Shavkat Salomov - "Buxoro"dan nega ketgani, "Surxon"dagi hayoti, o‘zi va MTJ haqida

  • 19 sentabr, 2019, 22:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 6
  • Futbol
CHERY AUTO

«Surxon» klubi o‘tgan turda safarda «Buxoro» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Termizliklarning sardori va etakchisi Shavkat Salomov esa «Surxon»ga mavsum boshida «Buxoro»dan ko‘chib o‘tganini yaxshi bilsangiz kerak. Buxorodagi g‘alabada esa Salomovning ham hissasi katta bo‘ldi. Anchadan beri ushbu futbolchi bilan suhbatlashishni rejalashtirib yurgandik. Nihoyat, Buxorodagi g‘alabadan keyin Shavkat Salomov taklifimizni qabul qilib, savollarimizga o‘z javoblarini qaytardi.

Tecno

«Muhammadiev meni «Buxoro»ga qaytarmoqchi bo‘ldi»

- «Surxon» Buxoroda o‘ta muhim bellashuvda uch ochkoni qo‘lga kirita oldi. Ayting-chi, ushbu g‘alabaning mohiyati nimada bo‘ldi?

- Jamoamiz bu o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘rgandi. Murabbiylarimiz esa futbolchilarni o‘yinga har tomonlama yaxshi tayyorlay olishgandi. Biz bu uchrashuvga har doimgidek tayyorlangandik. Termizdan kelib bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga katta rahmat. Murabbiylar shtabiga ham rahmat. Bungacha 3-4 ta o‘yinda yutqazib qo‘ygandik. Bunday paytda o‘yinchilarni ruhlantirish juda muhim hisoblanadi. Qiyin vaziyat edi, shunga qaramay, murabbiylar hammasini to‘g‘rilay olishdi. Asosiysi, shu jamoani to‘plagan insonga rahmat. Mavsum boshlanishiga 10 kun qolganida shunday jamoani yig‘ib, bugun shunday natija ko‘rsatayotganimizning o‘zi katta gap. Ayniqsa, birinchi yil uchun yaxshi deyish mumkin. Shuningdek, hozirda bosh murabbiy bo‘lib ishlayotgan Vladimir Andreevga ham minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ishqibozlarimiz esa bizni har qanday holatda ham yolg‘izlatib qo‘yishmayapti va qo‘llab-quvvatlashyapti. Biz faqat o‘sha muxlislarimiz uchun o‘ynaymiz.

- Buxoroliksiz va siz ushbu jamoada bir necha yil to‘p surgan holda katta hissangizni qo‘shgansiz. Ammo siz va boshqa etakchilar u erdan ketdinglar. Bugungi kunda esa «Buxoro» oxirgi o‘rinda boryapti. Mana, «Surxon» safida sobiq klubingizga qarshi o‘ynadingiz, ularni ko‘rdingiz. Ayting-chi, «Buxoro» sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Jamoa yaxshi, yomon emas. Pas o‘yin ko‘rsatishyapti. Muhsin Muhammadiev yomon mutaxassis emas. U bilan birinchi davradan keyin gaplashganman. Jamoa nimanidir o‘zgartirishga harakat qilyapti-yu, ammo hujumlarining oxiri, yakuni yo‘q. Bosh murabbiyning qilayotgan ishlari va mehnati hozircha faqat jarima maydoni atrofigacha bo‘lmoqda. Har qanday murabbiyning qisqa fursat ichida jamoani tayyorlashi oson bo‘lmaydi. Albatta, jamoa o‘yinida pas orqali harakatlanishni yo‘lga qo‘ygani ko‘rinib turibdi. Lekin hammasi faqat jarima maydoni ichigacha xolos. Futbolda eng asosiy narsa jarima maydonining ichi va gol hisoblanadi. «Buxoro»da esa shu narsalar etishmayapti. Hujumlarni yakunlashni ham faollashtirish kerak. Umuman olganda, jamoada murabbiyning ishi ko‘rinib turibdi.

salomov6

- Boya birinchi davradan keyin Muhammadiev bilan gaplashganingiz haqida aytdingiz. U sizni «Buxoro»ga taklif qilganmidi?

- Ha, Muhsin Muslimovich meni qaytarmoqchi bo‘lgandi. Lekin meni «Surxon» bilan mavsum oxirigacha shartnomam bor. Shuning uchun unga «Surxon» meni qo‘yib yubormasligini aytdim. Agar meni ketishimga ruxsat berishsa, mayli «Buxoro»ga qaytaman dedim. Ammo ular mening ketishimga rozi bo‘lishmasdi.

- «Buxoro»ning Superligada qolish imkoniyatini qanday baholagan bo‘lardingiz?

- Imkoniyat har doim bor. Hech qachon oldindan taslim bo‘lmaslik kerak. Bu – futbol. Unda shunga o‘xshash vaziyatlar ham bo‘lib turadi. Shuning uchun ham futbol birinchi raqamli sport turidir.

«Buxoro»dan nega ketganimni haligacha bilmayman»

- Buxoro farzandi bo‘lsangiz-da, nega mavsum boshida ular sizni klubda olib qolishmagan?

- Yaxshi savol berdingiz. Mening o‘zimga ham shu savol juda qiziq. Haligacha bilmadim, men kimga nima degan ekanman. Lekin haligacha o‘zim ham bu savolning javobini bilmayman.

- Nima bo‘lganda ham siz endilikda faoliyatingizni «Surxon»da davom ettiryapsiz. Ayting-chi, bu erdagi faoliyatingizdan qanchalik qoniqyapsiz?

- Bilasizlar, Surxondaryoda necha yildan beri futbol yo‘q edi. Xudo xohlasa, o‘ylaymanki, bundan buyog‘iga «Surxon» endi har doim Superligada bo‘ladi. Viloyat hokimyatiga, homiylar va rahbarlarga katta rahmat aytmoqchiman. Qo‘llaridan kelganicha, bizga yordam ko‘rsatib kelishyapti. Muxlislarimizga ham minnatdorchilik bildiraman. Ular futbolni qanchalik sog‘inishganini biz sezib turibmiz. Har bir uchrashuvda bizni qo‘llab-quvvatlashyapti. Anchadan beri u erda futbol bo‘lmagani uchun o‘ziga yarasha kamchiliklar bor edi va buni asta-sekin hal qilib kelishmoqda. Bunday muammo va kamchilik esa istalgan klubda bo‘ladi. Axir 15-20 yildan beri o‘ynayotgan klublarda ham kamchilik bo‘ladi. «Surxon»ga kelganimga afsuslanmayman. Birinchi davrada bizga qiyin bo‘ldi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limning oxirlarida toliqib qoladigan bo‘lib qolgandik. Lekin bir narsani ham to‘g‘ri tushunish kerakki, bizning jamoamiz qisqa fursat ichida birdaniga yig‘ilgandi. Shuning uchun jismoniy tomondan kuchi etmayotgandi. Hozir esa yigitlar bir-birini yaxshi tushunib o‘ynashyapti. Yuqorida aytganimdek, bu jamoani yiqqan insonga rahmat va uni yanada kuchli hurmat qila boshladim. Nimaga? Agar tarkibga qarasangiz, kimlarni oldi? Farg‘onada ishlari yurishmagan Husniddin G‘ofurov, Abror Ismoilov, Olmaliqdan Vladimir Bubanya, Abduqahhor Hojiakbarov, «Buxoro»dan Rahmatillo Berdimurodov…ular doim ham barqaror o‘yin ko‘rsatishmayotgandi. Bu erga kelib esa qanday o‘ynashyapti?! Hammasi ajoyib. Bizda top-darajadagi o‘yinchilar yo‘q edi. Lekin bizda mehnatkash jamoa yig‘ildi.

salomov5

- «Surxon»ning maqsadi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritish ekanligi haqida ko‘p eshitdik. Shu rostmi?

- Jamoamizda aniq maqsad bor. Ammo nechanchi o‘rin uchun kurashayotganimizni ayta olmayman. Rahbariyat oldimizga qo‘ygan vazifani bajarishga futbolchilar bilan birga harakat qilamiz.

«Ashurmatov yozgi yig‘inni o‘zi istagandek o‘tkaza olmagandi»

- Mavsum boshlanganidan beri «Surxon»da murabbiylar almashinuvi ham tez-tez kuzatildi. Bunday o‘zgarishlar futbolchilarga ham ta’sirini ko‘rsatmadimi?

- Yaxshi esga soldingiz, o‘z o‘rnida Baxtiyor Ashurmatovga rahmat deyman. U yomon murabbiy emas. Lekin futbolda shunday holatlar bo‘lib turadiki, nima qilsangiz ham ishingiz o‘xshamay qoladi. U jamoani birinchi davraning oxirgi turida qabul qilib oldi. Oldinda esa bizni «Nasaf»ga qarshi o‘yin kutib turgandi. «Nasaf»ni esa bilasiz, O‘zbekistonning kuchli jamoalaridan biri. Nafaqat «Surxon», balki «Paxtakor», «Lokomotiv» kabi klublarni ham qiynab qo‘yadi. O‘sha uchrashuvda jamoamiz yutqazib qo‘ydi. Keyin yozgi yig‘inga kirishdik. Ammo tayyorgarlikni murabbiy xohlaganchalik o‘tkaza olmadik. Chunki jamoamizga bir qator braziliyalik futbolchilar kelishgandi. Ularning imkoniyatlarini murabbiylar o‘yinlar orqali ko‘rib olishmoqchi bo‘ldi. Masalan, bitta uchrashuvda ularning o‘yini chiqmasa, yana o‘yin tashkil etildi. Vaholanki, biz yugurishimiz, mashg‘ulot qilishimiz, jismoniy tomondan holatimizni yaxshilashimiz kerak edi. O‘sha legionerlarni ko‘rish uchun yana o‘yinlar tashkil etildi. Misol uchun aynan legionerlarning kuchini bilib olish uchun «Metallurg» bilan o‘yin tashkil qildik. Biroq 15-daqiqadayoq maydonda kelishmovchilik va tartibsizliklar tufayli o‘yin tugatildi. Natijada braziliyaliklarning nimalarga qodirligini yana ko‘ra olmadik. Shu tariqa, bitta mashg‘ulotdan keyin yana o‘yin bo‘laverdi va shu ahvolda yozgi yig‘in ham tugadi. Natijada tayyorgarlik biz uchun ko‘ngildagidek bo‘lmadi, murabbiy ham o‘yinchilarni to‘laqonli ravishda o‘zi istaganchalik ko‘ra olmadi. Ashurmatovni yomon deya olmayman, shunchaki vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi. Keyin esa rahbariyat bilan gaplashgach, Baxtiyor aka ketdi.

- Hozirda «Surxon»da ikki nafar braziliyalik legionerlar bor. Biroq ular ko‘proq zaxirada qolishmoqda. Shunday ekan, jamoaga qanchalik yordam bera olishyapti?

- Ular yordam bera olishadi. Ammo jamoaga moslashib ketishi oson jarayon emas. Shuni unutmaslik kerakki, ular qozoq, tojik yoki qirg‘iz emas-ku, Braziliyadan kelishgan. Boz ustiga yangi jamoaga kelib, darhol moslashib o‘ynab keta oladigan top-futbolchilar ham emas-ku. Ular boshqa saviyadagi o‘yinchi va ko‘nikishiga vaqt kerak. Ammo «Buxoro» bilan uchrashuvda ulardan biri ikkinchi golga yaxshi pas berdi. Hammasiga vaqt kerak deyishadi-ku.

«Kuchim etsa yana bir-ikki yil o‘ynamoqchiman»

- Futbolchi sifatida o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadingiz nima?

- Agar yana kuchim etsa, maksimal darajada bir-ikki yil o‘ynamoqchiman. Qolganini esa ko‘ramiz.

salomov4

- Demak, futbolchilik faoliyatingiz oxirlab boryaptimi?

- Albatta. Agar kuchingiz etmasa futbol o‘ynab nima qilasiz? Biror joyga borsangiz, albatta yordamingiz tegishi kerak-da. «Surxon»ga foydam tegayotgan bo‘lsa, bundan xursandman.

- Yana «Surxon»da qolishingiz mumkinmi?

- Hozircha hech nima haqida o‘ylamadim. «Surxon» klubi menga yana yangi shartnoma taklif qilgan. Bu «Buxoro»ning taklifidan oldin bo‘lgandi. Bundan xursand bo‘ldim, men uchun yoqimli edi. Rahbariyat menga ishonch bildirib, yana qolishimni so‘rashdi. Mavsum yakunlashiga yaqin gaplashib olamiz, lekin taklif uchun rahmat aytdim. Hozir meni shartnoma yoki boshqa narsa qiziqtirmaydi, xayollarimda faqat «Surxon» qancha yuqoriga ko‘tarilsa, meni shu qoniqtiradi.   

- Futbolchilik faoliyatingizdan keyin nima qilishni o‘ylayapsizmi?

- Buni vaqt ko‘rsatadi, hozir hech nima deya olmayman. Avval yana futbolchi sifatida o‘ynab turaveray-chi.

- Qolaversa, siz faoliyatingiz davomida ko‘plab tajribali murabbiylar bilan ham ishlagansiz. Shavkat Salomov uchun eng kuchli murabbiy kim?

- Buni ayta olmayman. Kimlar bilan ishlagan bo‘lsam, barchasidan o‘zim uchun oz-ozdan nimadir o‘rganganman. Baribir bitta murabbiydan to‘liq ravishda hamma narsani o‘rgana olmaysiz. Biror murabbiyni yomon deb aytib bo‘lmaydi. Shuni ham yozingki, men Ulug‘bek Baqoev uchun xursandman. Jamoada hech nima o‘zgarmadi, deyarli o‘sha futbolchilar, o‘sha tarkib…mana shunday jamoani o‘ynatib yuborganiga xursandman.  Baqoev bilan yaqin munosabatdaman. Garchi «So‘g‘diyona» bizning raqobatchimiz bo‘lsa-da, o‘sishga erishayotganidan xursandman (kuladi).

salomov3

- Ilgari terma jamoamizda o‘ynagan futbolchi sifatida sizdan O‘zbekistonning JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichining starti haqida so‘ramoqchiman. Bugungi kunda terma jamoamiz atrofida turli gap-so‘zlar yuribdi…

- Bu – futbol. Unda g‘alaba bilan mag‘lubiyat doim yonma-yon yuradi. Lekin men terma jamoamizga ishonaman. Bizning futbolchilarimiz kuchli va ularning salohiyati ham yuqori. Faqat o‘sha kuni vaziyat shunday bo‘lib qoldi, o‘yinimiz chiqmadi. Eng achinarlisi, o‘shanda butun jamoamizning o‘yini qovushmadi. Bunday holatlar esa futbolda bo‘lib turadi. Saralash bosqichi bahslari endi boshlandi. Hali hammasi oldinda. Men yigitlarga ishonaman. Terma jamoamizni doim qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Сурхон Футбол клуби
20/09/2019 09:58
Шавкат саломов сенга ишонамиз жамоамизни .
Jasur Mamataliyev
19/09/2019 22:51
Шавкат Саломов жуда тажрибали футболчи хечқачон ўзи учунмас жамоа учун ўйнайди у хақийқий профессионал Бунёдкор клуби Саломов ўйнаган пайтлар жуда кучли еди аммо вақт олий хакам унинг йоши ўтяпти.Бундай жонкуяр футболчилар Супперлигада жуда кам кейинги ишларига омад шахсан мен бу футболчини жуда хурмат қиламан
&
Абвгд
20/09/2019 18:42
Чукиниш сенлага куйган козёль суркаш
&
Абвгд
20/09/2019 09:01
Бу жамоани тузган одам деб сигиниб хам куйина, вашше сехрлаб ташаган экану а
&
TFT
20/09/2019 06:51
Пул деб дарбадар булдим демабсизда Шавкатвой.
&
FarruxFarrux
19/09/2019 23:14
Шавкат Саломов куркмай айтавер укам Бу Сурхонни Илхом Муминжонов тузган бу Сурхон Муминжоновнинг жамоаси бу унинг мехнатлари оркадан шундай бошкаряпти Майдонда Муминжоновнинг узи булса билмади Илхом Муминжоновга минг рахмат СУРХОН Бу МУМИНЖОНОВНИНГ ЖАМОАСИ БУ ИЛХОМ ТУЗГАН ЖАМОА ОМАД СУРХОН МУМИНЖОНОВ БОР ЭКАН СЕН ОЛДИ КАТОРДАСАН
Абдусамат Жураев
20/09/2019 09:20
ИЛХОМ ШИНОС
&
FarruxFarrux
20/09/2019 15:04
Сан Алкаш Кончелскийга чукиниб юравер