Sanjar Qodirqulov: Debyut o‘yinimda gol urishimni hayolimga ham keltirmagandim

  • 14 oktabr, 2019, 21:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Kutilganidek, Yamanga qarshi uchrashuvda terma jamoamizning boshlang‘ich tarkibida o‘zgarishlar kuzatildi. Ayniqsa, termaga oxirgi bo‘lib taklif qilingan «Bunyodkor»ning yosh futbolchisi Sanjar Qodirqulovning asosiy tarkibdan joy olgani barcha uchun syurpriz bo‘lgandi. Lekin uchrashuvdagi birinchi golni aynan Qodirqulov kiritganligi, qolaversa, o‘yin davomida o‘zii yo‘qotib qo‘ymasdan yaxshi taassurot qoldirganini Abramovning yana bir bor topqirligi bilan bog‘lash mumkin. Biz esa uchrashuv qahramonlaridan biriga aylangan Sanjar bilan o‘zimizni qiziqtirgan mavzularda suhbatlashdik.

Tecno

- Milliy terma jamoadagi debyutingiz har tomonlama omadli chiqdi. Bosh jamoamiz safidagi ilk o‘yin, ilk gol va yakunda ajoyib g‘alaba. Vaholanki, milliy termaga oxirgilardan bo‘lib chaqirilgandingiz, ammo barchasi siz uchun tez sodir bo‘lgandek…

- To‘g‘ri, hammasi chindan ham men uchun tez sodir bo‘ldi. Bungacha men olimpiya terma jamoasining yig‘inida edim. Milliy termaga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin ertasi kuni Vadim Abramov meni bosh jamoaga chaqirdi. To‘g‘risi, bu taklif men uchun kutilmaganda bo‘ldi. Yamanga qarshi uchrashuvdan oldin esa maydonga tushamanmi-yo‘qmi, buni bilmagandim. Bilasizmi, o‘yin kuni asosiy tarkibda maydonga tushishimni eshitishim bilanoq meni hayajon bosdi. Baribir bu men uchun milliy termadagi birinchi o‘yin edi, qolaversa, rasmiy maqomdagi bellashuv, bundan tashqari, o‘z maydonimizda minglab muxlislarimiz qarshisidagi o‘yin edi. Xudoga shukrki, yuzim yorug‘ bo‘ldi. Hammaga rahmat aytaman. Uchrashuvdan avval jamoadoshlarim ham meni qo‘llab-quvvatlashdi. Havotir olma, o‘yinda biz bormiz, o‘zimiz seni qo‘llab turamiz deganlaridan so‘ng mendagi bosim ancha kamaydi. Maydonga tushib, hakamning birinchi xushtagidan keyinoq endi orqaga yo‘l yo‘q deya astoydil o‘ynashga harakat qildik. Shu o‘rinda Vadim Karlenovichga alohida rahmat aytaman. Chunki u menga qo‘rqmasdan mana shunday o‘yinda ishonch bildira oldi. Tabiiyki, shu kuni hissiyotlar ham o‘zgacha bo‘ldi. To‘g‘risi, shuncha ishqibozlar qarshisida birinchi marta o‘ynadim. Gapning ochig‘i, hali bunday muhitda o‘ynashimni kutmagandim. Muxlislar stadionda juda ajoyib muhitni yaratib berishdi. Bundan keyin ham ularning ishonchlarini qozonishga harakat qilamiz.

qodirqulov6

- To‘g‘ri, sizning asosiy tarkibda maydonga tushishingiz kutilmagan holat bo‘ldi. Lekin shunga qaramay, bahs boshidayoq ajoyib gol urgan holda hammasini boshlab berdingiz…

- Ha, bunisi ham men uchun kutilmaganda yuz berdi. Albatta, maydonga borimni beraman deb tushgandim. Lekin tan olaman, debyut o‘yinimdayoq mana shunday katta o‘yinda gol urishimni hayolimga ham keltirmagandim. Ammo ko‘rib turganingizdek, gol ham urdim va Xudoga shukr keltiraman.

- Bungacha sizni muxlislar asosan «Bunyodkor»dagi o‘yinlaringiz orqali bilishardi. Terma jamoa esa bu alohida mavzu va uning auditoriyasi ham katta. Shuning uchun dastlabki o‘yiningizdan so‘ng endi sizga bo‘lgan qiziqish, e’tibor va munosabat ham ortib bormoqda. Bu holatda siz uchun o‘ziga xos reklama vazifasini ham o‘tayotgandek…

- To‘g‘ri aytdingiz, bu xalq jamoasi. Aynan xalqning nazarida bo‘lgan jamoa hisoblanadi. Klub esa o‘z nomi bilan klub va u erda boshqa vazifa. Terma jamoada esa mutlaqo boshqacha vazifalar qo‘yiladi. OAV va internetda ko‘p yozishayotgani esa bir tomondan xursand ham qiladi. Lekin boshqa tarafdan olib qaraganda, o‘ziga yarasha bosim ham bo‘ladi. Nasib qilsa, bundan ham yaxshiroq o‘ynab vatanim terma jamoasining g‘alabalariga hissa qo‘shish uchun bor kuchim bilan o‘ynayman. Muxlislarga esa bitta gapni aytishim mumkin: maydonga tushganimda borimni berib o‘ynayman, bu borada shubha qilmasliklarini so‘rab qolaman.

qodirqulov2

- Shu o‘rinda futbolga qanday kirib kelganingiz, ilk murabbiyingiz kim bo‘lgani haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?

- Futbolga 12 yoshimda kelganman. Sergelidagi «Bahor» degan mahallasida mashg‘ulotlarni boshlaganman. Birinchi murabbiyim Nuriddin aka. Shundan keyin biroz vaqt o‘tib meni «Bunyodkor» akademiyasiga qabul qilishgan. U erdagi birinchi murabbiylarim – Yorqin Nazarov bilan Abdumalik Sattorovich.

- Aytish joizki, siz olimpiya terma jamoasining a’zosi hisoblanasiz. Sizning milliy termada to‘p surishni boshlaganingiz esa faoliyatingizda yangi sahifa ochilganidan dalolat. Lekin, baribir olimpiya bilan milliy termaning o‘ziga yarasha farqlari bor. Ya’ni, birdaniga olimpiyadan bosh jamoaga o‘tganingizdan keyin moslashishga qiynalmadingizmi?

- To‘g‘ri aytdingiz, bu erdagi muhit boshqacha. Hammasi professional va nomi chiqqan o‘yinchilar. Yashirmayman, milliy terma jamoaga birinchi marta kelganimda meni qanday kutib olisharkin, kim o‘zi bu bola, deb o‘ylanishsa kerak, degan hayollarga borganman. Qolaversa, bosh jamoamizga moslashib ketishim ham qiyin bo‘lsa kerak, deb ham o‘ylaganman. Ammo jamoaga kelganimda barcha futbolchilar meni yaxshi kutib olishdi. Jamoadagi barcha futbolchilar mendan katta va ular meni xuddi o‘z ukasidek qabul qilishdi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. To‘g‘ri, qaerdadir tanqid qilishadi, qaerdadir maqtashadi, bu esa futbolning bir qismi. Baribir kattalardan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p.

- Aslida ham sizdan ichki muhit haqida so‘ramoqchi edim. Falastindagi mag‘lubiyatdan keyin turli gap-so‘zlar paydo bo‘lgandi. Hozir esa vaziyat o‘zgargandek. Siz esa termaning yangi futbolchisi sifatida hammasini ko‘rdingiz…

- Ochig‘i, uchrashuvdan oldin bosim bor edi, hozir esa ancha kamaydi deb o‘ylayman. O‘yinning ertasi kuni tiklanish mashqlarini bajardik. Ammo Vadim Karlenovich o‘yin haqida hech nima demadi. Albatta, endi bor e’tiborimizni Singapur bilan o‘yinga qaratganmiz.

qodirqulov7

- Shuningdek, ko‘pchilik Yamanni kuchsiz ekanligini bizga aytarli qarshilik ko‘rsata olmaganini aytishmoqda. Bu borada siz nima deya olasiz?

- Hech bir raqibni kuchsiz deb bo‘lmaydi. Chunki o‘sha Yaman bungacha Saudiya Arabistoni bilan Singapurga yutqazmagandi. Qaytanga, ular o‘sha raqiblar darvozasiga ikkitadan gol urgani ham e’tiborga molik.

- O‘sha o‘yindagi golingiz, o‘yiningiz va g‘alabadan keyin o‘zingizga bo‘lgan ishonch qanchalik darajada oshdi?

- Nima desam bo‘ladi? Ha, to‘g‘ri, o‘zimdagi bosim tushdi. Ishonchga keladigan bo‘lsak, doim o‘zimga ishonaman. O‘sha kuni jamoadoshlarimning harakatlari evaziga shunaqa o‘yin ko‘rsatdim deb o‘ylayman. Xudo xohlasa, mana shunday birdam bo‘lib harakat qilaversak, hammaning ishonchi ortadi deb o‘ylayman.

- Siz Vadim Abramov bilan «Bunyodkor»da ham birga ishlaysiz va uning xususiyatlarini yaxshi bilasiz. Mana, endi u bilan milliy terma jamoada ham birga ishlayapsiz. Ayting-chi, klub bilan termadagi Abramovning qanday farqlari sezilyapti?

- To‘g‘risi, o‘zgarishni ko‘rmadim. Abramov oldin qanday bo‘lsa, hozir ham shunday. Har doim samimiy.

- Aslida Vadim Karlenovich milliy termani qabul qilib olganidan keyin ko‘pchilik «Bunyodkor»dan ham futbolchilarni chaqirishini kutgandi va shunday ham bo‘ldi. Ayting-chi, Abramov milliy termaga bosh murabbiy bo‘lgach, siz ham klubdan bir qator o‘yinchilarni jalb etishini sezganmidingiz?

- Albatta. Chunki «Bunyodkor»da ham iqtidorli futbolchilar etarlicha. Shu bois terma safida o‘ynab ketishi mumkin bo‘lgan yigitlar talaygina. Vadim Karlenovich har bitta o‘zbek pasportiga ega bo‘lgan futbolchiga terma jamoa eshiklari ochiq degani ham bejiz emas.

- Shu bilan birga olimpiya terma jamoasining salohiyati va imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. Chunki tarkib juda iqtidorli futbolchilardan tashkil topgan. Ammo guruhimizga qiyin raqiblar tushib qolishdi. Bu haqidagi fikrlaringiz qanday?

- To‘g‘ri, bizning guruhimiz qiyin. Lekin hech kim oson guruhni kafolat qilib bermaydi-ku. Aslida har qanday guruhning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Misol uchun guruhimizga boshqa jamoalar tushishganida ham biz 100 foiz kuchimiz bilan o‘ynagan bo‘lardik. Shunday ekan, hozirgi raqiblarimizga qarshi kechadigan har bir o‘yinga katta mas’uliyat bilan tushamiz. Lekin bizning jamoa ham chakki emas. Tarkibga kuchli o‘yinchilar yig‘ilishgan. Xudo xohlasa, albatta muxlislarimizning ishonchini oqlaymiz. Bizni qanday yo‘l kutib turganini hamma yaxshi tushunib turibdi. Barchamiz bitta yo‘l sari birlasha olsak, marraga birinchi bo‘lib etib kelamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Рустам Содиков
15/10/2019 22:52
Бундан кейинги уйинларда хар бирингиз гол ураман ёки голга ассистентлик киламан деб уйингга тушинглар.