
Qirg‘iziston Erondan ochko tortib oladimi? Bosh murabbiyi va etakchi futbolchisi qanday fikrda?
Xabaringiz bor, bugun JCh-2026 uchinchi saralash bosqichi doirasida muhim o‘yinlar o‘tkaziladi. Milliy term jamoamiz Laosda KXDRga qarshi maydonga tushsa, Bishkekda Qirg‘iziston guruhimiz peshqadami bo‘lib turgan Eron terma jamoasini qabul qiladi.
Ma’lumki, Qirg‘iziston termasi guruhda 3 ochko bilan 5-pog‘onada. Eronda esa 13 ochko va peshqadam. Albatta, barchamizning e’tiborimiz bugun shubhasiz milliy terma jamoamiz ishtirokidagi o‘yinga qaratiladi. Uchrashuv bizning vaqt bilan 17:00 da boshlanadi. Ushbu bellashuv yakungangach esa soat 19:00 da Qirg‘iziston – Eron bellashuvi boshlanadi. Shuningdek, guruhimizdagi yana bir uchrashuv BAA hamda Qatar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur qarama-qarshilik 21:00 ga belgilangan.
Bizning o‘yindan keyin e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan uchrashuv albatta Qirg‘iziston – Eron bellashuvidir. Hisobida hozircha 5 ta o‘yindan so‘ng 1 ta g‘alaba bo‘lib turgan yon qo‘shnimiz guruh etakchisidan ochko tortib olishga qodirmi?
O‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qirg‘iziston terma jamoasi bosh murabbiyi Maksim Lisitsin quyidagilarni aytdi:
“Xabaringiz bor, safarda qiyin va yakunda omadsiz o‘yin o‘tkazdik. Shunday ekan, bizning asosiy vazifamiz yigitlarni jismonan tiklashdan tashqari, ularni ruhiy jihatdan qayta ishga tushirish va Eronga qarshi o‘tadigan o‘ta og‘ir o‘yinga tayyorlash. Biz kuchli futbolchilardan iborat kuchli jamoaga qarshi maydonga tushamiz. Umid qilamanki, futbolchilarimiz bahsga tayyor!”.
Qirg‘iziston bosh murabbiyi extiyotkorlikni birinchi o‘ringa qo‘ymoqda va shu bilan birga u o‘z jamoasiga ishonmoqda. Jamoaning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lgan Alimardon Shukurov esa shunday dedi:
“Bunday mag‘lubiyatdan, oldingi o‘yindan qutulish qiyin bo‘lgani aniq, bu hayot, bu sport – shunday bo‘ladi. Muxlislarimizni xursand qilish uchun uyda yaxshi o‘ynashimiz kerak”, - deydi Shukurov.
Ma’lumki, Qirg‘iziston o‘tgan turda safarda BAAga 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Shu bois bu safar Bishkekda o‘tadigan muhim uchrashuvda Lisitsin va uning jamoasi imkoni qadar muxlislariga ijobiy natija bilan xursandchilik ulashishmoqchi. Bu o‘yinni kuzatish ham ancha qiziq.
Fikrlar