
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Andijon va Namanganda Berlin U-18 jamoasi bilan ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionati saralashiga tayyorgarlik olib borayotgani haqida xabar berib o‘tgandik. Terma jamoamizning raqiblari 9 may kuni bo‘lib o‘tadigan qur’a tashlash marosimida aniq bo‘ladi.
Shu yilning 20 may kuni Germaniyaning Berlin U-18 jamoasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Otabek G‘ulomxo‘jaev boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi vodiyda Berlin U-18 jamoasi bilan ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
21 may kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv Andijonda, 23 may kunidagi o‘yin esa Namanganda o‘tkaziladi. Mazkur o‘yinlar orqali Otabek G‘ulomxo‘jaev terma jamoaga nomzod futbolchilarni sinovdan o‘tkazib, turli o‘yin uslublarini amalda qo‘llab ko‘rishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga bu uchrashuvlar vodiydagi futbol muxlislari uchun ajoyib futbol bayrami sifatida o‘tishi ham aniq.
Fikrlar