"O‘yinni telefonimda onlayn ko‘rib o‘tirdim". Lutfulla To‘raev jarohati, bahsli penalti va asosiy maqsad haqida gapirdi

  • 3 mart, 2022, 17:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Farg‘onaning “Neftchi” klubi chempionatni g‘alaba bilan boshlay oldi. “Qo‘qon-1912”ga qarshi vodiy derbisida penaltidan kiritilgan yagona gol hammasini hal qildi.

Tarkibi yangilangan “Neftchi” esa muxlislarini xursand qildi. Jamoaning yangi a’zosi va sardori Lutfulla To‘raev kutilganidek faolligi bilan ajralib turdi. Biroq jarohati sababli maydonni erta tark etdi. Uchrashuvdan keyin Sports.uz muxbiri futbolchi bilan bog‘landi.

- Avvalo, muhim g‘alaba bilan tabriklayman. Bu o‘yin sizning “Neftchi”dagi debyutingiz edi. Dastlabki uchrashuvdan olgan taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?

- O‘yindan oldin o‘ylab turgan narsam maydonda ko‘rindi. Derbi baribir o‘z nomi bilan derbi. Muxlislarni ham alohida aytmoqchiman. Stadionga kelgan ishqibozlar jamoamizni tinimsiz qo‘llab turishdi. Ikkala jamoaning muxlislari juda faol bo‘ldilar. Stadiondagi muhit ham shunga yarasha ajoyib edi. O‘yin ham yuqori tempda o‘tdi, deb o‘ylayman. Juda qiziqarli bo‘ldi.

- Fikringizcha, g‘alaba nimaning evaziga qo‘lga kiritildi?

- Har ikkala jamoa ham maydonga faqat g‘alaba qozonish uchun tushishgandi. Ammo biz uch ochkoni qo‘lga kiritishni ko‘proq xohladik, deb o‘ylayman. Kechagi uchrashuvda jamoamizda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq baland edi.

turaev_5

- Ammo o‘yinni to‘liq o‘tkaza olmadingiz va birinchi bo‘lim oxirlarida jarohat tufayli maydonni tark etdingiz. O‘sha vaziyatda kayfiyatingiz ham yaxshi emasdi. Aslida nima bo‘lgandi? Uchrashuvgacha ham jarohatingiz bormidi?

- Ha, o‘yingacha ham belim og‘rib turgandi, ammo jiddiy bezovta qilmayotgandi. Biroq o‘yin paytida, birinchi bo‘lim oxirlarida belim “ushlab” qoldi va yugurishga ham imkon bermadi. Og‘riq paydo bo‘lgani uchun chiqib ketishimga to‘g‘ri keldi. Umid qilamanki, jarohat jiddiy ema. Shifokorlar nazorat qilishyapti.

- O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Ilhom Mo‘minjonov sizni keyingi turda maydonga tushishingizni imkoni pastroq, degan ma’noda gapirdi. “Paxtakor”ga qarshi bahsda ham sizni ko‘ramizmi?

- O‘ynashga harakat qilaman. O‘ylashimcha, o‘sha kuni jamoamga yordam berish uchun maydonga tusha olaman.

turaev1_4

- O‘yin taqdirini hal qilgan penalti bo‘yicha bahsli vaziyatlar yuz beryapti. Bu borada fikringizni bilmoqchiman. Penalti rostdan bormidi?

- U paytda belim og‘rigani uchun men echinish xonasida edim. O‘yinni telefonim orqali onlayn ko‘rib o‘tirdim. O‘sha vaziyatda bir ko‘rishdayoq penalti bor deb aytdim. Chunki kontakt bo‘lgandi.

- Shuningdek, “Neftchi” ustozi Ilhom Mo‘minjonov jamoaning vazifasi kuchli uchtalikka kirish ekani haqida aytdi. Vaziyatga real qarasak, “Neftchi” rostdan ham bunga qodirmi?

- Xolis aytadigan bo‘lsam, “Neftchi”ning kuchli uchtalikka kira olishiga ishonaman. Negaki, tarkibda yaxshi darajadagi futbolchilar tanlab olingan. Shu sababli oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishimizga aminman. Bizda ikkita teng kuchli tarkib yig‘ilgan. Butun jamoa bir bo‘lib, o‘sha maqsad uchun qattiq kurashamiz.

turaev3_3

- “Neftchi”ni 2-turda yanada og‘ir o‘yin kutyapti. Chunki Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushasizlar. Vazifa jiddiy bo‘lgani uchun har bir o‘yinni qadri baland.

- Ha, biz Toshkentda ushbu o‘yin uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Har bir uchrashuvga maksimal tayyorlanamiz. Imkoniyatni 50x50 demayman. Muhimi, biz g‘alaba uchun puxta hozirlik ko‘ramiz. Qolgani Xudodan. To‘p yumaloq, maydon tekis, biz g‘alaba uchun kurashamiz.

- Hozirgi kunda eng kuchli jamoa “Paxtakor”mi yoki...

- Bu yil chempionat juda qiziq o‘tadi. Jamoalar kuchaygan. “Navbahor”, AGMK, “So‘g‘diyona”, “Nasaf”, “Paxtakor”, “Neftchi”...”Bunyodkor”ni tarkibi yoshargan bo‘lsa ham osonlikcha taslim bo‘lmaydi. “Qizilqum” ham chakki emas. Birorta jamoani ajratib ayta olmayman. Aksariyat klublar tarkiblarini kuchaytirib oldi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!