"So‘g‘diyona" futbolchisi: "Hech qachon murabbiy tanlamayman, vahimali narsa bo‘lgani yo‘q"

  • 17 aprel, 2023, 09:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“So‘g‘diyona” jamoasi chempionatni qanday boshlaganini bilasiz-a? Jizzaxliklar 6 turdirki, g‘alabadan yiroqda. 2 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etib, mahalliy ishqibzlarini ranjitmoqda.

Tecno

Kuni kecha Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda “So‘g‘diyona” yana mag‘lubiyatga uchradi. Holbuki, 7-daqiqada raqib futbolchisi maydondan chetlatilgandi. Shunda ham “So‘g‘diyona” son jihatdan ustunlikka ega bo‘lsa-da, baribir mag‘lubiyatga uchradi.

Ushbu bahsdan keyin “Paxtakor”ga qarshi to‘p surgan “So‘g‘diyona” a’zosi Bobur Yo‘ldoshevga savollar yo‘lladik.

- “So‘g‘diyona” “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda deyarli bir futbolchi ko‘p bo‘lib o‘ynaganiga qaramay yutqazib qo‘ydi. Uchrashuv xususida nima degan bo‘lardingiz?

- Bilmadim, taassurot qanaqa bo‘lishi mumkin? Yutqazgan jamoada taassurot qanday bo‘lishini o‘zingiz bilasiz. 10 futbolchi bo‘lib ham raqib yutdimi, demak ular kuchli. “Paxtakor”ning saviyasi bizdan ko‘ra boshqacha. Yangi murabbiy keldi, hali hammasi oldinda deb o‘ylayman. U xohlayotgan narsani qilsak, hammasi joyiga tushib ketadi.

bobur3

- Boshkovichning uslubiga ko‘nikish qiyin kechyaptimi?

- Shaxsan menga qiyin emas. Kim bilan ishlashning ahamiyati yo‘q. Talab qilayotganlarini bajarishga harakat qilyapmiz. Qolganlar ham murabbiyning talabini tushunsa va amalda bajarsa, hammasi joyiga tushib ketadi. Ivan Boshkovich yaxshi saviyadagi murabbiy.

- Yorqin Nazarovning iste’fosini jamoadagilar qanday qabul qildi?

- Bu futbolda bo‘ladigan narsa. Faoliyatimiz mobaynida oldin ham bo‘lgan. Qanday qabul qilish kerak? Rahbariyat shuni lozim topishdi. Futbolchilarni oddiy ishchidek hisoblasak, kim kelishidan qat’iy nazar hamma o‘z ishini qilishi kerak. Menda unaqa narsa yo‘q, hech qachon murabbiy tanlamayman. Hamma vaqt natija ko‘rsatishga va murabbiyning talabini bajarishga harakat qilamiz.

bobur1

- “So‘g‘diyona” 6 ta o‘yindirki, hali ham g‘alaba qozona olgani yo‘q. Jamoaning bunday starti ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Buni nima bilan izohlaysiz?

- Avvalo, hammasi Allohdan. Taqdirga shu narsa bitilganmi, demak, shunday bo‘lishi kerak. Bundan hech kim qochib qutula olmaydi. Ko‘p joyda omad ham yuz o‘giryapti. Oldingi o‘yinlarimizga qaraydigan bo‘lsak ham o‘yin tomonlama yomon taassurot qoldirmaganmiz. Faqat yaratilgan vaziyatlardan foydalanish kerak. Futbolda hamma narsa doim ham bir tekisda bo‘lavermaydi. Tushkunlikka tushmasdan harakatni davom ettirish kerak. Hali oldinda uchrashuvlar ko‘p. Vahimali narsa bo‘lgani yo‘q.

- Yorqin Nazarovdan keyin Ivan Boshkovich kelgach, jamoada qanaqadir o‘zgarish sezildimi?

- Hammani o‘zining uslubi bor. Yorqin aka o‘zini talabi bor edi, Boshkovichni ham o‘ziga yarasha talablari mavjud. Talabga qarab o‘zgaraveradi. Futbolchilar o‘sha-o‘sha. Faqat murabbiylar shtabi almashgan. Boya aytganimdek, oldingi murabbiyni talabi boshqa edi, endi bunisiniki boshqa.

bobur2

- Ijobiy natijalarni kutayotgan muxlislarga qanday gapingiz bor?

- O‘zimiz ham hijolatdamiz. Mening faoliyatimda hali bunaqa start bo‘lmagandi. Albatta, muxlislarimizni xursand qilishga qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. Sabr qilish kerak, hammasi joyiga tushib ketadi. Barchasi oldinda.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!