
Ro‘ziqul Berdiev: "Ulardan bundan ortig‘ini kutyapmiz, ammo ba’zida e’tirozlar bildiryapmiz"
“Nasaf” o‘z maydonida “Neftchi”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev bir qancha savollarga javob berdi.
- Bugun o‘yinni faol boshladik. Raqibni xato qilishga, qizil kartochkaga majbur qildik. Bu faolligimizdan darak edi. Lekin ular bir kishi kam bo‘lib qolganimizdan keyin faolligimiz biroz pasaydi. Balki bu ruhiyat bilan bog‘liqdir. Yana shuni aytishim kerak, “Neftchi” himoyaviy o‘yin ko‘rsatadi. Sxemasini bilasizlar, 5-3-2. Qizir kartochkadan keyin ular sxemasini o‘zgartirarmikin, deb o‘ylagandim. Bunday bo‘lmadi, 5 ta himoyachi bilan o‘ynadi. Bunday paytda tezkor va pozitsion hujumlarga o‘tishga qiynalasiz. Shuning uchun ba’zida hujumdagi harakatlarimiz samarasiz bo‘lgandir. Bugun uch ochko qo‘lga kiritdik. Kuchli jamoani mag‘lub etdik. Bundan xursandmiz, barchani tabriklaymiz.
- Jamoada yo‘qotishlar ko‘payib ketyapti. Bu sizni xavotirga solmayaptimi?
- Albatta, bu juda ham og‘ir vaziyat. Chunki bizda etakchilar yo‘q. Ularni yo‘qligi har bir o‘yinga ta’sir qiladi. Shunga qaramasdan baxona qilmaymiz. Bizda o‘yinchilar bor va ulardan foydalanishga harakat qilyapmiz.
- Marushich bilan Bozorov ko‘rinishmadi. Nima uchun?
- “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvdan ikki kun oldin ikkalasi bir mashg‘ulotda jarohat olishdi. Bu muskullari bilan bog‘liq. Shu bois “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yinda bizga yordam bera olishmadi, bugun ham yo‘q edilar. Menimcha, keyingi uchrashuvlarda ham maydonga tushishmasa kerak. Chunki davolashga biroz vaqt kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, Silva “So‘g‘diyona” bilan bahsda jarohat oldi. Alibek Davronov olimpiya terma jamoamizning ikkinchi o‘yinida jarohat olib maydonni tark etdi. Biz Alibekni ham davolayapmiz.
- “Nasaf”ga qarshi avtobus qo‘yib o‘ynaydigan jamoalar bor. “Neftchi” boshqalarga nisbatan ochiqroq o‘yin taklif etdimi?
- Yo‘q. Hammadan ko‘ra “Neftchi” himoyada yaxshi o‘ynaydigan, sabr qiladigan jamoa. Bu sxemada ular juda yaxshi o‘ynaydi. O‘tgan yili ham, bu yil ham e’tibor bergan bo‘lsanglar, bu jamoaga hech kim ikkita gol urmagan. Ular bugun bir kishi kam bo‘lganida ham o‘z sxemasidan qochmadi. Payt poylab qarshi hujumlarga o‘tadigan klub. Agar 4 ta himoyachiga o‘tsa bizga biroz engilroq bo‘lardi. Chunki bo‘sh zonalar bo‘lardi. Shunga qaramay, ularni o‘yini shunaqa edi. Himoyani mustahkam ushlab qarshi hujumlarda payt poylash. Bir kishi kam bo‘lib qolishganida ham ularda vaziyatlar bo‘ldi, Xusaynda individual harakatlar hisobiga. “Neftchi” o‘z o‘yinidan kechmadi.
- Siz doim maydon chetida qiziqqonlik bilan shogirdlaringizga ko‘rsatma berib turardingiz. Lekin bugun turganingizni ham ko‘rmadik...
- Meni kuzatasiz shekilli. Yaxshi boshlaganimiz uchun xotirjam edim. Hatto, faolroq boshladik, desam ham bo‘ladi. Qizil kartochkadan keyin bu yog‘ini futbolchilarim yaxshi bajarishlari kerak, deb balki o‘rnimda o‘tirgandirman. Shunga qaramay, ba’zida xissiyotga berildik, asabiylashishga majbur bo‘ldik. Chunki o‘yin shuni taqozo qildi. Qarshi hujumlarda muxlislarimiz o‘ylagandek tez o‘tishga bizga imkoniyat bo‘lavermadi. Meni nazarimda, raqib bitta kam bo‘lgach, yigitlarimni o‘zi o‘yinni o‘z qo‘llariga olishlari kerak edi.
- “Nasaf” penaltidan gol ura olmadi. Muxlislar, mutaxassislar yoki hamkasblardan boshqa nomzodni ko‘rish borasida takliflar bo‘ldimi?
- Bizda boshqa nomzodlar bor edi. Marko, Javohir. Ammo ular maydonda yo‘qligi uchun Sharof ishonch bilan oldi. Kenjaboev ham tepmoqchi bo‘ldi. Shuning uchun qarshilik ko‘rsatmadik. O‘tgan safar Zoran penaltidan gol ura olmaganida ham men uni yaxshi tepa olmasligini bilardim. Ammo to‘pni qo‘liga olib tepmoqchi bo‘lganida qarshilik ko‘rsatsangiz noto‘g‘ri bo‘ladi.
- Abduvohid Ne’matov tepishini ham istaganlar bor edi...
- Abduvohid o‘sha usulda emas, boshqa usulda tepsa qanaqa bo‘lardi, bilmadik. Ne’matov ham tepish usulini o‘zgartirish kerak edi.
- Birinchi o‘zgarishingiz 33-daqiqada Jigauri bilan bo‘ldi. Jarohat bilan bog‘liqmi?
- Yo‘q. Raqib bir kishi kam bo‘lib qolganidan so‘ng qanotlarni kuchaytirish maqsadida Chogadzeni maydonga tushirdik. Ikkinchi sababi, nimagadir Jabaga o‘yinga yaxshi kirishib keta olmadi.
- Legionerlarni o‘yinidan ko‘nglingiz to‘qmi?
- Bugun 2 tasi qatnashdi, 2 tasi jarohatda. Ulardan bundan ortig‘ini kutyapmiz. Ammo ba’zida ularga e’tirozlar bildiryapmiz.
Fikrlar