘g‘ri kelgan.

Dubayda turmush o‘rtog‘ingiz ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rish uchun stadionga tushganmisiz? Umuman u erda yashash sizda qanday tasurotlar qoldirgan? O‘rganish qiyin bo‘lmaganmi?

Pandemiya tufayli stadionga bora olmaganman. Chunki ular harakat qilgan klub atrofidagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sal yomonroq edi. Shunga qaramay, har doim ularning o‘yinlarini kuzataman, uyda o‘tirib "podderjka" kilaman. Dubay menga juda ham yoqqan. Shahar chiroyli, ob-havosi, insonlari menga ma’qul kelgan. Qiyinchilik umuman bo‘lmagan umuman. Har ikkalamizning moslashuv jarayonimiz ancha oson kechgan.

doston

Birlashgan Arab Amirliklaridan tashqari qaysi davlatlarda bo‘lgansiz?

Qozog‘iston, Tailand, Turkiya, Hindiston va BAA.

Doston Hamdamov yaqindagina "Al-Sayliya" klubiga o‘tdi. Siz ham ular bilan birga ketmadingizmi?

Yo‘q, men hozir O‘zbekistondaman. Chunki ular milliy terma jamoa bilan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashish uchun ketgandilar. O‘sha erdan yo‘l-yo‘lakay Qatarga ketdilar va hozir koronavirus tufayli Dubayga qaytib kela olmayaptilar. Lekin Xudo xohlasa, vizam chiqishi bilan BAAga boraman, ungacha ular ham kelib qolsalar kerak.

"Instagram"da Eldor Shomurodov hamda Jaloliddin Masharipovning ayollari bilan videolaringizni ko‘rgan edim. Ular bilan qanday tanishgansiz? 

Shomurodova bilan turmush o‘rtoqlarimiz orqali, Masharipova bilan esa o‘zimiz tanishganmiz. Chunki o‘sha paytda turmush o‘rtoqlarimiz birgalikda "Paxtakor" sharafini himoya qilar edi. Ularning har ikkisi bilan juda yaxshi aloqadamiz.

doston5 (1)

Umuman olganda, qaysi futbolchilarni ayollari bilan gaplashib turasiz?

To‘g‘risi, juda ko‘pchilikni tanimayman. Biladiganlarim Suyunova, Hamrobekova. Chunki ular bilan qo‘shnimiz. Bundan tashqari, Sobirxo‘jaevani taniyman va Ashurmatova bilan hali ko‘rishib, yaqinroq tanishishga ulgurmadik. 

Oldingi intervyularda futbolchini ayoli bo‘lish qiyin degan fikr aytilgandi. Siz bunga qo‘shilasizmi?

Ha, qo‘shilaman. Chunki ba’zi paytlarda turmush o‘rtog‘imizni oylab, hatto 1 yilgacha ko‘rmaymiz. Misol uchun, Doston akamni ko‘rmaganimga 1 oydan oshdi. Ammo ayrim qizlar futbolchilarning turmush o‘rtoqlariga havas qilishadi, ularda hammasi ideal deb o‘ylashadi. Yo‘q, bu ham o‘ziga yarasha qiyin.

Kelajakda o‘g‘lingiz shu sohani tanlashiga qanday qaraysiz? Yoki qizingiz futbol yoki boshqa sport turini tanlashiga munosabatingiz qanaqa?

Men bunga ijobiy qarayman va qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Ular shuni tanlasa, bu amalga oshishi uchun bor kuchim bilan harakat qilaman. Lekin xo‘jayinim buni istamaydilar. "Men ko‘rgan qiyinchiliklarni u ham boshidan o‘tkazishini xohlamayman" deydilar. Balki keyinchalik fikrlari o‘zgarar...

dosik_1

Ajoyib, lekin ko‘pchilik bu narsa qarshi bo‘ladi...

Qilayotgan ishini o‘zi sevsa, men hech qachon qarshi bo‘lmayman!

Yuqorida turmush o‘rtog‘ingiz o‘zi o‘tgan qiyinchiliklardan farzandlari o‘tishini xohlamasligini aytdingiz. Sizningcha, Doston Hamdamov futbolchilik faoliyati davomida shu sohani tanlaganidan afsuslangan paytlari bo‘lganmi? 

Balki afsuslagandir, lekin ular hech qachon buni bildirmaydilar, harakterlari shunaqa. Aksincha, o‘z sohasini ustasi bo‘lishga yanada ko‘proq kuch bilan harakat qiladilar. Qachondir farzandimiz futbolchi bo‘lishni istasa, bilgan narsalarining barchasini o‘rgatsalar kerak deb o‘ylayman.

Turmush o‘rtog‘ingiz bilan birorta qiziqarli voqeani aytib bera olasizmi?

Voqea emas-ku, lekin men uchun qizikarli tomoni men 17 avgustda tug‘ilganman, ular 17-raqamda o‘ynaydilar. 

doston hamdamov ayoli bn formada

Doston Hamdamovni ayoli 3 ta sifat bilan qanday ta’riflaydi?

Nafaqat uchta, undan ham ko‘proq aytaman:
1. Mehribon;
2. Juda mas’uliyatli;
3. Hech qachon, hech kimdan yordamini ayamaydigan;
4. Mehnatsevar;
5. Halol;
6. Uyatchang va so‘ngisi O‘zbekistondagi eng yaxshi futbolchilardan biri.

So‘nggi va hazil savol o‘tsak: Doston Hamdamov yutqazib qo‘ygan o‘yinlaridan keyin mashhur kinodagidek tosh oynani izlab, jig‘ibiyron bo‘lmaydimi? O‘zi umuman, bunday hollarda unga qanday yordam berasiz?

Agar jamoasi mag‘lubiyatga uchrab, kayfiyatsiz kelsalar har doim dalda berishga harakat qilaman. "Bu - futbol! To‘pni qaerga tepsa, o‘sha erga boradi. Siqilmang, hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Mayli, bir safar yutqazib beribsizlar, har doim yutaverasizlarmi?!", deb hazillashaman. 

Kayfiyatlarini ko‘tarish qiyin emasmi? Mag‘lubiyat ba’zi insonlarga juda qattiq ta’sir qiladi...

Agar juda ham muhim o‘yin bo‘lsa, men ham gapirmaslikka harakat qilaman. O‘zlarini biroz muddatga yolg‘iz qoldirish tarafdoriman.

Intervyuga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat!

Arzimaydi!

To‘yida "krossovka" kiygan, pazandalikka qiziquvchi yurist yoxud Rustam Ashurmatovning turmush o‘rtog‘i bilan intervyu

Koreyada stadionga borolmaganman, o‘yinlarini ko‘rishga qo‘rqaman, O‘zbekiston va Koreyadan birini tanlash mushkul - Ikrom Aliboevning turmush o‘rtog‘i bilan intervyu

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Аббосхон Ахмедов
01/02/2022 18:53
Fudbolchilarni Ayolini chaqirib rasmini quyib xamaga koz koz qilish yaxshimi? Ayolini rashq qilmasa qizgonmasa xar qandayn Erkak dayus buladi. Janat unga xarom boladi. Unga jaxanam duzoxdan abadiy joy ajratiladi. Allohdan qurqinglar