
Shomurodovga yangi missiya yuklandi!
Italiya chempionatining 32-turidan o‘rin olgan eng keskin va murosasiz to‘qnashuv Rim derbisida bo‘lishi kutilmoqda. Bu bahsda poytaxtning ikki jamoasi Evropa Chempionlar ligasining kelasi mavsumiga beriladigan yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkonini saqlab qolish uchun o‘zaro kuch sinashadi.
Ayni paytda bo‘lajak uchrashuvga mezbonlik qiladigan “Latsio” 55 ochko bilan oltinchi o‘rinda bormoqda. Bir pog‘ona pastda joylashgan “Roma” hisobida 53 ochko mavjud.
Chempionatdagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 15 ta uchrashuvga etkazgan Klaudio Raneri shogirdlari kuchli to‘rtlikka kirish imkoniga ega bo‘lish uchun keyingi paytda beqaror o‘ynayotgan “Latsio”ni nima qilib bo‘lsa ham engishi kerak.
“Roma” faoliyatini yoritayotgan manbalar va bu klub o‘yinlarini tahlil qilib borayotgan mutaxassislar bo‘lajak derbida ko‘p narsa ikki hujumchi – Eldor Shomurodov va Artyom Dovbikning o‘yiniga bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.
Sports.uz portali Italiya matbuotida yoritilayotgan Rim derbisiga oid ma’lumotlar, talqinlar va tahlillarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- “Roma”da hech kim Eldor Shomurodovchalik jamoa o‘yinini o‘zgartirib yuborishga etadigan ta’sir kuchiga ega emas. Raneri “bo‘rilar”ni qabul qilib olganidan beri zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan futbolchilar 11 ta to‘p kiritdi va bu gollarning to‘rttasi o‘zbek hujumchisiga to‘g‘ri keladi.
“Yuventus”ga qarshi o‘tkazilgan qiyin uchrashuvda 14-raqam egasi maydonga tushganidan to‘rt daqiqa o‘tib hisobni tenglashtirgan gol muallifi bo‘ldi.
Shomurodov Evropa ligasi doirasida ham ikki bor ana shunday qahramonlik ko‘rsatgan. 29 yoshli forvard zaxiradan tushib, dastlab guruh bosqichida “Ayntraxt, keyin pley-offda “Atletik” darvozasini ishg‘ol qilgandi.
“Roma” etakchisi Paulo Dibala yo‘qligini inobatga olgan holda Klaudio Raneri “Latsio”ga qarshi Artyom Dovbik va Eldor Shomurodovni ilk daqiqalardan o‘ynatishni rejalashtirmoqda, - deb yozdi IL TEMPO gazetasi.
-“Latsio”ga qarshi bahsda “Roma”ning ikki markaziy hujumchisi hal qiluvchi rol o‘ynashi kutilmoqda. Artyom Dovbik va Eldor Shomurodov jamoani sensatsion tarzda Evropa Chempionlar ligasiga olib chiqishga bel bog‘lagan. Klaudio Raneri bu ikki o‘yinchida o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni uyg‘otib, ular faoliyatida burilish yasadi va mavsumning muhim pallasida ular jamoaning asosiy figurasiga aylandi.
Bosh murabbiy “Latsio” bilan bo‘ladigan muhim bellashuvda har ikki forvardni ilk daqiqalardan maydonga tushirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi.
Artyom Dovbik “Jirona”da katta uchrashuvlarda ko‘rsatgan qahramonliklarini endi “Roma”da takrorlamoqchi. Hozircha joriy mavsumda oltita to‘p kiritgan Eldor Shomurodov debyut mavsumida “Jenoa”da o‘rnatgan shaxsiy rekordini yangilashni maqsad qilgan. O‘shanda o‘zbek hujumchisi raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qilgan edi. Shuningdek, Eldor zaxiradan tushib ko‘p gol urish (10 ta gol) bo‘yicha oxirgi besh yillikda Lautaro Martines (16 ta gol) va Pedrodan (11 ta gol) keyin uchunchi o‘rinda bormoqda, - deb ma’lumot berdi La Gazzetta dello Sport jurnalistlari.
A Seriyaning 32-turidan o‘rin olgan “Latsio” hamda “Roma” o‘rtasidagi derbi 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. “Olimpiko” stadionidagi bahs Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.
Shomurodov paydo bo‘lishi bilan keskin o‘zgarishlar ro‘y beradi!
Xushxabar: Shomurodovning kelajagi hal bo‘ldi!
Shu ish amalga oshsa, Husanov Yamal bilan birga o‘ynaydi!
17 yoshli baquvvat futbolchimiz Husanov ortidan boradi!
Ana xolos: Husanovni qo‘llab kelgan Xoland tez orada “Siti”dan ketadigan bo‘lyapti
Fikrlar