
Pul ajratilsagina kerakli futbolchilar xarid qilinadi - natijalardan qoniqmayotgan Kumikovning rejalari qanday?
Coca-Cola Superliganing etti turi ortda qoldi va hozirga qadar g‘alabasiz seriyasini davom ettirayotgan klublar uchtani tashkil qilmoqda. Bular – “Buxoro”, “Qizilqum” va “Andijon” jamoalaridir. Qizig‘i, “Qizilqum” bilan Andijon”ga yangi bosh murabbiy tayinlangan bo‘lsa, “Buxoro”da rahbariyat tizimida o‘zgarishga qo‘l urilgan.
Bugungi maqolamiz esa “Andijon” va uning bosh murabbiyi Viktor Kumikov xususida bo‘ladi. “Burgutlar” ortda qolgan ettita turning to‘rttasida durang qayd etib, uch bor raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Xabaringiz bo‘lsa, pandemiyadan so‘ng “Andijon”da rossiyalik Kumikov ish boshladi. Hozircha uning boshchiligidagi jamoa a’zolari uch bor durang o‘ynadi va bir marta mag‘lubiyatga uchradi.
Umuman olganda, hozirgi davrda undan qandaydir “mo‘’jizani” kutish ham noo‘rin. Chunki u ixtiyoridagi bor tarkib bilan ishlashga majbur. Buning ustiga g‘alabasiz seriya davom etayotgan bir paytda kimdir undan nega jamoa haligacha g‘alaba qozonmayapti?, deb so‘ragan taqdirda ham u tarkibni men yig‘maganman, deb javob qaytarishi mumkin, xuddi “Lokomotiv” – “Qizilqum” (3:0) o‘rtasidagi o‘yindan keyin navoiyliklar ustozi Tachmurod Agamurodov aytganidek.
Lekin “Andijon”ning o‘yinini u qadar yomon deb bo‘lmaydi. Kumikov hozircha ixtiyoridagi bor o‘yinchilar bilan ishlashga majbur. Ularning tajribasi esa hozircha “Andijon”ni raqobatbardosh jamoaga aylantirishga kamlik qilayotgani ham ko‘rinib turibdi. Shunga qaramay, baribir andijonlik muxlislar Viktor Kumikovning mahoratiga ishonishmoqda va u jamoani g‘alabalar sari etaklay olishiga hamon umid ko‘zi bilan qaramoqdalar. Biroq shuni unutmaslik kerakki, klubda muammolar ham yo‘q emas. Masalan, futbolchilar o‘yinlarga asosan Yangierda tayyorgarlikni davom ettirishmoqda. Klubning bazasi esa hali ta’mirdan chiqarilgani yo‘q. Shu bilan birga e’tibor bergan bo‘lsangiz, Kumikov uchrashuvlar davomida murabbiylar shtabi bilan zaxira o‘rindig‘ida o‘tirish uchun ruxsatga ega bo‘lgani yo‘q. Bu borada klubning PFL oldida bajarishi bo‘lgan ayrim majburiyatlari borligi aytilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Kumikov yangi jamoasini “jonlantirishga” urinayotgani ko‘rinib turibdi.
E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, Viktor Balyutovich o‘yinlar chog‘ida asosan tribunadan bellashuvlarni kuzatib kelyapti va matbuot anjumanlarida ham uning yordamchi murabbiyi Diyor Mirzaboev jurnalistlarning savollariga javob qaytarmoqda. Natijada Kumikov hali “Andijon”da ish boshlaganidan beri jamoasining o‘yinlari borasida qanday taassurotlarga ega bo‘layotgani haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashmagandi. Shuni inobatga olgan holda Viktor Balyutovich bilan ayrim masalalar bo‘yicha fikr almashdik. Avvalo u “Andijon”ning “Bunyodkor”ga qarshi o‘tkazgan o‘yini to‘g‘risidagi fikrlarini bildirdi.
- Tabiiyki, jamoa ko‘rsatgan o‘yin va yakuniy natijadan ko‘nglim to‘lgani yo‘q. Ayniqsa, raqib tarkibida bir futbolchi maydondan chetlatilganidan so‘ng son jihatdan ustunlik bizga hech qanday naf keltirmaganidan ko‘nglim taskin topmadi. Boz ustiga, darvozamizdan gol o‘tkazib yuborishimiz ham hech gap emasdi. Shuning uchun o‘z-o‘zidan natijadan qoniqish hosil qildim, deya ayta olmayman.
Yuqorida jamoa tarkibidagi futbolchilarga tajriba etishmayotgani xususida bejizga to‘xtalganimiz yo‘q. Ayniqsa, hujum chizig‘i nochor ahvolda desak mubolag‘a qilmaymiz. Timur Usmonov va moldaviyalik Artyom Lityavkov biror nimani qoyillata olishmayapti. Bu esa bosh murabbiyning oldida turgan navbatdagi hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolardan biri bo‘lib turibdi.
- Bilasizmi, har qanday chempionatdagi jamoaning o‘yini chog‘ida kamida to‘rt-besh marta golga tortadigan xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira olishi mumkin. Jumladan, “Andijon” ham o‘zi ishtirokidagi uchrashuvlarda golli vaziyatlarni yuzaga keltiryapti. Ammo negadir bunday vaziyatlardan foydalana olmayapmiz. Bu bizning asosiy muammolarimizdan biri bo‘lib qolmoqda. Bu juda achinarli hol, - deya bu masalaga izoh bildirdi, Kumikov.
Nima bo‘lganda ham avgustda transfer oynasi ochilgan chog‘ida “Andijon”ning tarkibiga yangi kuchlar qo‘shilmasa bo‘lmaydi. O‘ylaymizki, buni Kumikovning o‘zi ham yaxshi tushunib turibdi. Aynan bu borada uning rejalari qandayligiga ham qiziqib ko‘rdik.
- Rejani o‘zgartirish maqsadimiz yo‘q emas, - deya mavzuni davom ettirdi, Kumikov. - Lekin hammasi moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqadi. Agar rahbariyat xaridlarni amalga oshirish uchun mablag‘ ajratadigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan tarkibni kuchaytirish maqsadida transferlarni amalga oshiramiz. Shuning evaziga tarkibda o‘zgarishlar kuzatilmasdan qolmaydi. Albatta, yana qaytarib shuni aytishim mumkinki, hamma gap moliyalashtirishga borib taqalmoqda. Agar moliyalashtirish bo‘lmasa, qanday qilib transferlarni amalga oshirish mumkin? Bizga pul ajratishsa kerakli futbolchilarni sotib olamiz. Koronavirus tufayli vaziyatning bunday ko‘rinish olishi rejalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmasaydi, deb qo‘rqaman. Epidemiya sabab hozirda barcha klublar qiyin ahvolga tushib qolgan.
“Andijon”ning qachon mavsumdagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritadi, degan savol hozirda asosiy o‘ringa chiqib qolgan. Navbatdagi turda esa ular Navoiyda “Qizilqum” mehmoni bo‘ladilar. Qizig‘i, bu chempionatda hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan klublarning to‘qnashuviga aylanadi. O‘z navbatida Viktor Balyutovich bo‘lajak o‘yin haqida quyidagi fikrlarni bayon etdi:
- Albatta, g‘alabasiz seriyaning davom etishi bizni qoniqtirmayapti. Buning uchun albatta qattiq ishlashimiz, raqiblarni o‘rganishimiz zarur. Jumladan, endi butun diqqat-e’tiborimizni kelgusi turda “Qizilqum”ga qarshi o‘tadigan o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishga qaratganmiz. Boshqa bellashuvlarga qanday tayyorlansak, bo‘lajak o‘yinga ham o‘zimizni shunday hozirlaymiz. Jamoadagilarning umumiy kayfiyatiga g‘alabasiz uchrashuvlarning davom etayotgani o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qo‘ymayapti. Lekin muhitni butunlay salbiy, deyish yaramaydi. Agar bo‘lajak uchrashuvda g‘alaba qozonadigan bo‘lsak, o‘z-o‘zidan o‘yinchilarimizning kayfiyati ijobiy tomonga o‘zgarib ketadi. Shundan umid qilib qolyapman. Hammasi Yaratganning xohish-inoyatiga bog‘liq.
Fikrlar