
Piter Xyuistra: "Quvvatov bizga qo‘shimcha ikki ochko keltirdi"
Superliganing 15-turida “Paxtakor” klubi “Lokomotiv” stadionida “Mash’al” mezbonligi ostida kechgan bahsda Dragan Cheranning yagona goli evaziga g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdan keyin “Paxtakor” bosh murabbiyi Piter Xyuistra jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- O‘yinni ikkita turli taymlarga bo‘lgan bo‘lardim. Birinchi bo‘limda xotirjam o‘ynadik, vaziyatlar yaratdik, hisobni ochdik va yana gol urishimiz mumkin edi. Ikkinchi bo‘limda esa, maydonda ko‘proq keskin kurash kechdi. Oldinga o‘tib yaxshiroq vaziyatlar yaratishimizni kutgandim. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida imkoniyatlar bo‘ldi, ammo biz hisobni 2:0 ga olib chiqa olmadik. “Mash’al” ham yaxshi o‘ynadi, qulay imkoniyatlarni yaratdi. Sanjar Quvvatov penalti tepilgan vaziyatda jamoani saqlab qoldi. U bizga qo‘shimcha ikki ochko keltirdi.
- “Paxtakor” oxirgi ikkita o‘yinda to‘liq tashabbus ega bo‘la olmayapti. Bu futbolchilarning o‘yin ritmiga tusha olmayotgani bilan bog‘liqmi yoki taktika shundaymi?
- Birinchi o‘rinda raqiblarni aytgan bo‘lardim. Ular bizga qarshi juda yaxshi o‘ynayapti. Bu borada ularni olqishlashim mumkin. O‘z navbatida, biz hujumda ijodkorlikni va qarshi hujumlarda o‘yinimizni yanada yaxshilashimiz mumkin. Shu jihatlar ustida ishlashimiz kerak. Baribir raqib jamoalarning ham yaxshi o‘yin ko‘rsatayotganini e’tirof etishim lozim. Bundan tashqari, bugun raqibimiz keskin kurashlar bilan o‘ynadi. Hattoki, hakam o‘yinni qat’iyroq boshqarishi ham mumkin edi, ammo u ko‘proq kurashlarga qo‘yib berdi. Agar o‘yin shunaqangi sur’atda davom etsa, jamoam ham shunga moslab o‘ynashi kerak va shunday ham bo‘ldi. Agar mavsumning qolgan uchrashuvlarida ham shu kabi o‘yinlar bo‘lsa, bu biz uchun yana bir sinov va o‘ziga xos chaqiruv bo‘ladi.
- Jamoa o‘tgan o‘yinlarda gol uryapti va tashabbusni raqibga beryapti. Yoki jamoani ikkinchi bo‘limda kuchi etmayaptimi? Arveladze ishlagan paytda taktika boshqacharoq edi...
- Bizda o‘yin falsafasi o‘zgarmagan. Oxirgi to‘rt yilda qanday o‘yinni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsak, hozir ham shunday ishlayapmiz. Lekin boshqa tomondan qaraganda, raqiblar ham bizga qarshi yaxshiroq o‘ynayapti. Maydondagi ishimizni qiyinlashtirishga urinishyapti. Bunday keskin uchrashuvlarda futbolchilarimizning jangovarligini namoyish etayotgani va yutayotganimiz yaxshi. Hamma o‘yinni shunday o‘tkazsak juda qiziq bo‘ladi. Agar Masharipovga o‘xshagan futbolchi bo‘lsa, albatta o‘yin dinamikasi o‘zgaradi.
- Krimets, Ismoilov va Kozak kabi himoyachilar qaydnomaga kiritilmadi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Kozakda infektsiya borligi uchun bizga yordam bera olmasdi. Anzur Ismoilov bir-ikki haftada safga qaytadi. Krimets operatsiya qilingan. Shu sababli uzoqroq muddatga safdan chiqqan. Bugun Marlen Chobanov asosiy tarkibda maydonga tushdi. Yosh futbolchiga aynan shunday holatlarda ishonch bildiramiz. Uning o‘yinidan qoniqdim. Penalti bo‘lgan vaziyatda unga omad kulib boqmadi. Lekin umumiy ma’noda yaxshi ko‘rindi.
Fikrlar