
Rossiya klubini boshqarish niyatim bor, O‘runov "Spartak"ka barvaqt ko‘chib o‘tdi, katta o‘g‘lim "Lokomotiv" (Moskva)da ishlayapti - Andrey Fyodorov Sports.uz uchun yana nimalar dedi?
Andrey Fyodorov nafaqat O‘zbekistonda, balki Rossiyada ham yaxshigina nom qozongan. Ikkala chempionatda to‘p surgan.
Ayniqsa, Rossiyada mahoratini oshirib, ko‘pchilikning hurmatini qozondi. Keyinchalik murabbiy sifatida yurtimizda ishlaganini yaxshi bilasiz. Bu yilgi mavsumni yarmigacha “Lokomotiv”ni boshqardi. Ammo natijalar ijobiy ko‘rinish olmagach, iste’foga chiqdi va Rossiyaga ketdi.
Andrey Vitalevich bilan bir qancha masalalar bo‘yicha o‘zaro muloqot qilish rejamizda bor edi. Fyodorov esa sports.uz sayti uchun suhbatlashishga rozi bo‘ldi.
- Andrey Vitalevich, hozirda qanday ish bilan mashg‘ulsiz? Futbolsiz zerikib qolmayapsizmi?
- Salom, Shuhrat. Albatta, futbolsiz zerikib qolyapman. Tanaffusim bir yilga cho‘zilib ketdi. Uyimga qaytganimdan so‘ng, qiladigan xo‘jalik va tashkiliy ishlar ko‘payib ketdi. Endi futbolsiz shu paytgacha amalga oshirib kelgan ishlarimni tahlil qilish uchun menda etarlicha vaqt bo‘lyapti. O‘zbekistonda amalga oshirgan faoliyatimni ham birma-bir ko‘z oldimdan o‘tkazyapman. Albatta, bo‘sh paytlarim ko‘pligi bois Rossiya chempionati uchrashuvlarini tomosha qilish maqsadida stadionlarga boryapman. Chunki bu erda tomoshabinlarning o‘yinlarga kirishiga cheklov qo‘yilmagan. Shu bois Moskvada iloji boricha maksimum darajadagi uchrashuvlarni kuzatyapman. Bellashuvlarni kuzatish asnosida o‘zim uchun nimanidir olishga harakat qilyapman. Uyga qaytganimdan keyin xo‘jalik ishlariga sho‘ng‘iyman. Futbolda umrini o‘tkazgan odam uchun sevimli o‘yinsiz qolish albatta zerikarlidir.
- “Lokomotiv”da ikki bor ishladingiz. Ammo ikkinchi marta qaytganingiz uzoqqa cho‘zilmadi. Buning sababi natijalardami yoki yana boshqa nimadir bormi?
- “Lokomotiv”da olib borgan ishlarimga kelsak, hammasi unchalik darajada yomon bo‘lmagan. Biz reja asosida ish olib borib, 2017 va 2018 yillarda chempionatni va Kubokni yutishga muvaffaq bo‘lganmiz. Shu tarkibni 2019 yilga ham saqlab qola olmaganimiz bizning kamchiligimiz bo‘lgan, deyish mumkin. Chunki o‘shanda tarkib o‘zagini tashkil etgan ko‘plab futbolchilar ketib qolishgandi. O‘sha ijrochilar “Lokomotiv” o‘yinini tashkil etib berardilar. “Lokomotiv” shunday o‘yin tashkil etadiki, to‘pni imkon qadar raqibdan tezroq olib qo‘yishga harakat qiladi. Buning uchun ketganlar o‘rnini to‘ldirishda yosh futbolchilarni tarkibga jalb etganmiz. Ularning bir-birlarini maydonda tushunishlari uchun muayyan vaqt kerak bo‘lardi. Boya aytganimdek, “Loko”ning o‘yinini belgilab bergan olti nafar o‘yinchi ketgani bois hammasini o‘z iziga tushirish uchun vaqt kerak bo‘lardi. Shunday tarkib bilan ham O‘zbekiston chempionatida yomon ishtirok etmay ikkinchi o‘rinda borganmiz. Albatta, Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatsiz qatnashganimiz chakki bo‘lgandi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, O‘zbekistonda amalga oshirgan ishlarimni tahlil qilish uchun menda etarli vaqt bo‘lyapti. OChLda guruhdan chiqa olmaganimiz juda achinarli bo‘lgandi. Chempionlar ligasida o‘ynayotgan paytingda raqibga moslashgan holda to‘p surishing kerak bo‘ladi. Yangi shakllangan tarkib bilan bunday o‘ynash oson emas. Biz musobaqa davomida amirliklarda, Eronda, Saudiyada to‘p surdik. Agar raqiblarga qarshi sal boshqacharoq to‘p surganimizda o‘ylaymanki natijalarimiz ham shunga mos bo‘lardi. 2018 va 2019 yillardagi o‘yinimizni oladigan bo‘lsak, biz o‘shanda raqiblarga shunchaki yutqazmaganmiz. Bizda ham g‘alaba qozonish uchun etarli darajada imkoniyatlar bo‘lgan.
- Sizni yana faol murabbiy sifatida ko‘rishni istaymiz. Agar sir bo‘lmasa ayting-chi, hozirda qo‘lingizda biror-bir taklif bormi?
- Hozirda biror-bir klubda ishlash yuzasidan menda aniq takliflar bor deya olmayman. To‘g‘ri, O‘zbekiston bilan aloqa saqlanib turibdi. Ammo hozircha vaqt bor ekan, shu erda ish qidiryapmiz. Lekin aniq bir takliflar yo‘q. O‘zimga qolsa, Rossiyada biror-bir klubni boshqargim bor. Shunday imkoniyat paydo bo‘lsa, Rossiya chempionatida o‘zimni jon deb sinab ko‘raman. Chunki shuning evaziga rus futbolini muxlis sifatida emas, balki uning ichidagi murabbiy rolida bilib olish imkoniyati yuzaga keladi. Hozircha rejalarim shunday, iloji bo‘lsa, klublardan birini boshqarish niyatim yo‘q emas.
- Darhaqiqat, Rossiyada ham ancha nom chiqargan futbolchi bo‘lgansiz. Nima uchun endi biz sizni Rossiyada murabbiy rolida ko‘rmasligimiz kerak?
- Nima uchun Rossiyada murabbiy sifatida ishlamasligim kerak? Darhaqiqat, bu chindan ham siz tomondan juda qiziqarli savol bo‘ldi. Ha, buni o‘zim ham xohlayman. Lekin hammasi birgina mening taklifimga bog‘liq emas, shundaymi? Intervyu boshida Rossiyada ancha vaqt bo‘lmaganim tufayli tanaffus yuzaga kelganini bejiz aytmadim. Undan oldin esa “Rubin”da o‘rinbosarlar jamoasi bilan ishlagandim xolos. Bunday darajada murabbiy o‘zini ko‘rsatishi uchun ancha ter to‘kishi kerak bo‘ladi. Ammo mashaqqatlardan qochadigan inson emasman. Agar yaxshi taklif bo‘lsa, o‘zimni albatta ko‘rsatishga harakat qilaman. Birinchi navbatda bu erda mustaqil murabbiy sifatida ishlash uchun imkoniyatga ega bo‘lishim kerak. Rossiyada murabbiy sifatida ishlash xohishi menda juda katta ekanligini alohida ta’kidlamog‘im joiz.
- Nima deb o‘ylaysiz, o‘zbek futboli oldinga nisbatan ancha rivojlanyaptimi yoki...
- Ha, o‘zbek futbolida oldinga siljish yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Endi u erda futbol o‘ynayotganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Men bu gap bilan birinchi navbatda ko‘plab bolalar futbol o‘ynashga kirishganlariga ishora qilmoqchiman. Boz ustiga shaharlarda futbol o‘ynash uchun ham bir-biridan shinam bo‘lgan turli o‘lchamdagi stadionlar qurilyapti. Ko‘proq yoshlar uchun mo‘ljallangan o‘yingohlar barpo qilinayotganidan xabarim bor. O‘yinlarning zamonaviy stadionlarda o‘tkazila boshlangani o‘zbek futboli uchun katta plyusdir. Hammasi yaxshi tomonga siljiyotganidan xursandman. Birgina meni unchalik quvontirmayotgan jihat bolalar futboli to‘garaklari etarli darajada emasligidadir. Bolalarning zamon talablariga javob beradigan maskanlarda futbol sirlarini o‘rganib, asosiy klub o‘yinchilari darajasiga chiqishlarini istagan bo‘lardim. Tashqaridan kuzatishim asnosida shunga amin bo‘ldimki, 12 yoshdan kattaroq bo‘lgan bolalar uchun to‘garaklar ancha ko‘proq. Ammo ularning kichik o‘lchamdagi manejlarda futbol o‘rganayotganlari unchalik to‘g‘ri emas. Chunki maydon o‘lchamlari bilan bog‘liq jihatlar o‘rganayotgan yoshlarning o‘sishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Men bu masalada asosiy muammo bolalar va o‘smirlar futbolida deb hisoblayman. Albatta, har qanday joyda kuzatilgani kabi bolalar va o‘smirlar futbolida o‘sish bo‘lmas ekan, katta yoshdagi futbolda ham oldinga siljish kuzatilmaydi. Axir futbolning poydevori aynan shundan boshlanadi. Hammasi bolalar, o‘smirlar, yoshlar va o‘rinbosarlar jamoalaridan boshlanib bosqichma-bosqich rivojlanib boradi. Futbolning sir-sinoatlari aynan quyidan boshlanadi. Asosiy e’tibor poydevorni mustahkamlashga – bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirishga qaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
- Yurtimizda “Lokomtiv” va “Neftchi” klublarida ishladingiz. Siz uchun qaysi bir jamoa o‘zgacha ahamiyat kasb etadi?
- O‘zbekistonda olib borgan ishlarimga kelsak, “Lokomotiv” bilan “Neftchi”ni boshqarish o‘rtasida katta farqni ko‘rmaganman. To‘g‘ri, boshqa tomondan olib qaraganda “Neftchi”ning men uchun o‘zgacha klub hisoblanishi bor gap. Negaki, bu jamoa menga ko‘p narsa bergan. “Neftchi”da futbolchi sifatida shakllandim, tanildim. Obro‘-e’tibor qozondim. “Lokomotiv” ham menda katta taassurot qoldirgan klub sanaladi. Yuqorida aytganimdek, “Lokomotiv” bilan chempionga aylandik, Kubokni yutdik. Biroq ikkala jamoani ajratib ko‘rsatish, qaysinisidir boshqasidan ustun qo‘yish men uchun to‘g‘ri bo‘lmasdi. “Neftchi” men uchun baribir katta klub bo‘lib qoladi. O‘zbekistondan ketganimdan keyin ham jamoa uchun qayg‘urishda davom etyapman. Shuning barobarida “Lokomotiv” ishtirokidagi uchrashuvlarga bo‘lgan qiziqishim “Neftchi”nikidan kam emas. Shu sababdan ham ikkala klubni birdek katta qiziqish bilan kuzatib boraman. Bu jamoalarni qadrlayman. Ularga muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolaman.
- Sizning sevimli jamoangiz hisoblanadigan “Neftchi” Superliga yo‘llanmasi uchun “Turon”ga qarshi bahsda mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvdan keyingi janjalni ko‘rdingizmi? Bu haqida nima deya olasiz?
- Superliga yo‘llanmasi uchun “Neftchi” va “Turon” klublari o‘rtasidagi o‘yinga, to‘g‘rirog‘i uchrashuvdan keyingi xunuk voqeaga kelsak, bu hol meni ham ranjitdi. Ishni bu darajaga olib borish kerak emasdi. Suhbatimiz chog‘ida bekorga ko‘p narsa tashkiliy masalaga bog‘liqligiga urg‘u berib o‘tmadim. Jumladan, “Neftchi” va “Turon” o‘yinini tashkil qilganlar hammasini e’tiborga olgan holda yo‘l tutishlari kerak edi. Shunda uchrashuvdan so‘ng bunday ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lmasmidi...Men buni juda yoqimsiz va o‘zbek futbolini mutlaqo bezamaydigan xunuk holat deb baholayman. Shu voqeadan xulosa chiqarib futbolimiz tepasida turgan rahbarlar kerakli choralarni ko‘rish payida bo‘lsalar, bundan hamma xursand va xotirjam tortardi.
- Yaqinda Sergey Yuran Oston O‘runovni hozirgi yoshidan katta ekanligini aytdi. Bu borada nima deya olasiz?
- Sizga qadar ham O‘runov haqidagi va uning yoshi bilan bog‘liq gap-so‘zlarni mahalliy rus matbuoti vakillari bilan uchrashganimda aytdim. Bu borada yuzaga kelgan bahs-munozara haqida nimadir deyish qiyin. To‘g‘risi, bu mavzuni izohlashni istamagan bo‘lardim. Chunki qo‘limda u yoki buni haq yo nohaq ekanligini isbotlovchi dalillar yo‘q. Ostonning yoshiga nisbatan kattaroq ko‘rinishi fiziologik jarayondan bo‘lsa kerak. Hammamiz ham o‘smir chog‘imizda birdaniga o‘sib, soqol-mo‘ylovlarimiz yaqqol ko‘zga tashlanib qolgandi. Bu juda ham nozik masala. Eng asosiysi, unda gapining to‘g‘riligini tasdiqlovchi isbot-dalil bo‘lishi kerak. Hammasi shunchaki taxmin va Yuranning bir qarashda yuzaga kelgan xulosasi bo‘lsa kerak. Bevosita O‘runovning o‘ziga kelsak, men uni anchadan beri bilaman. “Navbahor”dagi o‘yinlari esimda. Uning “Spartak”dagi o‘yinlari haqida nima deyish mumkin? “Ufa”da namoyish etgan o‘yinlariga nisbatan Ostonda o‘sish ko‘zga tashlandi. Nazarimda, u hammaning diqqat-e’tiborida bo‘lib turadigan klubga ancha barvaqt ko‘chib o‘tdi. Shu boisdan ham O‘runov atrofida har xil gap-so‘zlar ko‘payishga tushgan. Bu jamoani muxlislar, jurnalistlar doim sinchkovlik bilan kuzatishadi. Aytish joiz bo‘lsa, matbuot “Spartak”ni mikroskop ostida kuzatib boradi. Oston “Ufa” darajasidagi klubda yana bir mavsum to‘p surib katta jamoaga ko‘chib o‘tsa, yaxshiroq bo‘lardi. U Rossiya chempionatiga yaxshilab moslashib olishga ulgurgani ham yo‘q edi. Rossiya va O‘zbekiston chempionatlari o‘rtasida juda katta farq bor. Nazarimda, O‘runov rus futboliga moslashish jarayonini “Ufa”da yoki shu klub darajasidagi boshqa jamoada ado etsa to‘g‘riroq bo‘lardi. “Spartak”da esa bosim o‘ta yuqori. Bosimni ko‘tarish oson emas. Hammasi O‘runovning o‘ziga bog‘liq. U maydonga kam tushayotganidan o‘zini yo‘qotib qo‘ymay sabr qilishi kerak. Asosiysi, yigitcha ruhan tushkunlikka tushib qolmasa bo‘lgani. O‘runovga Rossiyadagi ishlarida faqat muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolaman.
- O‘z vaqtida “Rubin”da selektsioner murabbiy sifatida ham ishlagansiz. Faoliyatingiz davomida qaysi futbolchilarni kashf eta olgansiz?
- “Rubin”dagi faoliyatim davomida yorqin darajadagi futbolchilarni ko‘rganman. Ularni bizning selektsiya bo‘limimizdagi xodimlar topishgandi. Bo‘limdagilar ko‘z ostimizga olib qo‘yilgan futbolchilarni to‘p surayotgan klublarida diqqat bilan kuzatishgan. Jumladan, eronlik ikki nafar o‘yinchi – Sardor Azmun bilan Izzatullohini aytishim mumkin. Biz bu futbolchilarni kichik turnirlarda ko‘rganmiz. O‘shanda bizning bo‘limimizda Marat Kabaev ham ishlagandi. Sardorni bir yil kuzatganmiz. 18 yoshga to‘lganidan keyin esa “Rubin”ga taklif qilgandik. Izzatullohini ham musobaqada ko‘rganimizdan so‘ng, ma’lum vaqt kuzatganmiz va oxir-oqibat jamoaga taklif qilgandik. Hozir Izzatullohini qaerda to‘p surayotganini bilmayman. Ammo Azmun ancha mashhur futbolchi bo‘lib etishdi. Selektsiya bo‘limidagilarning ishi oson emas. Bo‘limdagilar ko‘z ostiga olib qo‘ygan futbolchilarni ancha kuzatishadi, o‘yini klub falsafasiga mos tushish yoki tushmasligini tahlil qiladilar. Bu jarayonda ko‘p narsa bir-biriga mos tushishi kerak. Jumladan, futbolchining o‘ziga qiziqayotgan klubda o‘ynashni istashi katta ahamiyat kasb etadigan jihatdir. Bu juda murakkab jarayondir. Selektsiya bo‘limidagilar yiliga 12 oy, sutkasiga 24 soat ishlaydilar, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
- Hozirgacha Qurbon Berdiev bilan yaqin aloqani saqlab kelasizmi?
- Qurbon Bekievich bilan tez-tez gaplashib turamiz desam biroz mubolag‘a bo‘lardi. Ammo o‘rtamizdagi aloqa hamon saqlanib qolgan. Bir-birimizga ahyon-ahyonda qo‘ng‘iroq qilamiz. Lekin tug‘ilgan kunlarimizda albatta tabrik yuboramiz. Agar menga ish yuzasidan uning maslahati zarur bo‘lib qolsa, istalgan paytda raqamini terishim mumkin. Bu masalada o‘rtamizda hech qanday muammo yo‘q. To‘g‘ri, ilgari juda yaqin aloqada bo‘lganmiz. Lekin hozirda bunday emas. Goh-gohida ish jarayonida xorij yig‘inlarida uchrashib qolganmiz. Masalan, amirliklarda. Bunday paytda bir-birimiz bilan do‘stona ko‘rishamiz, fikr almashamiz. Qurbon Bekievich bilan o‘rtamizda ishchi munosabat bor, desam to‘g‘riroq bo‘lardi.
- Fyodorovning murabbiy sifatidagi orzusi nima?
- Murabbiy sifatidagi orzuim shundan iboratki, qo‘l ostimdagi futbolchilardan bir qanchasini milliy terma jamoa darajasiga olib chiqishdir. Shuningdek, yana bir asosiy orzu-istaklarimdan biri o‘zim ishlaydigan jamoani chempionlar ligasi turniriga olib chiqishdir.
- O‘zbekiston terma jamoasining holati ishqibozlarni xavotirga solib qo‘ygan. Nima deb o‘ylaysiz, jamoa Vadim Abramov bilan jahon chempionatiga bora olishi mumkinmi?
- Muxlislarning O‘zbekiston terma jamoasi kelajagidan xavotirda ekanligiga kelsak, bu masalada jarayonga obektiv nigoh bilan boqish darkor. Bilasiz, Osiyo mintaqasida Eron, Koreya, Saudiya, Yaponiya, Avstraliya kabi jiddiy termalar bor. Bu terma jamoalar oldinga juda katta qadam tashlaganlar. Suriya bilan Xitoyni o‘sib kelayotgan termalar sifatida baholash mumkin. Yuqorida nomlarini sanab o‘tgan terma jamoalarning federatsiyalari mintaqada etakchi rolga ko‘tarilish uchun juda katta ko‘lamdagi ishlarni olib borishgan. Ular bilan raqobatlashish biznikilar uchun juda qiyin bo‘lgan. Nima bo‘lgan taqdirda ham terma jamoamizga ishonishimiz, uni qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz kerak. Ha, jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish juda mushkul vazifa. Ammo suhbatimiz boshida aytganimdek, ishlarni tashkil etishda to‘g‘ri yo‘l va reja tanlansa bajarib bo‘lmaydigan vazifani o‘zi qolmaydi. Biz birinchi navbatda raqobatbardosh o‘yinchilarni etishtirib chiqarishimiz kerak. Buning uchun avvalo bolalar, o‘smirlar, yoshlar futbolida katta ishlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi.
- Nima sababdan o‘g‘illaringiz Nikita bilan Aleksey siz kabi futbolni tanlashmadi. Nima, ularni futbol qiziqtirmaydimi?
- Farzandlarimning men kabi futbolga unchalik mehr qo‘ymaganiga kelsak, to‘ng‘ich o‘g‘lim avvaliga o‘yinga qiziqqan. Lekin ko‘rish qobiliyati bilan yuzaga kelgan nuqson tufayli maydonda to‘p surishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘la olmagan. Lekin futbol uning qalbida. Shu bois hozirda Moskvaning “Lokomotiv” klubida ishlayapti. Ikkinchi o‘g‘lim boshqa soha – yuristlikni tanlagan. U yurist sifatida ancha e’tibor qozondi va shunday o‘g‘lim borligidan faxrlanaman. Lekin kenjam ham futboldan uzoq emas. U kiberfutbol bilan shug‘ullanadi. Kichik o‘g‘lim bolalagidan to voyaga etguncha futbol bilan shug‘ullangan. Lekin keyinchalik maktabni bitirib, o‘qishga kirganda men unga oilada bitta futbolchi etar bo‘lishini aytgandim. U gapimga quloq soldi. Vaholanki, futboldagi natijalari ham chakki emasdi. To‘g‘ri, universitetda ham futbol jamoasi bor. Lekin o‘sha jamoa havaskorlardan iborat. Farzandlarimning istak va xohishlarini qadrlayman. Ular qanday ish bilan shug‘ullanishmasin o‘g‘illarim bilan faxrlanaman.
- Rossiyalik do‘stlaringiz sizdan o‘zbekistonlik qanday futbolchilar haqida ko‘proq so‘rashadi?
- Rossiyalik tanish murabbiylar bilan gaplashganimda ular o‘zlariga etib kelgan u yoki bu o‘yinchi haqidagi ma’lumotni o‘rganib chiqqanidan keyingina ishga kirishishlari mumkinligini aytishadi. Qolaversa, ular mendan O‘zbekistonda ishlaganim bois ko‘p narsalarni so‘rashadi. Hozir aniq u yoki bu futbolchilar haqida ularda qiziqish bor, deyishim to‘g‘ri bo‘lmasdi. Ammo tanish murabbiylarim mendan shu haqida tez-tez so‘rab turishadi. Albatta, ular faqat mening fikr va mulohazalarim bilan cheklanib qolmay, o‘zlari qiziqib qolgan futbolchi ishtirokidagi o‘yin yozuvlarini topishga harakat qilishadi.
- Kelgusi yili 50 yoshga to‘lasiz. Yubileyingizni qanday o‘tkazishni rejalashtiryapsiz?
- Rahmat, kelgusi yili mening 50 yoshga to‘lishim bilan bog‘liq yubiley bo‘lishini esimga solganingiz uchun minnatdorman. Bunday sanani albatta nishonlash kerak. Lekin hozircha bunga ancha vaqt borligi sabab yubiley tashkil etish bilan bog‘liq masala yuzasidan biror-bir reja tuzganim yo‘q. Hammasi o‘sha paytga borib mening qaerda bo‘lishimga bog‘liq. Ehtimol, o‘sha vaqtga borib uyimda bo‘larman yoki ish yuzasidan boshqa joyga ketgan bo‘lishim mumkin. Bu mavzuda hali o‘ylayotganim yo‘q.
Fikrlar