
Shomurodov eng zo‘r futbolchilar termasiga kiritildi (foto)
Rossiya futbol uyushmasi Ijroiya qo‘mitasi 2019-2020 yilgi mavsum yakunlari bo‘yicha Premer-liganing eng kuchli 33 nafar futbolchi kiritilgan an’anaviy ramziy terma jamoani e’lon qildi.
4-4-2 sxemasida tuzilgan ushbu ramziy jamoada har bir pozitsiyaga uchtadan eng kuchli futbolchi tanlab olingan.
O‘tgan mavsumning birinchi davrasida «Rostov»da to‘purarlik mahoratini namoyish eta olgan Eldor Shomurodov pandemiya karantinidan keyin chempionatda gol ura olmagan bo‘lsa-da, ramziy terma jamoaga kiritildi.
O‘zbekistonlik hujumchi o‘tgan chempionatda 28 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini o‘n bir marotaba ishg‘ol qildi, shuningdek, bir necha golli pas muallifi bo‘ldi. Ramziy jamoaga Shomurodov bilan birga «Rostov» o‘yinchilaridan Aleksey Ionov, Matias Normann ham kiritildi.
Rossiya futbol uyushmasi tomonidan e’lon qilingan ramziy terma jamoa bilan tanishing:
Darvozabonlar: Igor Akinfeev (TsSKA), Matvey Safonov («Krasnodar»), Anton Shunin («Dinamo»);
Himoyachilar: Yuriy Jirkov, Duglas Santos, Yaroslav Rakitskiy, Branislav Ivanovich, Vyacheslav Karavaev («Zenit»), Ayrton, Georgiy Jikiya, Samuel Jigo («Spartak»), Urosh Spaich, Sergey Petrov («Krasnodar»), Andrey Semenov («Axmat»), Mario Fernandes (TsSKA);
Yarim himoyachilar: Vanderson («Krasnodar»), Joau Mariu, Gjegoj Krixovyak, Dmitriy Barinov, Aleksey Miranchuk («Lokomotiv»), Aleksey Ionov, Matias Normann («Rostov»), Magomed Ozdoev, Vilmar Barrios, Malkom («Zenit»), Roman Zobnin, Zelimxan Bakaev («Spartak»);
Hujumchilar: Artyom Dzyuba, Sardor Azmun («Zenit»), Nikola Vlashich (TsSKA), Eldor Shomurodov («Rostov»), Evgeniy Lutsenko («Arsenal»), Erik Bikfalvi («Ural»).
Shuningdek, Rossiya futbol ittifoqi Ijroiya qo‘mitasi alohida nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Artyom Dzyuba eng yaxshi futbolchi, «Zenit»ni chempion qilgan Sergey Semak eng yaxshi murabbiy, «Zenit» eng yaxshi jamoa, Matvey Safonov eng yaxshi yosh o‘yinchiga beriladigan “Nadejda” sovrini sohibi, deb e’tirof etildi.
Ta’kidlash joizki, aynan o‘tgan mavsum Eldor Shomurodov faoliyatida burilish nuqtasi bo‘ldi. Sermahsul o‘yin namoyish etgan o‘zbekistonlik hujumchi Rossiya, Germaniya, Belgiya, Italiya va qator Osiyo mamlakatlari jamoalari e’tiboriga tushdi.
Ayni paytda “Rostov” hujumchimiz transferi bo‘yicha kamida to‘rtta jamoa bilan muzokara olib bormoqda.
Mazkur jamoalar orasida “Jenoa” Eldor Shomurodov uchun 9 million evro to‘lashga rozi bo‘lgan. Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt portali hamyurtimizning transfer summasini 6,5 million evroga baholaganiga qaramay, rostovliklar italiyaliklarning taklifini qabul qilishga shoshayotgani yo‘q.
Fikrlar