"Oloy" ustozi: "Nasaf" hatto "Paxtakor" bilan ham birinchi raqam bo‘lib o‘ynaydi, Berdiev taktik tomondan kuchli murabbiy"

  • 16 may, 2021, 15:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida o‘tkazilayotgan OFK Kubogining guruh bosqich o‘yinlari davom etmoqda. Xabaringiz bor, ilk turda “Nasaf” Qirg‘izistonning “Oloy” klubiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 4:0. Endi esa ikkinchi turda qarshiliklar Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasi bilan, “Oloy” esa Turkmanistonning “Oltin Asr” klubi bilan bellashadi.

Tecno

Aytish mumkinki, “Oloy” jamoasiga birinchi turda “Nasaf” ijrosida qanday o‘yin ko‘rsatish kerakligi bo‘yicha master-klass o‘tkazildi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Hisob esa yanada yirik ko‘rinish hosil qilishi ham mumkin edi.

Bunday o‘yinlar “Oloy” klubi uchun tajriba maktabini o‘taydi. Jamoa ustozi tojikistonlik No‘’monjon Yusupov musobaqadan avval “Nasaf”ga musobaqa favoriti deya ta’rif bergandi. Demak, u qarshiliklarni har tomonlama o‘rganib chiqqan. Ammo jamoasida ijrochilar etishmovchiligi ko‘rinib qoldi. O‘yin sifati ham shunga yarasha.

“Oloy” bosh murabbiyi “Nasaf”ga qarshi o‘yin va bo‘lajak bahs oldidan sports.uzga o‘z fikrlarini bildirdi.

- Jamoangizga qarshi bahsda “Nasaf” yaqqol ustunlik qildi. O‘sha uchrashuvda raqibdan nimani o‘rgandingiz?

- Biz o‘yingacha ham “Nasaf” klubining qanday kuchga egaligini bilgandik. Shunga qarab taktika tanlagandik. Futbolchilar birinchi bo‘limda ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarishdi. Ikkinchi taymga kelib raqibning tajribasi baribir o‘z so‘zini aytdi.

- To‘g‘ri, tanaffusgacha “Oloy” yaxshi qarshilik ko‘rsatdi. Lekin ikkinchi bo‘limda hammasi o‘zgarib ketdi. Tanaffus paytida o‘yinchilarga nima degandingiz?

- Albatta, tanaffus paytida ham kerakli tushunchalar bergandik. Ayniqsa, futbolchilarga ikkinchi bo‘limda bo‘sh hududlar qoldirmaslikni va imkon bo‘lishi bilan xuddi birinchi bo‘limdagidek qarshi hujumga o‘tishlari zarurligi haqida ta’kidlagandim.

yusupov_2

- Raqibdan aynan shunday o‘yin kutganmidingiz?

- Albatta, biz raqibdan bunday o‘yinni kutgandik. Sababi, “Nasaf” hatto “Paxtakor” bilan ham birinchi raqam bo‘lib o‘ynaydi, Qarshida. Shunday ekan, sizga oldin aytgan gapimni yana takrorlayman: “Nasaf”ni nafaqat guruh, balki musobaqa favoriti deb hisoblayman.

- “Nasaf” tarkibida qaysi futbolchilarni alohida aytgan bo‘lardingiz?

- “Nasaf” butun jamoa sifatida yaxshi o‘ynadi. Ammo, ko‘proq Oybek Bozorov, Sherzod Nasrullaev qanotlarda faol to‘p surdilar. Shu bilan birga Marko Stanoevichni qo‘shimcha qilishim mumkin.

- “Oloy” bunday o‘yini bilan guruhdan chiqa olmaydi. Asosiy vazifa nima?

- Jamoamizdagi ko‘p futbolchilar yoshlardan tashkil topgan. Ular bunday turnirda ilk bor qatnashishyapti. O‘z imkoniyatimizdan kelib chiqib, imkon qadar yoshlar bilan yaxshiroq qatnashishga harakat qilamiz.

- Yirik mag‘lubiyatdan keyin jamoani navbatdagi uchrashuvga qanday ruhlantiryapsiz?

- Biz futbolchilar bilan gaplashib oldik. Xudo xohlasa, ertangi uchrashuvda chiroyli o‘yin ko‘rsatamiz.

yusupov2

- Ro‘ziqul Berdiev haqida fikringiz qanday? U bilan shaxsan tanishmisiz?

- Ro‘ziqul Berdievni taktik tomondan kuchli murabbiy deb bilaman. U buni allaqachon isbotlab bo‘lgan. Biz tanish emasmiz, mana endi tanishdik (kuladi).

- Sun’iy maydon jamoa o‘yiniga halaqit qilmayaptimi?

- Sun’iy maydonda to‘p surish oz-moz noqulay. Ammo bu bahona emas. Maydonning holati a’lo darajada. Demak, bu masalada muammo yo‘q. Hammasi o‘zimizga bog‘liq.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!