
Sergey Lushchan: Superligani ko‘zlasangiz, har qanday raqibni yutishingiz kerak bo‘ladi
Kuni kecha Samarqandning “Dinamo” klubiga Sergey Lushchan bosh murabbiy etib tayinlangani haqida xabar bergandik. Superligadan pro-ligaga tushib qolgan jamoa yana kuchlilar orasiga qaytishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Shuning uchun ham jamoa boshqaruviga tajribali mutaxassis izlandi va yakunda Sergey Ivanovich nomzodi ma’qul topildi. Uning ilgari bir necha mavsum davomida “Bunyodkor” klubiga bosh murabbiylik qilganini va oxirgi marta “So‘g‘diyona”da ishlaganini yaxshi bilsangiz kerak. Keyinchalik esa ma’lum vaqt hech qaerda ishlagani yo‘q. “Dinamo” esa Lushchanning faoliyatida yangi sahifa ochdi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Samarqand jamoasida endigina ish boshlagan bosh murabbiy Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Sergey Ivanovich, “Dinamo”ga bosh murabbiy etib tayinlanganingiz bilan tabriklayman. Ayting-chi, “Dinamo” varianti qanday paydo bo‘ldi?
- Bu savol menga emas, rahbariyatga berilsa yaxshiroq bo‘lardi. Faqat shuni aytishim mumkinki, menga qo‘ng‘iroq qilib, taklif qilishdi. Bor gap shu.
- Baribir ushbu taklif siz uchun ayni muddao bo‘ldi, shunday emasmi? Sizda boshqa variantlar ham bormidi?
- Nega bo‘lmasin, albatta bor edi. Ammo “Dinamo”ning taklifi menga hammasidan ko‘ra qiziqarliroq tuyuldi. Chunki rahbariyat klub oldiga jiddiy vazifalarni qo‘ygan. Ustiga-ustak, oxirgi paytlarda murabbiylik ishimni ham sog‘inib qolgandim. Faol murabbiylik faoliyatiga qaytish istagi menda ustunlik qildi.
- Gapingiz rost, chindan ham ancha vaqt sizni murabbiy vazifasida ko‘rganimiz yo‘q. Sizda pro-ligadan tashqari Superliga ishtirokchilari tomonidan ham takliflar mavjudmi?
- Tabiiyki, koronavirus tufayli ancha vaqt murabbiylik ishidan chetda qolib ketdim. Bu faol murabbiylik faoliyatidan uzoqlashganimning asosiy sabablaridan biridir. To‘g‘ri, menda bir-ikkita variantlar yo‘q emasdi. Lekin koronavirus sabab o‘sha variantlar ham o‘z-o‘zidan yo‘qqa chiqdi. Pandemiya barcha rejalarimni o‘zgartirib yubordi.
- Sergey Ivanovich, “Dinamo”da Superligaga qaytish uchun imkoniyatlar bormi: tarkib, moddiy jihatdan va ishtiyoq borasida?
- O‘ylaymanki, bu erda kuchlilar ligasiga chiqish uchun hamma shart-sharoitlar mavjud. Jumladan, klubning moliyaviy imkoniyati ham chakki emas. Qolaversa, bo‘lajak jamoamning ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatdim. Garchi o‘sha uchrashuvlarda natija zo‘r bo‘lmasa-da, “Dinamo” menda yomon taassurot qoldirgani yo‘q. Tayinlanganimdan hech qancha vaqt o‘tmay, umumiy mashg‘ulot o‘tkazishni boshlagandik. Buni qarangki, aksiga olib yana o‘sha koronavirus tufayli karantin e’lon qilindi. Futbolchilarning bundan qanday tarvuzi qo‘ltig‘idan tushganini ko‘rish meni ham g‘alati qilib yubordi. Besh kun shug‘ullansang va chempionat davom ettirilishini kutsang-u, vaziyat bunday tus olsa g‘alati bo‘lar ekan. Lekin nima ham qila olardik, tartib qoidaga rioya qilish kerak. Yigitlardagi ishtiyoq juda yuqori ekanligini aytishim darkor. Ularning ko‘zlariga boqib o‘yinlar tezroq boshlanishi, Superliga yo‘llanmalaridan birini qo‘lga kiritish uchun kurashishga tashna ekanliklarini ko‘rdim. Umid qilamanki, yakunda hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi.
- Nima deb o‘ylaysiz, Superligaga yo‘l olishda qaysi jamoalar “Dinamo”ga jiddiy raqobat hosil qilishlari mumkin?
- Hozir bu masalada bir narsa deyish qiyin. Chunki birinchilik boshlanganidan so‘ng hali hech qancha tur o‘tkazilmadi. Shunday ekan, har bir jamoa keyinchalik yo‘llanmalar uchun Superligaga chiqish maqsadida da’vogarlik qilishi mumkin. Umuman aytganda, barcha jamoalar bizga jiddiy raqiblik qilishadi. Agar Superligani ko‘zlasangiz har qanday raqibni yutishingiz kerak bo‘ladi. Chempionat davom ettirilaversin, kimlar bunga da’vogarlik qilishini bilib olamiz. Hozir esa bu masala yuzasidan fikr bildirishga erta. O‘z-o‘zidan Superligaga chiqish uchun harakat qilishimizni ayta olishim mumkin xolos.
- Nima deb o‘ylaysiz, “Dinamo” sizning faoliyatingizda qanday rol o‘ynashi mumkin?
- Murabbiyning faoliyatida o‘zi ishlagan har qanday klub asosiy rol o‘ynamasdan qolmaydi. Jumladan, “Dinamo”ning mening faoliyatimda o‘ziga xos ahamiyat kasb etishi aniq. Murabbiylar o‘z ishiga sadoqat bilan yondashadilar. Men ham shunday mutaxassislar jumlasidanman. Ishimni yuzaki bajarib, shartnomadagi pullarni qurtdek sanab olishni yoqtirmayman. Ustiga-ustak, murabbiy uchun qaysi klubni boshqarmasin, o‘sha jamoa xuddi o‘z uyidagidek bo‘lib qoladi.
- “Dinamo” ustozi sifatida rejalaringiz qanday?
- Men bu erda atiga ikkinchi kunni o‘tkazyapman xolos. Yigitlarning hatto ayrimlarining ismlarini ham bilmayman. Shunday ekan, rejalar haqida nima deyish mumkin?! Asosiysi vazifa belgilab berilgan, faqat eng shimarib ishlash kerak xolos. Menda bundan boshqa reja yo‘q. Tarkibdagi futbolchilar ham menda yomon taassurot qoldirishmadi. Boshqa biror nimani qo‘shimcha qila olmayman. O‘yinlar boshlanaversin, keyinchalik bu xususida siz bilan bafurja gaplashishim mumkin.
Fikrlar