
Piter Xyuistra: Osiyoda eng yaxshi darajaga chiqishga harakat qilamiz
Superliga yangi mavsumi oldidan "Paxtakor" bosh murabbiyi Piter Xyuistra ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda niderlandiyalik murabbiy quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Barchaga bu erga kelganingiz uchun rahmat aytaman. Mavsum boshlanishidan avval, OAV vakillari bilan uchrashish va muloqot qilish yoqimli. "Paxtakor" bosh murabbiyi sifatida birinchi marta sizlar bilan bunday uchrashuvda ishtirok etyapman. Oxirgi to‘rt yilda "Paxtakor"da ishlayapman, klub va o‘zbek futbolini yaxshi bilaman. Ish men uchun yangi emas, lekin chaqiruvni yangi, deb aytishim mumkin. Sizlar bilan muxlislarga o‘z fikrlarimizni etkazamiz.
Shota Arveladze bilan ishlagan davrimizda biz "Paxtakor" bilan yangi darajaga chiqa oldik, deb o‘ylayman. Ikki yil ichida barcha ichki sovrinlarga ega chiqdik. Chempionlar Ligasida eng kuchli sakkiz jamoa qatoridan o‘rin oldik. O‘sish uchun rahbariyat, Shota va barcha xodimlarga rahmat aytaman. Hozir esa Arveladze jamoani tark etgach, biz o‘yin falsafasini saqlab qolib, yanada o‘sishga intilishimiz zarur. Osiyoda eng yaxshi darajaga chiqishga harakat qilamiz. Xorijlik mutaxassislar o‘zbek futbolchilari haqida juda iliq fikrlar bildirishadi. Chempion sifatida bizda mas’uliyat bor, ortimizdan barchani yuqori marra sari etaklashimiz kerak. O‘zbek futbolining rivojlanishi, Superliga, klublar va terma jamoalar, homiylar kelishini ko‘paytirish uchun barchamiz hamjihat ishlashimiz kerak. O‘zbek futboli katta imkoniyatga ega. "Paxtakor" va boshqa jamoalarda o‘sish uchun potentsial mavjud. "Olimpik" jamoasida 60 foizga yaqin o‘yinchi "Paxtakor" tarbiyalanuvchilari va futbolchilari sanaladi".
Fikrlar