
Ro‘ziqul Berdiev: "Bu yil rekordlarni urishda davom etyapmiz"
OChL 2 ning 5-turida "Nasaf" "Quvayt SK"ni o‘z maydonida qabul qildi va mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng "ajdarlar" ustozi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida qatnashdi va jurnalistlarning savollariga javob berdi.
"Assalomu alaykum barchaga! Biz bu yil rekordlarni urishni davom etyapmiz. Qaysidir bosqichda 12 marta mag‘lub bo‘lmagandik, hozir esa 4-marta qatorasiga yutqazdik. Bu hali tarixda bo‘lmagan narsa. Asosiy maqsadimizga etganimizdan so‘ng jamoada bo‘shashish bo‘lishini bilardim. Lekin bunchalik tashavorishni o‘ylamagandim. Bu uchun asosiy aybdor murabbiylar hisoblanadi. Qanchalik yigitlarni ruhiy tomondan tayorlamaylik, natija baribir shunaqa bo‘lyapti.
O‘yinga qaytadigan bo‘lsak, bizda hammasi joyida edi. O‘z xatolarimiz bilan raqibga tashabbusni berib qo‘ydik. Bu holat "Al-Husayn" bilan o‘yinda ham bo‘lgan edi. Bu taktik emas, ko‘proq ruhiy jihatdan deb o‘ylayman. Raqibimiz yaxshi himoyalandi, biz vaziyatlardan unumli foydalana olmadik.
Nima sabab Marko Stanoevich asosiy tarkibda maydonga tushmadi?
Bizda 20 ta o‘yinchi bor. Eng yaxshilari maydonga chiqishga chiqishyapti. Bitta futbolchiga to‘xtalmoqchi emasman. Har o‘yinda eng optimal tarkibda maydonga chiqishga harakat qilyapmiz.
Abduvohid Ne’matovning qizil kartochkasi haqida nima deya olasiz?
Biz raqibimizni qarshi hujumga o‘tishiga qo‘yib berdik. Murod bilan Marko to‘pni ularga berib qo‘ydi va 4 futbolchi oldingi o‘tib ketdi. Abduvohid o‘sha vaziyatni bartaraf etish uchun risk qildi. VAR bo‘lganda balki ko‘rib chiqardi, ammo VAR bo‘lmagandan keyin qaror o‘zgarmaydi.
Guruhdagi holat nima bo‘ladi deb o‘ylaysiz?
Menimcha, guruhdagi holatimiz juda yomon. Narigi o‘yinda nima bo‘lganini bilmayman, ammo bugun biz g‘alaba qozonganimizda yaxshi bo‘lardi. Bu turnirda ham bizning omadimiz kelmadi deb bemalol ayta olaman.
"Nasaf" keyingi mavsumda hujum chizig‘ida o‘zgarishlar qiladimi?
Bu masalani o‘tgan yili ham o‘rtaga tashlaganmiz. Hujumchi sifatida taklif qilganlarimiz biz kutgandek bo‘lmadi. Keyingi yil rejalarimiz qanday bo‘ladi buni klubi imkoniyatlaridan kelib chiqib hal qiladi.
"Nasaf" tarkibidagi terma jamoada o‘ynayotgan futbolchilar klubda yaxshi o‘ynamayapti. Bunga fikringiz qanday?
Terma jamoada asosiy Sherzod Nasrullaev o‘ynayapti, Akmal va Bobir bitta bahsda qatnashdi. Sherzodga ba’zida dam berishga qaror qilyapmiz. Chunki to‘liq o‘ynagandan keyin katta yuklarni oladi. Bilasizlar, Sherzod va Oybek tandemda zo‘r harakat qiladi. Oybekning yo‘qligi balki unga ham ta’sir qilgandir. Bozorovda kichik jarohat bor va hozir tayyor emas", - dedi Berdiev.
Fikrlar