
Raneri Shomurodov masalasida katta xatoga yo‘l qo‘ydi!
“Roma” Evropa ligasi nimchorak finalida yurishini to‘xtatdi. Rimliklar bu bosqichda Ispaniyaning kuchli jamoasi - “Atletik” bilan kuch sinashib, birinchi uchrashuvdan keyin chorak finalga chiqishga yaqin edi.
O‘z maydonida Eldor Shomurodovning goli evaziga 2:1 hisobida zafar quchgan “bo‘rilar” Bilbaodagi to‘qnashuvda yutqazdi – 1:3.
O‘yinning 11-daqiqasida Mats Xummelsning qizil kartochka olgani mag‘lubiyatga asosiy sabab sifatida ta’kidlanyapti.
Italiya futbolining eng tajribali ekspertlari “Roma”ning bu o‘yinini tahlil qilar ekan, tajribali Klaudio Raneri tarkib tanlashda xatoga yo‘l qo‘ygani va ayrim futbolchilar o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlay olmaganini ham mag‘lubiyatga asos qilib ko‘rsatyapti.
Sports.uz portali mutaxassislarning “Atletik” va “Roma” bahsi bo‘yicha xulosalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
ROBERTO PRUTsTsO:
Maydon markazida fol bo‘lganida gol uradigan holat hisoblanmaydi. Biroq “Roma” birinchi bo‘limda to‘qqiz kishi bo‘lib o‘ynadi. Mats Xummels qizil kartochka olgan bo‘lsa, Artyom Dovbik maydonda umuman ko‘rinmadi. Ukrainalik futbolchi markaziy hujumchi qilishi shart bo‘lgan birorta ishni uddalay olmadi. Endi uning jamoadagi kelajagi masalasi ko‘tariladi.
FRANChESKO ODDO KAZANO:
Birinchi uchrashuvda yanada ko‘proq gol urmaganimizdan afsusdaman. “Roma” musobaqa favoritlari qatorida bo‘lsa-da, Xummelsning xatosi tufayli hech bo‘lmaganda chorak finalgacha etib borolmadi. Endi “Roma” milliy chempionatda hech bo‘lmaganda Evropa ligasining keyingi mavsumiga yo‘llanma olishi kerak.
MARIO MATTIOLI:
Men o‘tkazilgan goldan keyingi noto‘g‘ri qarorlar va jamoaning reaktsiyasiga e’tibor qaratmoqchiman. Barcha gollar himoyadagi xatolardan keyin urildi. Bu uchrashuvda Eldor Shomurodov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishini kutgan edik. Bu gal Klaudio Raneri tarkib tanlashda katta xatoga yo‘l qo‘ydi.
TITsIANO MORONI:
Xummelsning haydalishi adolatli qaror, biroq bu “Roma” o‘yiniga juda katta ta’sir o‘tkazdi.
MATTEO DE SANTIS:
Endi o‘zini oqlash uchun hech qanday bahona qolmadi. Biz kelajakni hozirdan rejalashtiradigan jamoani ko‘rishni istaymiz. Hozirgacha qilinmagan ishlarni yakunlash uchun hali etarli darajada vaqt bor.
FABIO PETRUTsTsI:
Xummelsning qizil kartochka olishi o‘tkazilgan golning asl sababidir. ChEtlatish va tanaffusga 20 soniya qolganida o‘tkazilgan to‘p “Roma”ni “sindirdi”.
ALESSIO SKARKILLI:
Psixologiya bilan ham shug‘ullagish kerak. “Roma” boy berilgan uchrashuvda hatto yugura olmay qoldi. Kone va Salemakersni bunaqa o‘yinda chetda ushlab turib bo‘lmaydi.
ANDREA DI KARO:
Agar to‘liq tarkib o‘ynaganida va birinchi bo‘limda hisob ochilmaganida “Roma” bu bosqichdan o‘tishi mumkin edi. Xummelsning xatosi hammasini barbod qildi.
MAURITsIO KOPPOLA:
Xummels va Dovbik “Roma”ning ajoyib mavsumini rasvo qilganlari uchun hammaning oldida uyalishlari kerak.
KLAUDIO KAPUANO:
Dovbik haqiqiy muammo. Bunday vaziyatda Eldor Shomurodovga boshlang‘ich tarkibdan joy berish to‘g‘ri qaror bo‘lardi.
Ta’kidlash joizki, “Roma” o‘tgan yozda Ispaniya chempionatining eng zo‘r to‘purari hisoblangan Artyom Dovbikka katta summaga transfer qilish orqali hujumdagi muammolarini bir urinishda hal qilmoqchi bo‘ldi. Biroq mavsumni yaxshi boshlagan ukrainalik forvard keyinchalik kutilgan o‘yinni namoyish qila olmaydi.
“Roma”ga 2021 yili yozda kelganidan beri klub murabbiylari tomonidan asosiy tarkibga loyiq ko‘rilmagan Eldor Shomurodovda esa, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi. Klaudio Raneri qo‘l ostida legionerimizning o‘yini ochilib bormoqda. Eldor Dovbikning o‘rinbosaridan uning haqiqiy raqobatchisiga aylandi.
Aksariyat mutaxassislar Eldor Shomurodov ukrainalik forvarddan faqat gollar soni bo‘yicha orqada qolayotgani, lekin o‘yinga ta’sir o‘tkazish va jamoaga yordam berishda raqobatchisidan ancha ustunligini e’tirof etishmoqda. Darhaqiqat, legionerimiz maydonda Matias Sule, Tommazo Baldantsi, Paulo Dibala, Nikolo Pizilli bilan hamkorlikda juda samarali harakat qilayotgani bir necha uchrashuvlarda “Roma”ga muhim ochkolarni keltirdi.
Fikrlar