Sharof Muhitdinov: Milliy terma jamoamizda men uchun ko‘p o‘yinlar oldinda deb umid qilaman

  • 15 noyabr, 2019, 07:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Nasaf” klubi tarbiyalanuvchilaridan biri Sharof Muhitdinovning ham kelajagi porloq ekaniga ishonch katta. U milliy terma jamoamizning a’zosiga aylanib bormoqda. Ayni paytda esa olimpiya terma jamoasi safida Dubaydagi yig‘inda faol ishtirok etmoqda. Kuni kecha o‘zi bilan bog‘landik va bir qator masalalar bo‘yicha muloqot qildik.

Tecno

“Men uchun hammasi oldinda”

O‘zbekiston terma jamoasining Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvida debyutini o‘tkazgan Sharof Muhitdinovning ko‘rsatgan o‘yini borasida ko‘pchilik iliq fikrlarni bildirdi. Shu sababli uni ham rasmiy bahslar uchun tarkibda olib qolinishi taxmin qilingandi. Ammo Muhitdinov o‘sha o‘yinning ertasigayoq olimpiya terma jamoamiz bilan Dubaydagi yig‘inga jo‘nab ketdi. Muhitdinov dastlab shu haqida to‘xtalib o‘tdi.

- Albatta, o‘sha kuni Qirg‘iziston terma jamoasi ustidan g‘alaba qozonganimiz yoqimli bo‘ldi. Bu Saudiya Arabistoniga qarshi muhim bahs oldidan tayyorgarlik vazifasini bajarib bergandi. Mening Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvdan keyin olimpiya jamoamiz bilan Dubaydagi yig‘inga ketganimga kelsak, murabbiyimiz o‘sha o‘yindan so‘ng menga yaxshi o‘yin ko‘rsatding, endi ertaga Dubayga uchishim kerakligini aytdi. Nasib qilsa, milliy terma jamoamiz tarkibida men uchun hali ko‘p o‘yinlar oldinda degan umiddaman.

“Biroz bo‘lsa-da, dam olishga ulgurdim”

Milliy terma jamoamiz safida maydonga tushib, so‘ng darhol ertasi kuni olimpiya termamiz bilan safarga ketgani uni toliqtirib qo‘ymadimi? Qolaversa, Dubaydagi yig‘indan ham ko‘zlangan maqsadlar bor, albatta. “Nasaf” futbolchisining esa bu boradagi javobi shunday bo‘ldi:

- Qirg‘iziston terma jamoasi mag‘lub etilgani bois hammada kayfiyat yaxshi edi. Shuning uchun bunday kayfiyatda charchoqlar menga u qadar bilingani yo‘q. Albatta, orada ozgina vaqt bo‘lsa-da, dam olishga ulgurdim. Olimpiya terma jamoamizning esa maqsadlarini yaxshi bilasiz. Kelasi yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga ham tobora oz fursat qolmoqda. Shu bois hozirda Dubayda shug‘ullanyapmiz va bu erda bir qator o‘yinlar o‘tkazyapmiz. Xudo xohlasa, muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilish niyatidamiz.

“Milliy termada emasligimdan xafa emasman”

Albatta, Sharof ham milliy terma jamoamiz tarkibida muhim bahslarda ishtirok etishni juda istagandi. Ammo u endilikda olimpiya termasi safida shug‘ullanyapti. Qiziq, uning milliy terma tarkibida rasmiy bahslarda ishtirok eta olmasligi uning kayfiyatiga ta’sir qilmayaptimi?

- Yo‘q, ta’sir qilmadi. Murabbiyning o‘z rejasi bo‘ladi. Milliy terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlarda qatnasha olmayotganimdan xafa emasman. Albatta, bosh jamoamizga oldindagi muhim bellashuvlarda omad tilab qolaman, - deya munosabat bildirdi, Muhitdinov.

“Muhimi O‘zbekiston sharafini himoya qilyapmiz”

Umuman olganda, futbolchi uchun ham milliy, ham olimpiya terma jamoasi safida shug‘ullanib, o‘yinlarda ishtirok etishida qandaydir farqli tomonlari ham bo‘lsa kerak. Har holda ikkala jamoa safida o‘ynashning ham o‘ziga yarasha mas’uliyatli vazifalari bor.

- Yo‘q, qiyinchilik sezmadim. Milliy va olimpiya terma jamoasi safida ham O‘zbekiston sharafini himoya qilamiz. Har bir futbolchi vatan sha’ni uchun o‘ynashni orzu qiladi. Bu borada o‘zimning ozgina bo‘lsa-da, hissamni qo‘sha olayotgan bo‘lsam, bundan xursandman, - deydi Sharof Muhitdinov.

“Abramov ham, Drulovich ham ajoyib murabbiylar”

Vadim Abramovning qanday mutaxassis ekanligini yaxshi bilamiz. Olimpiya terma jamoamizni boshqarayotgan serbiyalik Lyubinko Drulovich esa biz uchun yangi mutaxassis. Sharof Muhitdinov ham ushbu murabbiy bilan joriy yilda ilk bor ishlamoqda. Shunday ekan, xorijlik murabbiy olimpiya jamoamiz o‘yiniga qanday yangiliklarni olib kira olyapti? Uning Abramovdan qanday farqli tomonlari bor? Futbolchining ushbu masala bo‘yicha bildirgan javobi ham sizni befarq qoldirmasa kerak-a?

- Bilasiz, har bir murabbiyning o‘ziga xos taktikasi bor. Vadim Abramov ham, Lyubinko Drulovich ham bizga faqat to‘g‘ri futbol o‘ynashni singdirmoqda. Misol uchun Drulovich eng muhimi, futbolni oson o‘ynash kerak deydi. Vadim Karlenovich esa ko‘proq hujumkor o‘yin ko‘rsatishni yoqtiradi. Qaerda to‘p yo‘qotilgan bo‘lsa, o‘sha joyning o‘zidayoq to‘pni qaytarib olib, hujumni boshidan boshlash kerakligini tushuntiradi. Ikkalasi ham ajoyib murabbiylar.

“Nasaf”dagi futbolchilar bilan akademiyadan birga katta bo‘lganmiz”

Shuningdek, ushbu o‘yinchi “Nasaf”ning etakchilaridan biri sanaladi. Joriy mavsumda tarkibi ancha yoshartirilgan “Nasaf”ning chempionatdagi ishtiroki borasida Sharof shaxsiy fikrlarini bildirib o‘tdi.

- To‘g‘ri, “Nasaf” jamoasidan ko‘pchilik ketdi, tarkib esa ancha yoshardi. Ammo bu yilgi mavsumga qaraydigan bo‘lsak, yomon natija ko‘rsatmayapmiz deb o‘ylayman. Vaholanki, chempionat boshida ko‘pchilik bizni Superligadan chiqarib ham yuborishgandi. Tarkibimizda aksariyati yoshlar – barchamiz klub akademiyasidan birga o‘ynab katta bo‘lganmiz. Shu bois kimning qanday harakatlanishini ko‘p yillardan beri yaxshi bilamiz. To‘g‘ri, bu yilgi mavsumda bizga biroz tajriba etishmadi. Shunga qaramasdan, o‘ylaymanki, biz to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz. Bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdievning ko‘rsatmalari ostida o‘zimizga kerakli bo‘lgan narsalarni olmoqdamiz.

“To‘g‘risi, keyingi taqdirim haqida o‘ylayotganim yo‘q”

Shu bilan birga mavsum yakuniga etgach, Muhitdinovga ham boshqa klublardan qiziqishlar bo‘layotgani to‘g‘risidagi xabarlar yo‘q emas. Shunday ekan, Sharofning keyingi rejalarini bilishga qiziqdik. U “Nasaf”dan ketish fursati keldi deb o‘ylaydimi?

- To‘g‘risi, hozircha bu haqida o‘ylayotganim yo‘q. Oldinda bizni muhim o‘yinlar kutib turibdi. Bizning dastlabki vazifamiz Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdan iborat. Shundan keyin boshqa masalalarni o‘ylashga bemalol vaqt bo‘ladi va hali hammasiga ulguraman degan umiddaman.

“Guruhdagi raqiblarimiz ham O‘zbekistonning kuchli ekanligini aytishyapti”

Olimpiya terma jamoamizning Osiyo chempionatidagi guruhdan joy olgan raqiblari jiddiy ekanligi haqida ko‘p gapirilyapti. Muhitdinov esa ushbu vaziyatga shunday izoh bildirdi:

- Bilasizmi, hozirgi paytga kelib hamma futbol o‘ynashni o‘rganib bo‘ldi. Raqiblarga keladigan bo‘lsak, guruhdagi barcha jamoalarni kuchli deb hisoblayman. Albatta, ular ham O‘zbekistonni kuchli terma jamoalardan biri ekanligini ta’kidlab o‘tishgan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!