
MYudan navbatdagi kambek! Pogbadan super gol
Angliya Premer-ligasi 11-turi doirasida "Manchester Yunayted" "Vest Xem" mehmoni bo‘ldi.
O‘yinni mehmonlar hujumlar bilan boshladi. 38-daqiqada Souchek burchak zarbasidan so‘ng, to‘pni darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi. Jamoalar shu hisobda taymni yakunlashdi.
Ikkinchi taymda "Man Yunayted" ustozi Ule-Gunnar Sulsher Brunu Fernandesh va Markus Reshfordni zaxiradan maydonga tushirib, o‘yinda burilish yasadi. Bahsning 65-daqiqasida Pol Pogba Brunu Fernandeshning pasidan so‘ng, jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘llab, turning eng chiroyli gollaridan birini kiritdi. Oradan uch daqiqa o‘tganidan so‘ng, Aleks Telles Meyson Grinvudni to‘p bilan ta’minladi, yosh hujumchining darvozaga teskari turib yo‘llagan zarbasi gol bilan yakunlandi. 78-daqiqada Xuan Mata Markus Reshfordni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga olib chiqdi, Markus oldinga chiqib ketgan Fabianskining ustidan to‘pni oshirib, o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi.
Shu tariqa, "Manchester Yunayted" 10 ta o‘yindan so‘ng, 19 ochko to‘plab APL turnir jadvalida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi, "Vest Xem" esa 11 o‘yinda 17 ochko bilan, ettinchi o‘ringa tushib ketdi.
Ushbu o‘yin saytimiz orqali matnli translyatsiya qilindi.
Fikrlar