
Portugaliyalik bosh murabbiy O‘runovga baho berdi!
“Spartak” bir necha yildan beri avvalgi mavqeini tiklab, faqat chempionlik va UEFA Chempionlar ligasida muntazam ishtirok etadigan klub darajasiga ko‘tarilishga harakat qilmoqda.
Avvalgi murabbiy Domeniko Tedesko bu vazifani uddalay olmadi. Moskva klubi rahbariyati uning o‘rniga yangi bosh murabbiy – portugaliyalik Ruy Vitoriyani ishga taklif qildi.
Bu mutaxassis murabbiylik faoliyatini 2002 yili boshlagan. Dastlabki bosqichda o‘z yurtida “Vilafrankenze”, “Benfika U19”, “Fatima”, “Pasush de Ferreyra”, “Vitoriya”, “Benfika”ni boshqargan. Lissabonliklar bilan ikki martadan mamlakat chempioni va Superkubok g‘olibi, bir marotabadan Portugaliya kubogi hamda Liga kubogida zafar quchgan. “Vitoriya”ni ham mamlakat kubogi sohibiga aylantirgan.
2018-2019 yilgi mavsumda Saudiya Arabistonining “An-Nasr” jamoasini qabul qilib oldi va chempionlik hamda Superkubokni qo‘lga kiritdi. Ruy Vitoriya 2021 yildan “Spartak”da ish boshladi.
Biz uchun ahamiyatlisi, Ruy Vitoriya boshqarayotgan klubda O‘zbekiston milliy terma jamoasining iste’dodli yarim himoyachisi Oston O‘runov. Bir yil muqaddam Rossiyadagi barcha grand klublar orzusiga aylangan 20 yoshli futbolchimiz hozircha yo‘lini topolmay qoldi.
Futbolchi faoliyatida ko‘p narsa bosh murabbiyning munosabatiga bog‘liq. Xo‘sh, Ruy Vitoriya davrida O‘runovga munosabat qanday bo‘ladi.
Hozircha, umumiy vaziyat murakkab. Hamyurtimiz asosiy tarkibdan chiqarib yuborilgan. “Rubin” va “Ufa” moskvaliklar talab qilgan summani to‘lay olmadi. O‘runov manfaatini himoya qilayotgan mutaxassislar uning “Ferentsvarosh”ga o‘tishiga yo‘l qo‘ymadi. Venriyaliklar taklif qilgan maosh “Spartak” berayotganidan kamligi uchun bu transfer o‘xshamadi.
Avvalroq, O‘runov “Spartak-2”da Milliy futbol ligasida o‘ynashiga qaror berilgandi. Endi ma’lum bo‘lyaptiki, klub mutasaddilari uni musobaqa ro‘yxatidan o‘tkazmagan. Ayni paytda Oston Rossiya chempionati ligalarida to‘p tepa olmaydi. Bu vaziyatni “Spartak” klubining rivojlanish va kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Anton Fntisov quyidagicha ifodaladi:
“O‘runov aslida “Spartak-2”ga tegishli, lekin jarohatini davolatish bilan band. Pedro Rosha esa asosiy tarkib bilan birgaligi uchun Milliy futbol ligasi ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Sentyabr oyiga qadar ro‘yxatni o‘zgartirishimiz mumkin”.
Jurnalistlar o‘tgan yili eng ko‘p muhokama qilingan futbolchi hisoblangan Oston O‘runov haqida Ruy Vitoriyaning ham munosabatini so‘radi.
- Oston O‘runov mavsumoldi yig‘inlarining boshidan asosiy jamoa bilan shug‘ullangani yo‘q. Bu tarkibimizda futbolchi ko‘pligi, yosh o‘yinchilarni ko‘rikdan o‘tkazganimiz va ijaradan qaytgan yigitlarning imkoniyatini sinab ko‘rganimiz bilan bog‘liq.
Lekin mavsum uzoq davom etadi. Keyin nima bo‘lishini hech kim oldindan aytib berolmaydi, - dedi Ruy Vitoriya.
Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, “Spartak” Oston O‘runovni butunlay sotib yuborishga harakat qilmoqda. Biroq, bu juda qiyin masala. Chunki bir tomondan o‘zbek futbolchisi uchun transfer summasi masalasida “Spartak” talabini qondiradigan, ikkinchi tarafdan O‘runov va uning agentlari rozi bo‘ladigan miqdorda maosh taklif qiladigan jamoa topilmayapti.
Demak, Oston O‘runovning futbolchi sifatida kelajagi hamon mavhumligicha qolmoqda. Uning moskvaliklar bilan shartnomasi 2025 yilning yarmigacha tuzilgan.
Legionerlarimiz premer-liga sari yurishni boshlaydi!
Shomurodov mutaxassislar fikrini o‘zgartirdi!
Abramov ishonch bildirmagan to‘purar legionerimizni Evropaga sotishmoqchi!
Fikrlar