Rasman! "Andijon" futbolchisi Rossiya premer-ligasi klubiga transfer qilindi

  • 21 iyul, 2024, 22:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Transfer oynasi ochilgan mahalda selektsiya ishlari yanada jiddiy tus olgan.  Ma’lumki, «Andijon» tarkibida ko‘plab iqtidorli, kelajagi porloq futbolchilar talaygina. Ular jamoa safida to‘p surish orqali o‘zlarini ko‘rsatishmoqda va ko‘plab skautlarning e’tiborini tortmoqda. 

Tecno

Qolaversa, klubda transfer siyosati to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotgani o‘z samarasini bermoqda.  

Jumladan, 21 yoshli yarim himoyachi, yoshlar terma jamoasi a’zosi Sherzod Esanovga Rossiyaning «Akron» jamoasidan jiddiy taklif tushdi. Natijada ikkala klub tomonidan olib borilgan muzokaralardan so‘ng Esanov «Akron» jamoasiga transfer qilindi. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, «Andijon» klubidan ilk bor Rossiya premer-ligasiga o‘yinchi transfer qilinishi hamda shu yilning o‘zida jamoadan ikkinchi futbolchining (birinchi transfer Rubin Xebay) xorij klubiga sotilishi amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning mahsulidir.

Sherzod «Andijon» safiga 2022 yili qishda qo‘shilgan bo‘lib, qisqa fursat ichida o‘z iqtidorini namoyish qila oldi. O‘sha yilgi mavsumda Esanov «Andijon» safida chempionat va Kubok bahslarida hammasi bo‘lib, 18 ta o‘yinda maydonga tushib 3 ta gol urdi. O‘tgan yilgi mavsumni ham "Burgutlar" bilan birga boshladi va 5 ta o‘yinda qatnashdi. Ikkinchi davrada esa «Olimpik» klubiga ijaraga berildi. Joriy mavsum avvalida Esanov yana «Andijon»ga qaytdi. Mavsumning birinchi qismida u chempionat va Kubokda hammasi bo‘lib 15 ta bellashuvda ishtirok etib, 2 ta gol muallifiga aylandi hamda muxlislarning mehrini qozondi. 

Sherzod bugun kechki payt Toshkent-Moskva yo‘nalishida jo‘nab ketdi. Faoliyatida ilk bor legionerga aylangan futbolchimizni yangi jamoasida katta qiziqish bilan kutishmoqda. 

Uning yangi klubi Tolyattining «Akron» klubi ilk bor Rossiya premer-ligasida ishtirok etmoqda. Esanovga «Andijon»dagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildiramiz va unga yangi klubida muvaffaqiyat tilaymiz, - deyiladi klub matbuot xizmatining rasmiy xabarida.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
22/07/2024 10:08
Омад, Шерзод! Россия трамплин бўлсин.
Davlatbek Alibekov
22/07/2024 08:29
Шерзод Эсонга кегинги у'йинларда ва янги жамоасида яхши у'йнаб кетишига тилакдошмен