
"Neftchi"ni "sindirdi" yoxud klubda yana bir muammo paydo bo‘lyapti!
Superliganing 15-tur uchrashuvlari ortda qoldi. 7 ta o‘yinda turli tuman natijalar qayd etildi. Kuni kecha saytimiz orqali alohida “O‘zbek klassikosi” sifatida ta’rif etiladigan “Neftchi” – “Paxtakor” qarama-qarshiligi oldidan ham to‘xtalib o‘tgandik. Yaypandagi stadionda o‘tkazilgan uchrashuv Sardor Sobirxo‘jaev va Dragan Cheranning gollari evaziga “Paxtakor”ning 0:2 hisobidagi g‘alabasi bilan intiho topdi. Bu Maksim Shatskixning “Paxtakor” bosh murabbiyi sifatidagi ikkinchi g‘alabasiga aylandi. Bu natijaga shubhasiz o‘yindagi voqealar rivoji ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi.
Aslida shu kuni “Paxtakor”dan ko‘ra “Neftchi”ga g‘alaba suv va havodek zarur edi. Chunki farg‘onaliklar 12 ochko bilan 13-pog‘onada borayotgan bo‘lib, tezroq autsayderlikdan qutulishga intilmoqdalar. Shu sababli chempionga qarshi imkon qadar ochko tortib olish harakatida bo‘lishdi. O‘yinni ham mezbonlar yomon boshlashmadi. Lekin ikkita vaziyat “Neftchi” uchun juda qimmatga tushdi va bu yakunda natijaning shunday ko‘rinish olishiga turtki berdi.
Birinchisi, bo‘lim oxirida belgilangan penalti bilan bog‘liq edi. Jamoalar tanaffusga chiqib ketish arafasida “Neftchi”ning hujumini “Paxtakor”ning legioner himoyachisi qo‘li bilan to‘xtatib qoldi. Bosh hakam Ilgiz Tantashev VAR yordamida vaziyatni takroran ko‘rib penalti belgilashni lozim topdi. Bu hisobda orqada borayotgan “Neftchi” uchun ayni muddao edi. Jamoaning shtatli penaltichisi Shahzod Ubaydullaev bungacha 3 ta gol urgan bo‘lib, hammasini asosan penalti orqali kiritgandi. Tabiiyki, nuqtaga yana u yaqinlashdi. Biroq bu gal “Paxtakor” darvozaboni Sanjar Quvvatov raqibining zarbasini “o‘qiy” oldi va jamoasini goldan saqlab qolib, buni jamoadoshlari bilan nishonladi. Shahzod hisobni tenglashtirganidami, natija boshqacha bo‘lishi aniq edi. Jamoalar tanaffusga hisob tenglashgan holda chiqib ketishganida bu avvalo “Neftchi”ga ruhiy ustunlik va qo‘shimcha ishtiyoqni oshirishi turgan gap edi. Lekin Ubaydullaev jamoasini mana shunday imkoniyatdan o‘zi istamagan holatda mahrum qilib qo‘ydi. Shunda ham farg‘onaliklar ikkinchi bo‘limni faol boshlashdi. 0:1 hisobini bemalol o‘zgartirish mumkinligini ular yaxshi tushunib turishgandi. Shu sababdan tanaffusdan keyin “Neftchi” futbolchilarining faollikni oshirishganiga guvoh bo‘ldik. Kerak bo‘lsa, “Paxtakor”ni faqat himoyalanishga majbur qilgan vaziyatlarni ham ko‘rdik.
“Neftchi”ning mag‘lubiyatiga ikkinchi sabab, Sunnat Abdullajonovning maydondan chetlatilishi bilan bog‘liq. Ikkinchi bo‘lim boshida Sirojiddin Qo‘zievning o‘rniga maydonga tushgan yarim himoyachi 22 daqiqa maydonda to‘p surgach, raqibga ishlatgan qo‘polligi tufayli bosh hakam unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi. Oqibatda “Neftchi” o‘zi uchun ikkinchi “zarba”ni qabul qilib oldi. Golga aylantirilmagan penalti va chetlatish farg‘onaliklarning zarariga ishladi. “Paxtakor” maydonda son jihatidan ustunlikka erishgach, oradan 4 daqiqa o‘tib Dragan Cheran jamoasining ikkinchi golini kiritdi va shu tariqa o‘yinga uzil-kesil nuqta qo‘ydi. Chetlatish va ikkinchi gol “Neftchi”ni ruhan “sindirgandi”. Bundan buyog‘iga Vitaliy Levchenko jamoasi kayfiyatsiz holatda raqib bilan kurashni to‘xtatdi.
“Neftchi” murabbiylari futbolchilarning tartib-intizom masalasida ham alohida ishlashi kerakligi ko‘rinib qolyapti. O‘tgan turda Abbos G‘ulomov qizil kartochka olib jamoasini qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Bu safar Abdullajonov shu ishni takrorladi. Qizig‘i, ushbu jamoalarning birinchi davrada Toshkentdagi o‘yinida Abror Ismoilov maydondan chetlatilgan va “Neftchi” bir kishi kam bo‘lib o‘yinni tugatgandi. Chempionat boshidan beri umumiy hisobda farg‘onaliklarning 4 nafar o‘yinchisiga qizil kartochka ko‘rsatildi. Oxirgi ikkita uchrashuvda esa ikkita! Bu masalada murabbiylar tezroq vaziyatni o‘nglamasa yana natijalarga o‘z ta’sirini ko‘rsataveradi.
Fikrlar