
OKMK ilk xorij yig‘inini yakunladi
Mirjalol Qosimov boshchilik qilayotgan olmaliqliklar yangi mavsum uchun tayyorgarlik jarayonini o‘tkazmoqdalar.
Jumladan, OKMK klubi yangi mavsum oldidan ilk xorij yig‘inini muvaffaqiyatli yakunladi va bugun Toshkentga qaytib keldi. "Konchilar" 17 yanvardan 1 fevralgacha Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) jismoniy va taktik tayyorgarlikni oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni o‘tkazdi. Ushbu yig‘in davomida jamoa o‘z o‘yin uslubini mustahkamlash, yangi taktik sxemalarni sinovdan o‘tkazish va futbolchilarning jismoniy holatini optimal darajaga etkazishga e’tibor qaratdi.
Ikki haftalik intensiv mashg‘ulotlardan so‘ng futbolchilarga qisqa muddatli — uch kunlik dam olish berildi. Biroq OKMKning tayyorgarlik jarayoni shu bilan yakunlanmaydi. OKMK jamoasi 5 fevral kuni erta tongda Turkiyaning Antaliya shahriga yo‘l oladi va u erda yangi mavsumga yanada jiddiyroq hozirlik ko‘radi.
Antaliyadagi yig‘in 19 fevralgacha davom etib, uning doirasida OKMK FK bir qator kuchli raqiblarga qarshi nazorat uchrashuvlarini o‘tkazishni rejalashtirgan. Ushbu o‘yinlar jamoaning umumiy tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazish va tarkib imkoniyatlarini baholash uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bo‘lajak raqiblar va o‘yin sanalari bo‘yicha batafsil ma’lumot keyinroq e’lon qilinadi.
Qur’aga ko‘ra, OKMK chempionatni o‘z maydonida "Buxoro"ga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi.
Fikrlar