
"Qizilqum" bosh murabbiyi: "Har doim jiddiy vazifalar qo‘yiladi, shunday ekan, yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz"
Birinchi davrani 9-o‘rinda yakunlagan “Qizilqum” ham rejasiga asosan yozgi yig‘inni o‘tkazdi. Tarkibda ayrim o‘zgarishlar kuzatildi.
Birinchi davra o‘rtalarida vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlangan Akmal Rustamov ikkinchi davradan to‘laqonli ravishda bosh murabbiy lavozimidagi ishini davom ettiradi.
Kuni kecha Rustamov Sports.uz saytiga ikkinchi davra oldidan intervyu berdi.
- Ikkinchi davra uchun rasman “Qizilqum” bosh murabbiyi sifatida ishni davom ettiradigan bo‘ldingiz. Vaqtinchalik bosh murabbiy bilan rasman bosh murabbiyni farqi bormi? Bu tayinlov siz uchun nimani anglatadi?
- Vaqtinchalikmi, rasman bosh murabbiymi, ikkalasini farqi yo‘q, deb o‘ylayman. Rahbariyat bosh murabbiylikni sizga topshirdimi, mas’uliyat bitta bo‘ladi. Shuning uchun ikkalasini farqi bo‘lmaydi. Baribir ishga kirishganingizda mas’uliyat bilan yondashasiz. Siz bosh murabbiymisiz yoki vaqtinchalikmi, mas’uliyat o‘sha-o‘sha.
- Jamoani ikkinchi davraga tayyorlayapsiz. Yozgi yig‘in siz o‘ylagan darajada davom etyaptimi?
- Birinchi navbatda rahbariyatga bizga yozgi yig‘inni tashkil qilib bergani uchun rahmat aytmoqchiman. Dastlabki bosqichni Navoiyda o‘tkazdik. 20 iyuldan ikkinchi bosqichimiz Toshkentda boshlandi va 1 avgustga qadar Toshkentdamiz. Bu erda 4 ta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdik. Tayyorgarligimizni yaxshi darajada olib boryapmiz. 1 avgustda 16-turni o‘tkazish uchun Termizga jo‘nab ketamiz va u erda “Surxon”ga qarshi maydonga tushamiz.
- “Qizilqum” selektsiya borasida u qadar katta o‘zgarishlarga qo‘l urmadi. Asror G‘ofurov qaytgan va yana Shoxruz Norxonov ham qo‘shilgan. Umuman, selektsiya borasida qanday o‘zgarishlar yuz berdi, yana kimlar qo‘shildi va klubni kimlar tark etdi?
- Klubni uch nafar futbolchi tark etdi. Ketganlar bilan do‘stona xayrlashdik. Ularni o‘rniga Asror G‘ofurov, Shoxruz Norxonov va mahalliy futbolchimiz Islom Kenjaboevni qo‘shib oldik. O‘zimizdagi mahalliy yoshlar ham yaxshi ishlashyapti va asosiy tarkibga qo‘shilishyapti. Bosqichma-bosqich iqtidorli yoshlarni ham asosiy tarkibga qo‘yib boryapmiz. Xudo xohlasa, yuqori o‘rinlardan birini egallashga harakat qilamiz.
- Aytish mumkinki, bungacha “Qizilqum” U21 jamoasini boshqardingiz Lazarevichdan keyin esa o‘zingizda mustaqil ravishda ishlab, nimalarga qodirligingizni ko‘rsatish imkoniyati tug‘ildi. Rahbariyat oldingizga qanday vazifa qo‘ydi va rejangiz qanday?
- 4 yil U21 jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishladim. Rahbariyat menga ishonganligi uchun asosiy jamoada vaqtinchalik bosh murabbiy bo‘lib ishladim. Ular ishonishda davom etdi va ushbu ishonchlarini oqlayman, degan umiddaman. Har doim bizga jiddiy vazifalarni qo‘yadilar. Shunday ekan, baland pog‘onalar uchun kurashishda davom etamiz. Ko‘pchilik “Qizilqum”ni jon saqlash uchun kurashadi deydi, yo‘q unday emas, bu yil biz yuqori o‘rinlardan birini egallashga harakat qilamiz.
- Ikkinchi davrani safarda "Surxon"ga qarshi o‘yin bilan boshlaysizlar. Bo‘lajak raqibni ham kuzatib boryapsizmi?
- “Surxon”ni kuzatishda davom etyapmiz. Oxirgi o‘yinini “Buxoro”ga qarshi o‘tkazishdi. 2:0 hisobida mag‘lub etishdi. Asosiy tarkibidan bir nechta o‘yinchilariga javob berishdi. “Surxon” ham ikkinchi davraga yangi tarkib bilan tushishi mumkin. Biz kim bilan o‘ynamaylik, o‘sha jamoani hurmat qilamiz va sinchkovlik bilan o‘rganib chiqamiz. Har qanday klub o‘yindan oldin raqibni o‘rganib chiqadi. Biz ham o‘rganib chiqyapmiz.
Fikrlar