
"Roma" ishtirokidagi bahs oldidan janjal yuzaga keldi
"Latsio" va "Roma" muxlislari A Seriyadagi derbi oldidan tartibsizlik uyushtirdi.
"Rai News 24" nashrining xabar berishicha, o‘yin oldi bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar taxminan 500 nafar "Roma" muxlislarining (ko‘pchiligining yuzi yopiq holda) "Latsio" muxlislari to‘planadigan joyga yo‘l olishi bilan boshlangan.
Ma’lum qilinishicha, Rimdagi "Olimpiya" stadioni yaqinidagi Kardinal Konsalvi maydonida muxlislar politsiya xodimlariga tosh, shisha idishlar, petardalar va hatto gayka kalitlarini otishgan. Shuningdek, "Latsio"ning bir necha yuz muxlisi Mulviy ko‘prigida politsiya bilan to‘qnashgani ham ma’lum bo‘ldi.
To‘qnashuvlar paytida axlat qutilari, yaqin atrofdagi muassasalarning stol va stullari ag‘darilgan, bir nechta avtomobilga zarar etkazilgan. Bundan tashqari, stadion yaqinidan to‘qmoqlar va temir quvurlar topilgan.
Politsiya tartibsizliklarni bostirish uchun suv purkagich va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanishga majbur bo‘ldi. Voqealar natijasida 13 nafar huquq-tartibot xodimi jarohat olgani xabar qilinmoqda.
Fikrlar