
“Real”ga gol urgan Yaxshiboev qaerda o‘ynashi hal bo‘ldi!
Evropa qit’asida to‘p tepayotgan futbolchilarimiz orasida Jasur Yaxshiboev yakunlangan futbol mavsumining qahramonlaridan biri bo‘ldi.
Asli Polshaning “Legiya” klubiga tegishli bo‘lgan legionerimiz mavsumni ijara asosida Moldova chempioni “Sherif” safida o‘tkazdi. Tiraspolliklar o‘z tarixida ilk bor Chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etgani bois, jamoa bosh murabbiyi tarkibni kuchaytirish maqsadida o‘zi yaxshi bilavn Jasur Yaxshiboevni “Sherif”ga qo‘shib olgandi.
“Sherif” Chempionlar ligasi guruh bosqichida Madriddagi asosiy arena – “Santyagu Bernabeu” stadionida o‘tgan uchrashuvda “Real”ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, haqiqiy shov-shuv ko‘tardi. O‘sha kunlari Tibo Kurtua darvozasiga birinchi to‘pni kiritgan Jasurbek Yaxshiboevning nomi tilga tushdi.
Jasur “Real” maydonida gol urgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixda qoldi. Shunga qaramay, “Santyagu Bernabeu”da orttirilgan jarohat legionerimizning keyingi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Jasur jarohati tufayli ko‘p o‘yinchilarni o‘tkazib yubordi.
Umumiy hisobda, Yaxshiboeva Moldova chempionati, mamlakat kubogi, Chempionlar Ligasi, Evropa Ligasida jami 12 ta uchrashuv o‘tkazib, jami 846 daqiqa harakat qildi xolos. Lekin shu vaqt mobaynida o‘z hisobiga ikkita gol va uchta assist rasmiylashtirishga ulgurdi.
Jasur Yaxshiboev kam o‘ynagan bo‘lsa-da, Moldova chempionligiga sazovor bo‘ldi. Qizig‘i shundagi hujumkor futbolchimiz legioner sifatida uchta chempionatda to‘p tepib, ularning barida oltin medalga sazovor bo‘ldi. “Sherif”gacha Jasur “Shaxtyor-Soligorsk” jamoasi bilan Belarus chempionati g‘olibligini, undan keyin “Legiya” safida Polsha chempionligini qo‘lga kiritgandi. Har holda havas qilarli natija.
Shuningdek, 24 yoshli futbolchimiz faoliyatidagi ilk sovrinini 2017 yili qo‘lga kiritganini, o‘shanda “Paxtakor” safida O‘zbekiston chempionatining bronza medali bilan taqdirlanganini eslatib o‘tish mumkin.
2018 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Jasur Yaxshiboev O‘zbekiston terma jamoasining oltin medalga ega chiqishida katta hissa qo‘shib, keng jamoatchilik e’tiboriga tushdi.
“Sherif” bosh murabbiy Yuriy Vernidub sports.uz muxbiri bilan suhbatda Jasur Yaxshiboevning ijara muddati tugayotgani, futbolchining o‘zi Moldovadan ketishga qaror qilgani va klub rahbariyati uning tanlovini qabul qilganini ta’kidlagandi.
Anchadan beri futbolchimizdan xabar bo‘lmadi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Jasur Yaxshiboev “Legiya”ga qaytgan.
Bu haqda klub sport direktori Yatsek Zelinski ma’lumot berdi.
- Jasurbek talabimizga ko‘ra, klubga qaytdi. Moldova chempionati yakunlangach, uni qaytarish huquqi bor edi. Yaxshiboev fitnes testlar topshirdi. Hozir uning sport formasi yaxshi emas. Jasurbek yakka tartibda shug‘ullanmoqda. Unga individual tarzda murabbiy biriktirilgan.
Klub futbolchini tezroq yuqori formaga olib chiqish uchun kerakli chora-tadbirlarni qo‘llaydi. Yaxshiboev yuqori texnika va yaxshi driblingga ega mahoratli futbolchi, - dedi Yatsek Zelinski.
Darhaqiqat, o‘zbek futbolchisi hujum markazi va har ikki qanotda hujumchi sifatida samarali o‘ynay oladi.
Jasur Yaxshiboevning “Legiya” bilan amaldagi shartnomasi 2023 yilning 30 iyunigacha davom etadi. Varshavaliklar bu o‘yinchini olish uchun 2021 yilning boshida “Paxtakor”ga 300 ming evro to‘lagani ko‘rsatilgan. Hozirgi paytda transfermarkt portali Yaxshiboevning transferini 550 ming evroga baholamoqda.
Fikrlar