
"Neftchi" uning transferini qanday hal qildi? Qaysi raqamni tanladi? "Bunyodkor"da qolish imkoniyati bormidi? Lutfulla To‘raev barchasiga oydinlik kiritdi
Uch yildan beri “Bunyodkor” sharafini himoya qilgan yarim himoyachi Lutfulla To‘raev yangi mavsumda klubini o‘zgartirgani haqida saytimiz orqali xabar berdik. Unga ko‘ra, futbolchi Farg‘onaning “Neftchi” klubida to‘p suradigan bo‘ldi. Shu munosabat bilan Sports.uz muxbiri To‘raev bilan suhbatda bo‘ldi.
- “Neftchi”ga o‘tganingiz bilan tabriklayman. Mazkur chorlov sizga dastlabki qachon bo‘lgandi va qabul qilishingizning asosiy sababi nimada?
- Menga ikki oy oldin chiqishgandi. Klub bosh murabbiyi Ilhom aka Mo‘minjonov qo‘ng‘iroq qilgan. O‘shanda chempionat tugaganidan so‘ng gaplashamiz deb javob bergandim. O‘zbekiston Superligasi tuganidan keyin ko‘rishib, gaplashib oldik. Shu tariqa, “Neftchi” jamoasiga o‘tishga qaror qildim.
- Siz bilan oxirgi marta suhbatlashganimizda “Bunyodkor” bilan yana bir yillik shartnomangiz borligi xususida aytgandingiz. Transferingiz qanday hal bo‘ldi yoki farg‘onaliklar sizni sotib oldimi?
- To‘g‘ri, yana bir yillik shartnomam bor edi. “Bunyodkor” rahbari Ulug‘bek aka Mirzaev bilan gaplashdim. Klubga ozgina bo‘lsa ham mablag‘ o‘tkazib beriladigan bo‘ldi va shundan keyin “Bunyodkor” meni qo‘yib yuboradigan bo‘lgan. Shunday qilib, men yangi jamoaga o‘tdim.
- “Bunyodkor”ni tark etishingiz nima bilan bog‘liq edi yoki u erda to‘p surishga ishtiyoqingiz so‘nib qolganmi?
- Ishtiyoqim hech qachon so‘nmaydi. Asosiy tarkibda o‘ynaydigan to‘rtta futbolchi ketdi. Sabab ham shu bo‘ldi deb o‘ylaymanda.
- Ha, “Bunyodkor”ni etakchilar tark etishyapti. Bu moliyaviy muammo bilan bog‘liqmi? Asosiy o‘yinchilarning ketishi albatta yo‘qotish. Siz yangi mavsumda qanday “Bunyodkor”ni ko‘ryapsiz?
- Rahbarlarimiz shartnomasi tugagan o‘yinchilar bilan gaplashamiz deyishdi. Yigitlar ancha kutdi, oxiri gaplashishmaganidan keyin ketishga majbur bo‘ldik. O‘ylashimcha, o‘z vaqtida gaplashishganida ketganlar “Bunyodkor”da qolardi. Bu klubni o‘z akademiyasi bor. Iqtidorli yoshlar etishib chiqyapti. “Bunyodkor”ni hech qachon pastki o‘rinlarga tushib ketadi, deb o‘ylamayman. Shuhrat aka Maqsudov ham yoshlar bilan yaxshi ishlaydi. “Bunyodkor” bu yil ham yuqori o‘rinlarni egallaydi, deb o‘ylayman.
- Sir bo‘lmasa, “Neftchi”dan tashqari yana qanday takliflar bor edi?
- Takliflar bo‘lmadi. “Neftchi”dan bo‘ldi va ular bilan gaplashib, shu klubga o‘tishga qaror qildim.
- Odatda, sizni 13-raqamda ko‘ramiz. “Neftchi”da ham ushbu raqam ostida to‘p surasizmi? Umuman, nega doim 13 dan foydalanasiz?
- Xudo xohlasa, “Neftchi”da ham 13-raqamda o‘ynayman. Yoshligimdan shu raqamni olganman. Shundan beri 13 da to‘p suraman. Bunga birorta sabab yo‘q.
- Qizig‘i, ko‘pchilik odamlar 13 raqamini yoqtirishmaydi, balki bu irim-sirim bilan bog‘liqdir. Sizda esa bu aksincha...
- Avvalambor, hammasi Xudodan. 13 yoqmaydi yoki boshqasi yoqmaydi, deyish bu noto‘g‘ri. Aytdim-ku, bolaligimdan 13-raqamli formada o‘ynashga o‘rganib qolganman.
- “Bunyodkor”da uch mavsum faoliyat olib bordingiz. U erda o‘tkazgan yillar qanday kechdi?
- To‘g‘ri, men “Bunyodkor” jamoasida uchta mavsumni o‘tkazdim. O‘ylashimcha, ajoyib damlar bo‘ldi. Qiyinchiliklarni ham ko‘rdik. Hayotda har doim xushchaqchaq bo‘lavermaydi. U erda ajoyib yigitlar bilan birga to‘p surganimdan xursandman. “Bunyodkor”dagi faoliyatimdan qoniqish hosil qildim deb o‘ylayman.
- “Neftchi” bilan bu mavsumda nimani yutishga ko‘zingiz etyapti?!
- Mashg‘ulotlar boshlanadi, yig‘inlarda qatnashamiz. O‘ylashimcha, Superliga bahslariga oz fursat qolganida yig‘ilish bo‘ladi va “Neftchi”ning maqsadini aytishadi. O‘shanda qanday vazifa uchun kurashishimiz ma’lum bo‘ladi. Biz bu jamoani oldingi darajasiga chiqarish uchun harakat qilamiz. Farg‘onalik muxlislar bizni qo‘llab-quvvatlab turishsa, borimizni beramiz.
- Nima deb o‘ylaysiz, “Neftchi” faoliyatingizdagi oxirgi klub bo‘lib qolishi mumkinmi?
- Ertaga nima bo‘lishini Alloh biladi. Shu mavsumni tugatib olaylikchi, u yog‘ini ko‘ramiz.
- Ilhom Mo‘minjonov bilan birinchi marta ishlayapsiz. Bu murabbiy haqida fikringiz qanday?
- Ha, Ilhom aka bilan birinchi marta ishlashim. “Navbahor”da murabbiy bo‘lganida uning jamoasiga qarshi o‘ynaganmiz. Mana, endi birga ishlash nasib qilibdi.
Fikrlar