
O‘zbekiston pankration va greppling assotsiyasiga rais o‘rinbosarlari tayinlandi!
Ma’lumki, Butunjahon yakkakurash olamida pankration va greppling sport turi anchagina tarixiy va ommaviy yo‘nalishlardan hisoblanadi. Ayniqsa, pankration ilk Olimpiada o‘yinlari tarkibida bo‘lganligini ham aytib o‘tish joiz. Aynan ushbu sport turlarini O‘zbekistonda ham rivojlantirish uchun joriy yil O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasi tashkil etildi va ilk urinishdayoq jahon chempionatini Toshkent shahrida o‘tkazishni uddalaladi. Shuningdek, Farg‘ona shahrida "Yangi O‘zbekiston" turniri tashkil etildi.
Ertaga 1 oktyabr kuni Samarqand shahrida pankration bo‘yicha Silk Road turniri tashkil etilayotgan bo‘lsa, 6-8 oktyabr kuni Qo‘qonda greppling bo‘yicha "Qo‘qon Open" turniri bo‘lib o‘tadi. Xullas, assotsiatsiya tashkil topganiga ko‘p bo‘lmasada, 4 ta nufuzli turnirni o‘tkazganligi xam katta voqelik desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Albatta, bu harakatlar yurtimizda ushbu sport turlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan. Shubhasiz, ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda, biroq O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasi raisi Hojiakbar Hakimovning ta’kidlashicha, yana qilinadigan ishlar ko‘p. Oldinda Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tadigan, Combat Game turniri borligi va unda o‘zbekistonlik yo‘llanma olgan sportchilarga e’tibor qaratish kerakligini ham aytib o‘tdi. Aynan, ushbu ishlarni amalga oshirishga bag‘ishlangan assotsiatsiyaning yig‘ilishida, rais o‘rinbosarlari tayinlandi.
Bunda o‘z tajribalari va bilimi bilan jonbozlik ko‘rsatadigan kadrlar tavsiya etildi. Yakunda, Kamoliddin Salohiddinovich Sharofutdinov O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasining tashkiliy ishlar bo‘yicha rais o‘rinbosari etib tayinlangan bo‘lsa, Afzalxon A’loxonovich Yunusov O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasining pankration yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha rais o‘rinbosari sifatida ish boshladi. Albatta, ushbu tayinlovlar o‘zini oqlashi va mazkur sport turlarining rivojiga katta xissa qo‘shishadi degan umiddamiz. Mas’uliyatli vazifada ularga omad tilab qolamiz!
Fikrlar