Samvel Babayan qahramonga aylanadi?!

  • 3 iyun, 2022, 00:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Chempionlikni orzu qilib kelayotgan “Navbahor” bu yil maqsadiga erisha oladimi-yo‘qmi, bilmadigu, lekin hozir klub peshqadamlar safida boryapti. 20 ochko to‘plagan klublar orasida mazkur jamoa ham bor-da. Bungacha saytimiz orqali AGMK bilan “So‘g‘diyona” haqida yozdik. Endi navbat “Navbahor”ga.

Tecno

Har gal bu klub alohida mavzu bo‘lib kelgan. Chunki doim bunga etarlicha sabablar topiladi. Oxirgi yillarda chempionlik uchun astoydil kurashga kirishgan-u, biroq yakunda buning uddasidan chiqa olishmayapti. Demak, bu masalada jamoaga nimadir etishmayapti. Rahbariyat baribir orqaga chekinmadi. Bu safar azaliy orzusi uchun yanada jiddiy harakatni boshladi. Ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘lini Samvel Babayan bilan birga bosib o‘tishni to‘g‘ri yo‘l deb topishdi.

navbaxor2_5

Mavsumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida selektsiya faol tarzda olib borildi. Chempionatimiz miqyosida shov-shuvli transferlarga qo‘l urildi. Ko‘zga ko‘ringan, nomdor futbolchilar birin-ketin “Navbahor” bilan shartnoma imzoladilar. Hammasi oddiy: Babayan chempionlik yo‘lida tarkibni o‘zi istagandek, shunga yarasha shakllantirdi. Buning uchun rahbariyat va ayniqsa viloyat hokimi barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berdi. Tan olish kerak, klubga taklif etilgan o‘yinchilarning narxi qimmat turadi. Shu bois ularni ko‘ndirish va kelishish oson emas. Lekin Babayan oldiga qo‘yilgan maqsadiga erishish uchun tarkib ham kuchli bo‘lishini xohladi va shunga moslab tajribali futbolchilarni “Navbahor”ga ko‘ndirdi.

Chempionat boshlanishidan oldin “Navbahor” ham asosiy raqobatchilar orasida tilga olina boshladi. Ana endi 10 ta o‘yin o‘tkazgan jamoaning imkoniyatlari haqida qisman tasavvurlar paydo bo‘lyapti. Boshqalar qatori namanganliklar ham bitta kam o‘yin o‘tkazishgan va shuning evaziga 10 ta uchrashuvda maydonga tushishdi. “Olimpik” bilan bahsi qoldirilgan. Sababini bilsangiz kerak.

navbaxor222_1

Samvel Babayan klubi hozircha 20 ochkoni qanday to‘pladi? Buning uchun 6 ta g‘alaba va 2 durang kerak bo‘ldi. Albatta, yonida 2 ta mag‘lubiyati ham bor. Chempionatda mag‘lubiyatga uchramagan klublar ham bor, lekin bu “Navbahor” emas. 4- va 5-turlarda mos ravishda safarda “Paxtakor”, Namanganda “So‘g‘diyona”ga yutqazib qo‘ydi. Qolgan uchrashuvlarda muxlislarini xursand qilyapti. Stadionda ishqibozlarning faol qo‘llab-quvvatlashi ham jamoaning g‘alabalarida muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti.

Bundan tashqari, klub O‘zbekiston Kubogidagi yurishini ham davom ettirmoqda. O‘z guruhida muvaffaqiyali natijaga erishdi va aslida bu kutilgan jarayon edi. Boisi, “Navbahor” O‘zbekiston chempionati bilan bir qatorda Kubok musobaqasida ham marrani katta olgan. Shu sababli Babayan Kubok bellashuvlarida ham asosiy tarkib a’zolariga ishonch bildirdi.

navbaxor3_2

Darvoqe, to‘plar nisbati haqida. “Navbahor” bu borada biroz kamtarroq natija ko‘rsatyapti. Raqiblar darvozasiga 12 ta gol urgan va 6 ta to‘p olib chiqqan. Hisoblarga qaraydigan bo‘lsak, eng ko‘pi bilan bir o‘yinda 2 ta gol urdi. 11-turda “Lokomotiv” ustidan 2:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Bu hozircha namanganliklarning Superligadagi eng katta hisobdagi g‘alabasi bo‘lib turibdi. Qolgan bahslarda ham ikkita to‘p kiritgan paytlar  bo‘ldi. Faqat unda ham bitta to‘p farqi bilan yutgan. Bundan shuni bilish mumkinki, “Navbahor”ga natija juda muhimligi sababli shunga ko‘proq urg‘u qaratilmoqda. Buning ustiga Namanganda muxlislarning bosimi ham juda katta. Bu esa har qanday futbolchining o‘yiniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Babayan 1996 yilgi natijani takrorlash niyatida ekanini aytdi. Mavsum hali uzun. Agar Samvel Vyacheslavovich muxlislarning orzusini ro‘yobga chiqarsa bormi, Namangan qahramoniga aylanadi. Sovrinli o‘rinlardan birini egallash ham aslida klub uchun yaxshi natija. Ammo ular kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynamoqchi. Buning uchun yo chempionlik yoki Kubokni yutishi kerak-da...Bundan keyin ham Babayan va “Navbahor”ni kuzatish juda qiziq kechadi, ishoning!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
salahidin
07/06/2022 09:59
Бабаян соткин
&
Восток
03/06/2022 23:59
Омад Навбахорга
solijon bobokulov
03/06/2022 15:39
Yashasin Navbahor, yo'qolsin Babayan!
&
Abdulla Hikmatov
03/06/2022 13:57
Chochadi lyuboyini, maydalaydi