Sensatsion natijalar, gollar shousi, favoritlar kushandalari – UEFA Chempionlar Ligasi yakunlari

  • 24 avgust, 2020, 19:48
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Shunday mavsumni kutganmidingiz? Yil avvalida bunday kutilmagan natijalar bilan mavsum yakunlanishi hech kimning xayoliga kelmagan bo‘lsa kerak. “Leyptsig”, “Lion” hamda “Atalanta” kabi jamoalarning o‘z bo‘yidan baland sakrashi, favorit sifatida ko‘rilayotgan “Liverpul”, “Real”, “Yuventus” singari superklublarning mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rishi, yakunda Chempionlar Ligasi chorak finalidan boshlab, murabbiylarning darajasi juda yuqori rol o‘ynashi bu mavsumning bizga tuhfa etgan hadyalari sifatida yodda qoldi. Musobaqa UEFA Chempionlar Ligasi nomini olganidan keyingi 28-chempionat sifatida tarixga kirgan ushbu turnir bizga har qanaqasiga trebl tortiq qilar edi. Yakunda...

Tecno

Mavsumni so‘nggi daqiqalarigacha bexato o‘tkazgan “Bavariya” haqli ravishda g‘olibga aylandi. Aslida, myunxenliklar bu natijaga erishish uchun juda katta mehnat qildi. Bir necha sensatsiyalarni amalga oshirdi. Ha, ular sensatsiya amalga oshirdi. Faqat bu natijada emas, unga qanday erishganlikda. “Bavariya” 11 ta o‘yin o‘tkazdi va 43 ta gol urdi. Barcha uchrashuvlarni yutdi. Na mag‘lubiyat va na durang. Bu musobaqa tarixidagi rekord natija hisoblanadi. Kamiga, jamoani mavsum yarmida qabul qilib olgan, avval birorta katta klubda bosh murabbiy bo‘lmagan inson bilan Evropada trebl qayd etgan klub barchasiga loyiq edi. Finalgacha yo‘lidan kim chiqsa, chetga surib, faqat va faqat oldinga harakat qilaverdi, bu nemislar. Raqib kimligi, tarkibi, o‘yin o‘tkaziladigan stadion, muxlislar faktori hech qanday ahamiyat kasb etmadi.

Bavariya-pic4_zoom-1500x1500-68927

Sensatsion natijalar

Avvalo, bu mavsumda kutilmagan natijalar har qadamda bizni quvontirganligi uchun biz ulardan kuchli beshlik tashkil etdik. Demak, sensatsiyalar beshligi:

  1. “Tottenxem” – “RB Leyptsig” 0:4

Yulian Nagelsmann so‘zsiz mavsumning kashfiyot murabbiylaridan biri. 33 yoshli nemis mutaxassisi jamoasini yuqori darajaga olib chiqdi. Tashkil topganina ko‘p bo‘lmagan “RB Leyptsig” klubiga kelgan ilk mavsumidayoq, u bir qancha katta murabbiylarni taktik kurashda engdi. “Special one” uning birinchi qurboni edi. O‘shanda, Yulian yana nimalar kutib turganini tasavvur qilish mushkul edi. Aksariyat muxlislar “buqalar”ning ishongan tog‘i Timo Verner edi, demoqda. Ammo Nagelsmann usiz ham kuchli futbol ko‘rsata olishini isbotladi. Uning o‘zi har qanday tog‘dan-da ustun, nazdimizda.

2075

  1. “RB Leyptsig” – “Atletiko” 2:1

Nagelsmann avval Mourinoni, keyinchalik Diego Simeoneni musobaqadan chiqarib yubordi. Yaqin orada qaysidir murabbiy o‘rtamiyona klub boshqaruvida bunday kuchli taktikaga ega mutaxassislarni mahf etganini eslay olasizmi? U ruhlantirgan yigitlar amaldagi chempionni yutgan “Atletiko” futbolchilarining ruhiyatidan ustun keldi. Tarkib, yulduzlar, iste’dodlar jihatidan madridliklar ustun bo‘lsa-da, bu mavsum nemis jamoalariga atalganligi oydinlashdi.

1266264249.jpg

  1. “Lion” – “Yuventus” 2:2 (mehmonda urilgan gol evaziga Lion g‘alaba qozongan)

Ronaldusi bor jamoani nimchorakda qoldirib ketgan klub bizning ro‘yxatimiz ekvatorida. Frantsuzlar birinchi o‘yinda “Yuve”ga hech qanday imkoniyat qoldirmagan bo‘lsa-da, javob bahsida Ronaldu ko‘p narsani o‘zgartirib yuborishi kutilayotgan edi. Shunday bo‘ldi ham. Ammo faqatgina 1 futbolchi faktori kamlik qilishini “Lion” a’zolari ko‘rsatib berishdi. Jamoaviy o‘yin orqali ayni vaqtida o‘zlariga kerakli golni kiritib olgan Rudi Garsiya shogirdlari o‘yin so‘ngiga qadar natijani ushlab qolishni uddaladi. Portugaliyalik superyulduz Lopesh darvozasiga yo‘l topa olgan bo‘lishiga qaramay, dubl unga va jamoasiga kamlik qildi. “Yuventus”ning boshqa o‘yinchilarini Ronaldudan ajratib qo‘ya olgan “Lion”ga tasanno. To‘g‘ri-da, Ronalduni to‘xtata olmagandan keyin, hech bo‘lmasa, uni sheriklaridan uzib qo‘yish zo‘r taktika-ku, axir.

f1df8610-d8f0-11ea-b19d-868d22bb31a6

  1. “Liverpul” – “Atletiko” 2:4

O‘z maydonida Chempionlar Ligasining amaldagi g‘olibi, APL peshqadamidan birorta zarba qabul qilmay ustun kelgan jamoani bilasizmi? Bu - “Atletiko”. Uni Diego Simeone ismli murabbiy boshqaradi. Va ular “Liverpul”dek klubni nimchorak finalda qoldirib ketishga qodir. Istasa, 4-daqiqada to‘p kiritib, qolgan vaqtda raqibni o‘ynashga qo‘ymaydi, xohlasa, imkon berib, qo‘shimcha bo‘limlarda uni o‘z muxlislari qarshisida yutadi. “Enfild”dagi uchrashuvda madridliklar ko‘zi qonga to‘lgan “qizillar”ni taktik jihatdan mag‘lub etdi.

liverpool_fc_v_atletico_madrid_-_uefa_champions_league_round_of_16_second_leg

  1. “Manchester Siti” – “Lion” 1:3

La Liga chempionini hotirjam yutgan, o‘z milliy chempionatida kumush medallar egasi bo‘lgan klub keyingi bosqichda kimga qarshi o‘ynashidan qat’iy nazar favorit bo‘ladi. “Siti” ham aynan shu faktor tufayli biroz hushyorlikni yo‘qotdi. Qo‘shimchasiga, “Lion” har tomonlama super o‘yin namoyish etdi. Murabbiy Rudi Garsiya bu uchrashuvda ham raqibiga master-klass o‘tab berdi. Faqat bu safar o‘yinchi almashtirish borasida. U maydonga tashlagan Dembele ko‘p o‘tmay dubl qayd etdi va klubiga yarim final chiptalarini taqdim qildi. Mana bu topqirlik. Ammo Mussaning 2 goliga qadar frantsuzlar kimsan Gvardiola jamoasi bilan tengma-teng o‘yin ko‘rsatganini ham e’tirof etish joiz. Dahshatli ko‘ringan “shaharliklar”ni kamtargina “Lion” mahf etdi. Mana sensatsiya!

Desktop_1920_UK_UCL_Lyon_Manchester_City_Cornet_Caqueret_joie_etc

Gollar shousi

E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu mavsum juda gollarga boy o‘tdi. Musobaqa UEFA Chempionlar Ligasi nomini olganidan buyon eng sermahsul o‘tgan mavsumda har bir o‘yinda o‘rtacha 3,24 ta gol kiritildi. Bunga eng yaqin natija esa 2017-18 yilgi mavsumda qayd etilgan (3,21). Mana shunday gollar bilan bezalgan uchrashuvlarning eng sara ettiligini e’tiboringizga havola qilamiz.

  1. “Tottenxem” – “Bavariya” 2:7

Pochchetino shogirdlari hammasini yaxshi boshlagan edi. Son 12-daqiqada hisobni ochdi. Lekin Kimmixning o‘ta mohirona zarbasi londonliklarni butkul sindirdi. O‘yinning qolgan vaqti Serj Gnabrining benefisiga aylanib ketdi. Bu o‘yinda super harakat qilgan vinger poker nishonlashga muvaffaq bo‘ldi. O‘sha kuni uni to‘xtatish shunchaki imkonsiz edi. Bundan tashqari, Levandovski ham dublni rasmiylashtirganini e’tirof etish joiz. Keynning yagona goli uning o‘ziga ham taskin bera olmagan bo‘lsa kerak.

tottenham-bayern-munich-011019ze

  1. “Dinamo” Zagreb – “Shaxtyor” 3:3

Chempionlar Ligasi guruh bosqichidan o‘rin olgan eng dramatik uchrashuvlardan biri. Zagrebliklar daxshatli kambek qurboniga aylangan va 3-o‘rinni boy bergan o‘yin. Dastlab, tezkor gol bilan oldinga chiqib olgan donetskliklar 89-daqiqada 3:1 hisobida ortda borayotgan edi. Ammo ular iroda namoyish etgan holda, qo‘shimcha vaqtlarda 2-to‘pni ham raqib darvozasiga yo‘llay olishdi. Bundan yanada ruhlanib, 90+8-daqiqada penaltidan muvozanatni tenglashtirishadi. Bu aniq zarba amalda “konchilar”ga 3-o‘rinni taqdim etdi va ular Evropa Ligasida ishtiroklarini davom ettirdi.

EIuTtnhXUAodUgJ

  1. “Liverpul” - “Red Bull” 4:3

2-turdan o‘rin olgan o‘yin bir qarashda katta afishaga ega emasdi. Favorit nomi ham yaqqol aniq, amaldagi chempion tarkibidagi futbolchilar to‘purarlar poygasidagi imkoniyatlarini yaxshilab olishi kutilgandi. Biroq avstriyaliklar bunga rozi bo‘lishmadi. Aslida, o‘yin mersisaydliklar kutgan stsenariyda boshlandi. 1-bo‘lim tugagan bir vaqtda tabloda 3:1 hisobini ko‘rish mumkin edi. Ikkinchi 45 daqiqalik esa “Red Bull”ning juda faol hujumlari bilan boshlandi va ular o‘yinning 1 soati ortda qolgan paytda hisobni tenglashtirishdi. Kamiga, Minamino “qizillar”ning aldab bo‘lmas himoyachisi Van Deykni ojiz qoldirib, jamoasiga chiroyli gol keltirdi. Faqatgina, 69-daqiqada Salah tarozi pallalarini klubi tarafga burishga muvaffaq bo‘lgan edi. Bu Klopp uchun mavsumning eng og‘ir o‘yinlaridan biri sifatida yodda qoldi.

383018-liverpool-survive-shock-salzburg-comeback-to-win-seven-goal-thriller-at-anfield

  1. “Valensiya” – “Atalanta” 3:4

Bu mavsum “Atalanta” gol urmagan raqib qoldimi? Bo‘lsa bordir, ammo “Valensiya” emas. Italiyada shundoq ham 3 ta to‘p farqi bilan yutqazgan “ko‘rshapalaklar” o‘z uylarida nimadir qilishini barcha kutgan edi. Ispanlar hujumi buni uddaladi ham. Urilishi kerak bo‘lgan 3 ta gol urildi. Ammo bergamoliklarning Yosip Ilichich ismli yarim himoyachisi bor va u o‘yini o‘xshasa, poker qilishdan ham qaytmaydi. Aynan sloveniyalik futbolchi bu o‘yinda “Valensiya” himoyachilariyu darvozabonini 4 ta to‘p bilan “siyladi”.

5e68cc8e3ed3c

  1. “Liverpul” – “Atletiko” 2:3

To‘g‘ri, bu o‘yinda kamroq gol urildi. Ammo qanday o‘yinda va qaysi vaqtlarda urilganligi shou darajasini belgilaydi. Mehmondan 1:0 hisobidagi mag‘lubiyat bilan qaytgan “qizillar” hujumiga qarshi “Atletiko”ning metin himoyasi. Dramaga aylangan o‘yinning asosiy vaqti bahs davomida faqat oldinga intilgan mezbonlarning 1 ta to‘p ustunlikdagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ekstra taymda “matraschilar” 3 ta gol kiritishiga murabbiy Simeone va ba’zi futbolchilardan boshqa birovning ishongani dargumon. Ammo Alvaro Morata va Markos Lorrente bunga 100 % ishongan edi va ularning maydonga tushishi o‘yin tizginini madridliklar tomonga burib yubordi. Garchi qo‘shimcha bo‘limlarning 4-chisi o‘tib borayotganda Firmino gol urgan va mersisaydlik muxlislar g‘alabani nishonlashni boshlagan bo‘lsa-da, “Atletiko” 25 daqiqa ichida 3 gol bilan g‘alabani ulardan tortib oldi.

ES2-5ceVAAAQVOm

  1. “Chelsi” – “Ayaks” 4:4

Bir mavsum avval Evropani zir titratgan amsterdamliklardan bu safar ham yorqin futbol kutganlar mutlaqo adashmadi. “Ayaks” yoshlari “aristokratlar”ga qarshi o‘yinda ham doimiy go‘zallikdan muxlislarni bahramand etishdi. 4 daqiqa futbol tomosha qilgan muxlislar 2 ta gol ko‘rishga muvaffaq bo‘lganida hali voqealar rivoji qanday tus olishini taxmin qilmagan bo‘lsalar kerak. O‘yin davomida amsterdamliklar raqiblariga 2 marta penalti tepish imkoniyatini berib qo‘yishdi. Kamiga, 2 ta qizil kartochka olib, “ko‘klar”ga qo‘llaridan kelganicha yordam berib yuborishdi. Londonliklar ham mehmondo‘st emasmi, 2 ta avtogol bilan baholiqudrat javob qaytarishdi. Bunday qiziqarli kechgan uchrashuvni muxlislar hali beri unutmasalar kerak. Ammo bundan-da qiziq bir o‘yin ham mavjud-ki, jamoalar darajasi hurmati “Chelsi” – “Ayaks” uchrashuvi shouning ikkinchi o‘rinida qolib ketdi...

2711115-56044330-2560-1440

  1. “Barselona” – “Bavariya” 2:8

 UEFA Chempionlar Ligasi 2019/20 yilgi mavsumida umumiy 386 ta o‘yin o‘tkazilgan bo‘lsa, ushbu o‘yin barcha uchrashuvlarning bezagi hisoblanadi. Mavsumning eng yorqin afishasiga ega bo‘lgan bahs bizga naq 10 ta gol taqdim etdi. Bu o‘yin haqida gapirilmagan gap, bildirilmagan fikr, yozilmagan tahlil qolmadi, go‘yo. Ammo ushbu uchrashuv “Bavariya” chempionlikka haqiqatan ham loyiq ekanligini va “Barselona” tuzatishi shart bo‘lgan muammolarni ko‘rsatib berdi, nazdimizda. Uchrashuv yakunlanganligi haqidagi xushtak yangragan vaqtda barcha shokda edi. Hatto, “ko‘k-anorranglilar”ning ashaddiy dushmanlari ham.

42402dedd11eab93e90327a4afe94

Favoritlar kushandalari

Bu nomga ikki jamoa qolganlaridan ko‘proq mos tushadi: “RB Leyptsig” va “Lion”. Ikkisi ham bir qator kuchli jamoalarni musobaqa bilan hayrlashishga majbur qildi va yakunda yarim finalgacha etib kelishdi.

“RB Leyptsig”

Yuqorida ta’kidlanganidek, Yulian Nagelsmann o‘z jamoasini qabul qilib olgan ilk mavsumidayoq katta natijalarni qo‘lga kiritishni boshladi. O‘z guruhidan 1-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqqan “buqalar” 1/8 finalda amaldagi finalchi “Tottenxem”ni turnirdan chiqarib yubordi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, “shporlar”dan birorta gol o‘tkazmagan jamoa keyingi bosqichga ishonch bilan yo‘l oldi. Bu bosqichda esa, ularga “Atletiko” raqib bo‘lishi ma’lum bo‘lganida ularning g‘alabasini hech kim ishonch bilan ayta olmas edi. Ammo hujumga o‘tishni yoqtiruvchi jamoa yakunda o‘z maqsadiga etdi.

RB_LEIPZIG_VS._ZENIT_(7)

“Lion”

Eng qizig‘i, “Lion” ham “RB Leyptsig” bilan bir guruhdan joy olgan va ikkinchi o‘rin bilan pley-offda qatnashish huquqini qo‘lga kiritgandi. Bu bosqichda Ronaldusi bor “Yuventus” unga raqiblik qilardi. “Sherlar” bu jumboqning javobini topa oldi va turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purarni musobaqa bilan xayrlashishga majbur qildi. Aslida, buning o‘zi juda katta narsa. Ammo Rudi Garsiya yana bir grand jamoaga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi. Gvardiola taktikasiga bardosh bera oladigan murabbiylar soni ko‘p emas. Ular noyob hisoblanadi. Chunki o‘yin davomida raqibini to‘psiz qoldiradigan klublar raqiblarining asab va kuchlarini ketkazishini poylashadi. Qo‘shimchasiga, pandemiya tufayli Frantsiya chempionati ancha erta to‘xtatilgan va “Lion” o‘yin amaliyotisiz qolgan edi. Bu faktorlar Garsiya shogirdlariga salbiy ta’sir qilmadi. Negaki, ular barchasiga oldindan tayyor edi. Grandlar kushandalari ham aynan shunday yo‘l tutishadi.

photo_331120

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!