
Osiyo Chempionlar ligasi oldidan: AGMK o‘zgardi, xuddi biz kabi - raqib murabbiyi syurpriz tayyorlab qo‘ydi...mi?
15-30 aprel kunlari Osiyo Chempionlar ligasi guruh bahslari boshlanadi. AGMK jamoasi joy olgan guruh ishtirokchilari esa Ar-Riyodda o‘z o‘yinlarini o‘tkazadi.
Vakillarimiz joy olgan guruhda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol”, BAAning “Shabab Al-Ahli” hamda Tojikistonning “Istiqlol” klublari joy olishgan. Shuning uchun katta qiziqish bilan bo‘lajak uchrashuvlarni kutyapmiz. Jamoalar esa tayyorgarlik jarayonidan tashqari bir-birini o‘rganish ishlari bilan band.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, guruhdan Markaziy Osiyodan ikkita jamoa bir guruhga joylashgan. AGMK – “Istiqlol” jamoalari ikkinchi tur doirasida bellashishadi. Sports.uz muxbiri “Istiqlol” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko bilan aynan chempionlar ligasi oldidan suhbatda bo‘ldi.
- Osiyo Chempionlar ligasi uchun tayyorgarlik qanday kechdi? Hammasindan qoniqish hosil qildingiz?
- Ha, tayyorgarlik to‘liq dastur asosida o‘tkazilmoqda. Nimani rejalashtirgan bo‘lsak, hammasini asta-sekinlik bilan bajarib boryapmiz.
- Guruhdagi asosiy favorit kim?
- Asosiy favoritlar sifatida “Shabab Al-Ahli” bilan “Al-Hilol”ni ko‘rsatishim mumkin.
- AGMK pley-offda “Al-Garafa” maydonida g‘alaba qozonib, guruh bosqichiga chiqdi. Bu o‘yinni ko‘rdingizmi?
- Ha, AGMK ishtirokidagi o‘yinni ko‘rdim. Klub ishtirokidagi uchrashuvdan menda yaxshi taassurot qoldi.
- Shuningdek, bir necha yil oldin AGMK “Istiqlol” bilan ham Olmaliqda pley-off bosqichida to‘qnash kelib g‘alaba qozongandi...
- To‘g‘ri, ammo o‘tgan vaqt davomida AGMK o‘zgardi, xuddi “Istiqlol” kabi.
- Shuningdek, AGMK safidagi xavfli o‘yinchi sifatida kimni ko‘rsata olasiz?
- Men hozirda ko‘proq futbol tahlili bilan shug‘ullanib, ko‘rgan-bilganlarimni klub murabbiylar shtabidagi yordamchilarim bilan mulohaza qilyapman. Shuning barobarida biz raqiblarning o‘yinchilarini va klublarini chuqur tahlil qilgan holda kuzatib kelyapmiz.
- Darvoqe, Mirjalol Qosimovni yaqindan bilasizmi?
- Bir-birimizga qarshi o‘ynagan bo‘lsak ham shaxsan tanish emasmiz.
- Jamoangizda o‘zbekistonlik futbolchilarni ham ko‘rishni xohlaganmidingiz?
- Biz o‘zbekistonlik bir qancha futbolchilarni nomzod sifada kuzatdik. Ammo ish yakuniy darajaga etib borgani yo‘q.
- Bilishimcha, Javlon Ibrohimov “Istiqlol”ning yig‘inida qatnashgandi...
- U O‘zbekistonga qaytib ketgan.
- “Istiqlol” kuchli raqiblarga qarshi bahslarda nimalarga qodir deb o‘ylaysiz?
- Jamoa Osiyo Chempionlar ligasidagi vazifasini bajarishga kirishar ekan, hammasi yanada qizg‘inroq tus olishi tabiiy. O‘ylaymanki, Osiyo Chempionlar ligasida barchani kutilmagan syurprizlar bilan hayron qoldira olamiz. Men bunga aminman.
- Birinchi o‘yin oldidan nima deya olasiz?
- Biz raqiblarga qarshi o‘tadigan o‘yinlarda iloji boricha ijobiy natijalar qayd etishga harakat qilamiz.
- Jamoangizga o‘zingiz istagan barcha futbolchilarni jalb qila oldingizmi? Sizni tashvishga solayotgan muammo yo‘qmi?
- Osiyo Chempionlar ligasida bizga yordami tegishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida hammasini aytib berishga tayyor emasman. Buni to‘g‘ri qabul qilasiz, degan umiddaman.
- O‘zbekiston chempionatini kuzatib turibsizmi?
- Ha, o‘yinlarni tomosha qilyapman, hamma jamoalar haqida menda etarlicha ma’lumotlar bor.
Fikrlar