Ro‘ziqul Berdiev: "Ertaga g‘alaba qozonish uchun bor kuchimizni beramiz"

  • 5 noyabr, 2023, 22:27
  • Suhrob Xolbekov
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

OChLning 4-turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Sharja" bahsi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

"Assalomu Alaykum barchaga. Yana bir sinov, yana bir jiddiy raqib, yana bir katta jamoa. Menimcha, bu uchrashuvga etarlicha tayyorgarlik ko‘rdik. Qanchalik zij taqvimda o‘ynayotganligimizga qaramay, o‘z maqsadlarimiz uchun bor kuchimizni berishga to‘g‘ri keladi. Raqibimiz ancha jiddiy, tajribali. Biz ertaga natija ko‘rsatishimiz uchun katta kuch, ko‘p mehnat qilishimiz kerak bo‘ladi. Buni barchamiz tushinib turibmiz. Hammani xursand qilish uchun maydonga tushamiz". 

"Har bir qatnashayotgan turnirlarimiz yakunlab bormoqda. Yakunda hosilni yig‘adigan paytlar keladi. Biz har bir chempionatda maksimal yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Shuningdek, bu turnirga jiddiy e’tibor qaratganmiz. Keyingi bosqichga chiqib, yana bir bor Qarshida o‘yin o‘tkazish niyatimiz bor. Albatta yigitlarda charchoq alomatlari yo‘q emas. Bu balki toliqishdir. Ertangi o‘yin qanchalik muhimligi futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya beradi va o‘zimizga kerakligicha kuch topa olamiz. Bunday bahslarda faqat kuch bilan emas, balki aql bilan o‘ynash ham talab etiladi. Bundan biz kechmaymiz. Sababi, ushbu o‘yin keyingi taqdirimizga ta’sir qiladigan uchrashuv bo‘ladi".

"So‘nggi o‘yinlarda e’tibor bergan bo‘lsangizlar Muhammadiev va Ergashev maydonga tusha olmayapti. Jigauri kecha mashg‘ulotlarga qaytgan. Bu biz uchun quvonarli holat. "Sharja"da bir-birini o‘rnini to‘ldira oladigan futbolchilar ko‘p. Raqib himoyada, qarshi hujumlarda yaxshi harakat qiladi. Shu bilan birga, individual mahorat bo‘yicha ham kuchli futbolchilari bor. Shuning uchun, biz barcha o‘yinchilarini yaxshilab o‘rganishimiz kerak bo‘ladi". 

"Bizning muxlislar ko‘p. Xalqaro maydonda nafaqat viloyatingiz uchun, balki O‘zbekiston uchun o‘ynaysiz. O‘ylaymanki, g‘alaba qozonsak, barcha o‘zbeklar xursand bo‘ladi".

"Xabaringiz bor, biz ketma-ket ikkinchi yil OChLda ishtirok etyapmiz. Bunday uchrashuvlarda nima qilish kerakligini yigitlarimiz ancha tushinib qoldi. Bu erda daraja va saviya katta narsani hal qiladi va juda ham tartibli o‘ynash kerak bo‘ladi. Biz Sharjada yutqazdik, lekin menimcha, o‘sha bahsda biz mag‘lubiyatga loyiq emasdik". 

"Ruminiyalik murabbiyni yaxshi bilaman, chunki BAAda u ko‘p yillardan beri bir nechta klublarda ishlab keladi. Natijalari ham yomon emas. Mazkur mutaxassisni "Sharja"ga kelishi klubning oldiga qo‘ygan maqsadlari katta ekanligini bildiradi. Buni jamoa o‘z tarkibiga qo‘shib olgan yulduzlaridan ham bilsa bo‘ladi. Olariu bilan "Shabab"da ishlayotgan paytida to‘qnash kelganman. Mehmondagi o‘yinda durang bo‘lgan edi. Keyingi uchrashuv natijasi esimda yo‘q. O‘sha paytlarda tarkibimizda  Gevorkyan, Shomurodov kabi futbolchilar bo‘lardi. Ya’ni mahoratga tayanib futbol o‘ynar edik. Keyingi yillarda esa biz akademiyamizga, o‘zimizning futbolchilarga e’tibor qaratishni boshladik va jamoaviy o‘yin ko‘rsatishga to‘g‘ri keldi. Bu qaysidir ma’noda o‘zini oqlamoqda. Keyingi yillarda ham "Nasaf"da jamoaviy futbol shakllanadi", - dedi Berdiev. 

Eslatib o‘tamiz, "Nasaf" - "Sharja" to‘qnashuvi 6 noyabr kuni soat 19:00da boshlanadi. O‘tgan bahsda qarshiliklar 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!