
“Real” shokda! “Manchester Siti” Husanov orqali “Real”ning “burnini erga ishqaladi”
Qishki transfer oynasi ochilishi bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisi Abduqodir Husanovga da’vogarlik qilgan yigirmaga yaqin klublar orasida eng mashhurlari “Manchester Siti” va “Real” edi.
Angliya va Ispaniya chempionlari nafaqat o‘yin borasida, balki futbolga aloqadar boshqa masalalarda ham gegemonlikni o‘z qo‘lida saqlab turishga katta ahamiyat beradi. Ana shu ma’noda, Husanov transferi bu ikki qudratli klub o‘rtasida o‘ziga xos duel vazifasini ham o‘tadi.
Evropa, xususan, ispan futbolini yoritishga ixtisoslashgan fichajes.net portali o‘zbek futbolchisi uchun kurashda manchesterliklarning qo‘li baland kelgani “Real”ga qanday ta’sir qilganini sharhlab berdi.
Sports.uz portali fichajes.net ekspertlarining Abduqodir Husanov transferiga oid qarashlar o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- “Real” Abduqodir Husanovning yuqori darajadagi sport formasi uchun jiddiy tarzda kuzatib kelayotgan edi. Lekin muhim qarorlarni qabul qilishda Xosep Gvardiola jamoasi madridliklarni dog‘da qoldirdi.
“Manchester Siti” Frantsiya chempionatida “Lans” safida porlagan o‘zbek himoyachisi uchun kurashda “Real Madrid”dan o‘zib ketdi va transfer bozoridagi qudratini yana bir karra ko‘rsatib qo‘ydi. Evropaning nufuzli manbalari Pep Gvardiola boshchiligidagi jamoa istiqboli porloq o‘yinchi uchun 50 million evroni ayamagani va kelajak uchun juda katta qadam tashlaganini yozmoqda.
20 yoshli Husanov joriy mavsumda Liga 1 musobaqasining eng yorqin kashfiyoti bo‘ldi. Baquvvat tana tuzilishiga ega futbolchining tezkorligi, vaziyatni oldindan to‘g‘ri baholay olishi, to‘p uchun kurashdan hayiqmasligi, ajoyib podkatlari, hujumni boshlab berish qobiliyati Abduqodirni Evropa futbolidagi eng talabgir himoyachiga aylantirdi.
“Real” oxirgi oylarda o‘zbek o‘yinchisini yaqin kelajakda jamoa himoyasini mustahkamlay oladigan ideal nomzod sifatida diqqat bilan kuzatib kelayotgan edi.
Biroq “Manchester Siti” yosh talantlarni olish uchun hech qanday mablag‘ni ayamasligini yana bir karra namoyish qilib, hech ikkilanmasdan qimmatbaho transferga qo‘l urdi. Bu orqali Gvardiola o‘z jamoasiga katta va keng imkoniyatlarga ega markaziy himoyachini qo‘shib olyapti va bu orqali himoya chizig‘ini nafaqat real vaqtda, balki yaqin bir necha yil uchun ham mustahkamlayapti.
Aslida transferlar uchun katta xarajat qilish Angliya chempionlarining doimiy strategiyasi hisoblanadi. Husanovning qo‘ldan chiqarilgani “Real” transfer siyosatidagi katta omadsizlik. Chunki madridliklar klubning jahon miqyosidagi va futbol tarixidagi mavqei va obro‘si yosh o‘yinchini o‘zlariga og‘dirish uchun etarli, deb o‘ylagandi.
Husanov masalasida bunday bo‘lib chiqmadi va Abduqodir Angliya Premer-ligasining amaldagi chempioni safiga borib qo‘shiladi va Frantsiya chempionati namoyish qilgan mahoratini zamonaviy futbol vatani maydonlarida ham isbotlashga urinib ko‘radi, - deb yozmoqda fichajes.net eksperti Gektor Andreu.
Ta’kidlash joizki, “Real” joriy mavsumda himoya chizig‘ida etarlicha muammolarga duch kelmoqda. “Qirollik klubi” mutasaddilari kelasi mavsum oldidan himoya chizig‘ini to‘liq yangilashni maqsad qilgan. Shuning uchun ham madridliklar Abduqodir Husanov transferini ham yozda amalga oshirishni mo‘ljallagan edi.
Italiyada yurganing etadi! Shomurodovni “top-5”dan kuchli klub chaqiryapti
Husanovning agentlari transferga oydinlik kiritdi!
Husanov yangi jamoasi bilan qancha muddatga shartnoma tuzishi aniq bo‘ldi, u “Lans”mashg‘ulotiga kelmadi!
Fayzullaevni Mbappe va 140 million evro turadigan o‘yinchiga tenglashtirishdi
Abduqodir PSJ yulduzlarini “yanchib” tashlagan edi. PSJ nega Husanov transferidan bosh tortdi?
Fikrlar