Pressingga mukkasidan ketgan "telbalar"! "Barselona" "Bavariya"ni nimaning evaziga mag‘lub etdi?

  • 24 oktabr, 2024, 17:09
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Evropa Chempionlar ligasi 3-turidan o‘rin olgan bahsda "Barselona" "Bavariya"ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv haddan ziyod baland himoya chiziqlari bilan esda qoldi. 

Myunxenliklar Pavlovichni uzoq muddatga yo‘qotdi. Shu sababli, bellashuvni asosiy tarkibda Joau Palinya boshladi. Jarohatdan so‘ng Jamal Musiala asosiy tarkibga qaytdi, ammo yosh iqtidor formada emasligi sababli uning o‘rnini Tomas Myuller egalladi. 

Xans Diter-Flik qo‘l urgan hal qiluvchi qarorlar yarim himoyaga taaluqli. U Fermin Lopesni hujum ortiga, Rafinyani chap qanotga qo‘ydi. Markazda esa Kasado va Pedri harakat qildi. Aynan Kasado yarim himoyada balansni ta’minlab beruvchi funktsiyani bajardi. Gavi va Frenki De Yong safga qaytgan bo‘lsa-da, hali o‘zlarining to‘liq sport formasini tiklab ulgurmagani bois Flik, Kasadoni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi. Bu qaror esa o‘zini 100 foiz oqladi, deya olamiz. 



Flik va Kompani o‘yinga yuqori himoya chizig‘idan iborat dadil taktik sxema tanladi. Bu jamoalarga doimiy o‘yinlaridan kamroq to‘p nazoratini taqdim etsada, murabbiylar riskdan cho‘chiganlari yo‘q. Ushbu qarorlar tarkibdagi o‘yinchilarda keskin paslar sonini oshirish va markazda to‘pni ko‘proq egallab turish kabi fazilatlarni ko‘paytirdi. Aynan shu detallar uchrashuvni bezab beruvchi naqsh bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. 

"Bavariya" birinchi chiziqda Keyn va Olise orqali bosim qildi. Ularni markazda Joau Palinya qo‘llab-quvvatladi. Gnabri esa chapda Kundega doimiy bosim uyushtirib turdi: 

Tecno




Yana bir muhim jihatlardan biri bu - chap va o‘ng qanot vingerlari pressingidagi farq bo‘ldi. Olise markaziy himoyachilarga yaqin o‘ynagan bo‘lsa, Gnabri ko‘proq Kunde bilan shug‘ullandi. Mazkur holatda Baldeda bo‘sh zonalar ko‘p bo‘ldi. Keyinchalik bu muammoni bartaraf etish uchun Gerreyru Alexandroning zonasini yopdi. Biroq shunday bo‘lsa ham Balde hujumga o‘tish uchun vaqt va hududlarga etarlicha ega bo‘ldi. 

"Barsa"ning bu mavsumdagi pressing sxemasi - klassik va o‘zgarmas. Nemis grandi bilan to‘qnashuvda Rafinya va Yamal qanot himoyachilariga tor zonalarda bosim uyushtirdi. Ikkinchi to‘lqinda ushbu vazifani Levandovski va Fermin bajardi. 



Bu bosimni "Bavariya"nikidan ham yuqoriroqda joylashgan himoya chizig‘i qo‘llab-quvvatlaganini alohida e’tirof etish kerak. 



Ushbu taktikaning kamchiliklari ham bor. Misol uchun, "Barselona" vingerlari markaziy himoyachilarga bosim o‘tkazish uchun pressingga kirishadi. Agar "ko‘k-anorranglilar" raqiblari bu pressingdan uzun paslar orqali chiqib keta olsa, vingerlarda bo‘sh hudud paydo bo‘ladi. 

Oddiy uchrashuvlarda "Barselona" bu kabi kuchli pressing bilan to‘p nazoratidagi ustunlikni raqibga berib qo‘ymaydi. Biroq "Bavariya" "Barselona"ning odatiy raqiblaridan farqli o‘laroq to‘p bilan yaxshi muomala qiladi. Shu tufayli, mana shunday vaziyatlar (vingerlar bo‘sh zonaga chiqib ketishi) odatdagidan ko‘proq bo‘ldi. Qarama-qarshi tarafda ham vaziyat shunday edi. Har ikki jamoa pressingga kuchli urg‘u bergani bois, ularning hech biri maydonda to‘liq dominantlik qiluvchi hududiy ustunlikka ega bo‘lmadi. Buning o‘rnida biz doimiy tahdiddan iborat o‘yin kartinasi guvohi bo‘ldik (Ayniqsa birinchi bo‘limda. Ikkinchi taymning ikkinchi choragida "Bavariya" taqdirga tan bergani uchun bu element yo‘qoldi). To‘pni qabul qilib olgan futbolchida o‘ylash uchun deyarli vaqt bo‘lmadi.   




Himoya chizig‘i yuqorida joylashgan jamoalarga qarshi bellashuvlarda diagonallar va qanotlarni o‘zgartirish yaxshi ish beradi. "Bavariya" va "Barselona" bahs davomida bundan muntazam ravishda foydalandi. Eng yaxshi misol bu "Bavariya"ning goli bo‘ldi. Ular golga qadar ikki marotaba hujum qanotini o‘zgartirdi. 



"Barselona"ning bunga javobi esa Rafinyaning uchinchi golida Kasado tomonidan berilgan uzatma bo‘ldi. 

Yuqori himoya chizig‘idan foydalanuvchi jamoalarga qarshi bellashuvlarda diagonallarning ahamiyati yuqoriligi ta’kidlandi (sports.uz versiyasi). 

Buning o‘ziga yarasha sabablari bor: 

Birinchidan, himoyachilar raqib bilan masofani qisqartirish uchun o‘ta tor joylashadilar. Shu sababli, qanotlarda markazdan ko‘ra ko‘proq imkoniyat bo‘ladi. 

Ikkinchidan, bu to‘pni oldinga uzatishning eng xavfsiz usuli hisoblanadi. 

Uchinchidan, to‘p qanotga etkazilgan paytda raqib reaktsiyaga kirishishi va o‘sha qanot tomon tortilishi talab etiladi. Bu qarama-qarshi tomonda bo‘sh zonalarni taqdim etadi. Bundan tashqari, himoyaga qaytish mobaynida mudofaa vakillari o‘rtasida yo‘laklar ko‘payishi va himoyadagi yaxlitlik buzilishi ehtimoli ko‘p. 

Keyn hamma joyda


Keynning mazkur bellashuvdagi harakat xaritasiga e’tibor bering. "Barselona"ga qarshi uchrashuv oldidan angliyalik futbolchi chap qanotda o‘ynashi borasida taxminlar yangragandi. Ko‘rib turganingizdek, aslida ham shunday bo‘ldi. 

 Misollardan biri:


Mazkur epizod 43 soniyadan so‘ng Keyn raqib jarima maydoni ichida paydo bo‘lgani va ofsayddan bo‘lsa ham gol urgani bilan e’tiborga molik. Keyn chap qanot himoyachisi va yakunlovchi sifatida hujumning bir qismi. 



Keynning maydon bo‘ylab sarson-sargardon yurishining hech qanday zarari yo‘q. U o‘z pozitsiyasida ham, boshqa joylarda ham yugurishni uddaladi. Shuningdek, to‘pni orqaga uzatish va oldinga siljitish funktsiyalarini a’lo darajada bajardi. 

Rafinya farqni yuzaga chiqardi



Har ikki jamoa o‘ta romantik o‘yin ko‘rsatdi, himoya chizig‘ini yuqori ko‘tardi va hujum pozitsiyasiga ko‘p hollarda muvaffaqiyatli etib keldi. Biroq tabloda hisob - 4-1. Keling, buni Rafinya omili deb ataymiz. 

Bu mavsumda Rafa o‘zining xilma-xilligi bilan ajralib turibdi. U yaqin-yaqingacha o‘zining profili hisoblangan o‘ng qanotni Lamin Yamalga bo‘shatib berdi va hujum orti hamda chap qanotda bir xil foyda keltira boshladi. 

"Unga ko‘rsatmalar kerak emas. Futbolchining o‘zi jamoalarning zaif tomonlarini topadi va buni har qanday murabbiydan yaxshiroq bajaradi. Murabbiyning faoliyati va o‘yinchilarning ishlash uslubi o‘rtasida bog‘liqlikni futbolchi u qadar yaxshi darajada bo‘lmagan holatlarda kuzatish mumkin. Rafinya uchun mening ko‘rsatmalarim to‘siq bo‘lar edi", - degan edi Belsa. 

Flik ham Rafinyaning o‘yiniga murabbiylik yondashuvini kiritishni istamadi va unga erkinlik berdi. 

Rafinya orqadan yugurib chiqish va chiziqlar orasida ochilish borasida mukammallik namoyish etmoqda. Uning yakundagi qarorlari esa - shunchaki ajoyib! Uchta gol va uch xil finish! (Ikkinchi va uchinchi gollarda chap va o‘ng oyoq bilan yashirin zarba) 

Braziliyalik iqtidor Kim Min Je va Dayo Upamekanoni uzoq vaqt tushlarida ham qo‘rqitib yursa ajab emas. 



 

 

Muallif: Vadim Lukomskiy (sports.ru) 

Karim Xudayqulov tarjimasi 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!