
Shomurodov bilan o‘ynagan darvozabon Husanovning yoniga borishi kutilyapti
Mashhur murabbiy Klaudio Raneri qo‘l ostida o‘yini ijobiy tomonga o‘zgargan futbolchilar orasida “Roma” posboni Mile Svilar ham bor.
“Roma”ga Joze Mourino davrida olib kelingan serbiyalik darvozabon endi jamoaning asosiy qo‘rg‘oniga aylandi. 25 yoshli golkiperning mahorati Evropaning bir necha grand klublari e’tiborini o‘ziga torta boshladi.
Angliya Premer-ligasi vakillaridan “Manchester Siti” 31 yoshli Ederson o‘rniga anchadan beri yuqori saviyali darvozabon qidirmoqda. Husanov jamoasi ham Eldor bilan o‘ynayotgan Svilarni yozda o‘z tarkibiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Buning uchun “shaharliklar” bir necha klub raqobatini engishi kerak. Xususan, “Chelsi” bosh murabbiyi Entso Mareska ham qo‘l ostidagi posbonlarning o‘yinidan qoniqish hosil qilgani yo‘q va u ham Svilarni ko‘z ostiga olib qo‘ygan.
Svilarning “Roma” bilan shartnomasi 2027 yilning yozigacha davom etishi belgilangan. Rimliklar Mile bilan hamkorlikni uzaytirish borasida muzokara olib bormoqda, biroq darvozabon talab qilayotgan to‘rt million evro miqdoridagi maosh klub byudjeti va maoshlar fondi siyosatiga to‘g‘ri kelmayapti.
Fikrlar