
"Navbahor" transfer narxi 450 ming evro bo‘lgan legioner bilan shartnoma imzoladi
Yangi mavsumga tayyorgarlikni Turkiyaning Antaliya shahrida olib borayotgan "Navbahor" tarkibi yana bir legioner bilan to‘ldirildi. Serbiyalik hujumchi Zoran Marushich jamoa bilan shartnoma imzoladi.
Marushich 1993 yilning 29 noyabrida Serbiyaning Klina shahrida tug‘ilgan.
Futbolchilik faoliyati davomida Serbiyaning “Sloga” (2010-2013 yillar, 2015 yil), “Vojdovats” (2014 yil), “Borcha” (2017 yil), “Temnich” (2017/2018 yillar), “Sloboda” (2018 yil), Bosniya va Gertsegovinaning “Slaviya” (2016 yil), “Krupa” (2016 yil), Belarusning “Dnyapro” (2019 yil) hamda “Neman” (2020 yil) jamoalarida o‘ynagan.
Zoran 2021 yilgi mavsumni Tbilisining “Dinamo” tarkibida o‘tkazib, 41 ta o‘yinda 17 ta golga mualliflik, 9 ta golga assistentlik qilgan holda, Gruziya chempionati to‘purari bo‘ldi. Bundan tashqari, 28 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda Gruziya chempionatining eng yaxshi hujumchisi, eng yaxshi legioneri va eng yaxshi futbolchisi deb topildi hamda chempionat ramziy terma jamoasidan ham o‘rin oldi.
Marushichning "transfermarkt" portalidagi transfer narxi 450 ming evro etib belgilangan.
Mazkur transfer borasida SPORTS.uz sayti orqali ma’lumot bergan edik.
Fikrlar