
Samvel Babayan yopishga qiynalayotgan “Navbahor”ning nozik nuqtasi
Superligada ikkinchi davra boshlandi. Tanaffusdan keyinoq markaziy o‘yinlar boshlanib ketdi.
Qarshida mavsumdagi eng muhim o‘yinlardan biri o‘tkazildi. “Nasaf” o‘z uyida “Navbahor”ni qabul qildi. Bellashuv muxlislarga manzur bo‘lgani bor gap. Chunki ikkita teng kuchli jamoalar to‘qnashuvi va ularning birinchi turdagi hisob-kitobi qolib ketgandi. Namangandagi o‘yin nafaqat hisob jihatdan nursiz, balki uchrashuv ham shunga monand edi. Ammo Qarshidagi javob bahsi tamomila o‘zgacha o‘tdi.
To‘g‘ri, tomoshabinlar bitta gol ko‘rishdi xolos. Biroq o‘yindagi jarayonlar ko‘pchilikka manzur keldi.
“Ajdarlar” birinchi davrani ko‘ngildagidek yakunlamagandi. Ikkinchi davrani ham shunday boshladi. Qolaversa, o‘z uyida va chempionlik uchun kurashayotgan asosiy raqiblaridan biriga mag‘lub bo‘ldi. Ushbu 3 ochko “Navbahor” uchun juda muhim va shu bilan birgalikda chempionlik yo‘lida tashlangan qadamlardan biridir.
Lekin Samvel Babayan oldida hal qilishi kerak bo‘lgan ish bor. U ham bo‘lsa chap qanot himoyasi. Zamonaviy futbolda ikkita qanotning ishlashi juda muhim. “Navbahor” ustozi bu pozitsiyada hammani sinab ko‘rmoqda. Ammo hozircha echim topilmadi. Chunki Stanislav Andreevning yoshi o‘tib qolgan. Tezlik deyarli yo‘q. Boyan Tsiger va Igor Golban ham chap qanot himoyasida o‘ynab ko‘rdi. Biroq nomlar tez-tez o‘zgarishidan murabbiyning ko‘ngli to‘lmayotganini payqash mumkin.
Mirzohid G‘ofurovning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmayapti. “Neftchi”ga yo‘l olgan himoyachi bir necha yil Namanganda muvaffaqiyatli to‘p tepgandi. Bugun uning o‘rniga nomzod topilmadi. Davralar oralig‘ida Vladimir Kozak olib kelindi. Biroq unda o‘yin amaliyoti yo‘qligi va bundan buyog‘iga “Navbahor” uchun har o‘yin finalga teng ekanligidan kelib chiqib, Kozak qachon tayyor bo‘lsa shunda maydonga tushadi. Chunki turnir jadvalida intriga yuqori. Biroz tin olishga hech kimning haqqi yo‘q. Aks holda o‘z o‘rnini boshqalarga bo‘shatib beradi.
“Navbahor”dagi bu muammo “Real”da ham kuzatilgandi. 2020 yili “qirollik klubi”ning chap qanoti ish bermagandi. Vinisius o‘zini ko‘rasa olmagandi. Chunki yoshi o‘tgani uchun Marselo asosiy tarkibga kiritilmagandi. Uning o‘rnida harakat qilgan Ferlan Mendi esa Vinisius bilan bog‘lam hosil qilolmagan. 2021-2022 yilgi mavsumda Vinisius barchasini o‘z zimmasiga oldi va yana bu qanotni jonlantirdi.
“Lochinlar”da chap qanotning egasi chiqmayapti. Oldingi chiziqdagi boshqa futbolchilar bor. Ammo himoyalanishda bu pand bermoqda. “Nasaf”ga qarshi o‘yin fikrimizga yaqqol misol.
Qarshiliklar ikkinchi bo‘limda tashkil etgan hujumlarining 90 foizi shu qanotdan uyushtirildi. Xatto gol urishi ham mumkin edi. Faqatgina omad ulardan yuz o‘g‘irdi. Alen Mashovich deyarli bo‘sh darvozaga to‘pni yo‘llay olmadi. Qarshiliklarning qanotdagi tezkor futbolchilari 32 yoshli Golbanga imkon bermadi.
“Navbahor”dagi bu muammodan “Nasaf” foydalana olmagandir. Biroq “lochinlar”ni hali boshqa kuchli jamoalar ham kutmoqda. Ularga qarshi o‘yinga qadar Samvel Babayan chap qanot himoyasidagi muammoni hal etishi kerak. Bu pozitsiyaning egasi kim bo‘lishi juda qiziq. Balki boshqa markaziy himoyachilardan yoshroq Rustam Ashurmatovni sinab ko‘rilar. Har holda markaziy himoyada yana boshqa futbolchilar bisyor.
Bekzod ISAEV
Fikrlar