
Oston afsonaviy murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanishi mumkinligi tasdiqlandi
"Spartak" klubining jamoatchilik bilan aloqalar departamenti direktori Anton Fetisov ispaniyalik taniqli murabbiy Rafael Benites haqiqatan ham klub bosh murabbiyligiga nomzodlar ro‘yxatida borligini tasdiqladi.
"Spartak" uchun murabbiy chempionlik tajribasiga ega bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Biz uchun nafaqat ichki musobaqalarda, balki evrokuboklarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etish tajribasi kerak. Afsuski, so‘nggi ikki yildan buyon futbolimiz bunday tajribani bermayapti. Shuning uchun rus murabbiylari bilan bunga erishish qiyin. Ehtimol kelajakda vaziyat o‘zgarar.
Rafa Benites? Men faqatgina uning nomzodi ko‘rib chiqilganligini tasdiqlashim mumkin. Ammo u asosiy nomzod emas", - dedi Fetisov "RB-Sport"ga bergan intervyusida.
Bundan avvalroq, Benites faoliyatini Angliya premer-ligasida davom ettirmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. U Xitoyning "Dalyan Ifan" klubidan ketgach hozircha ishsiz hisoblanadi. U murabbiylik faoliyati davomida "Valensiya", "Liverpul", "Inter", "Napoli", "Real" va "Chelsi" klublarini boshqargan.
"Spartak" amaldagi bosh murabbiy Domeniko Tedeskoga o‘rinbosar izlamoqda. Boisi, uning moskvaliklar bilan amaldagi shartnomasi yozda tugaydi va ushbu kelishuvni uzaytirishdan bosh tortmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Oston O‘runov "Spartak" a’zosi hisoblanadi. U mavsumning ikkinchi yarmini "Ufa" safida ijarada o‘tkazmoqda.
Fikrlar