
Mudofaasida muammolari bor chempion Rimda mehmon yoxud “Latsio” “nemis mashinasi”ga qarshi!
Bugun oqshom butun dunyo muxlislari intiqlik bilan kutayotgan Evropa Chempionlar Ligasi turniri yana qaytadi. Deyarli barcha Evropa futboli ishqibozlari uchun tun bedorlikda o‘tadi, sababi, qizg‘in o‘yinlar, kutilmagan natijalar va hayajonli kechalar bugun ham davom etishi shubhasiz. Bizni seshanba oqshomida 2 ta ajoyib o‘yin kutib turibdi. Hozir ulardan biri haqida so‘zlashamiz.
Bugun Rimda “Latsio” Myunxenning “Bavariya”sini mehmon qiladi. Ajoyib nomlar, ko‘p tomonlama qarama-qarshiliklar mavjud - shu tufayli, o‘yin shiddatli va tomoshabop kechishi taxmin qilinmoqda. Keling, jamoalarning umumiy holati hamda o‘yin haqida batafsil fikr yuritamiz. Demak, boshladik!
“Latsio”
Guruh bosqichini 10 ochko bilan “Borussiya”dan keyingi 2-o‘rinda yakunlagan Rim klubi pley-offning ilk bosqichidayoq dahshatli “Bavariya” bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi. Qur’a natijasiga ko‘ra, deyarli hamma bu to‘qnashuvda myunxenliklar osongina g‘alabani qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga yo‘l olishini taxmin qilgan edi. Biroq, hozir bu fikrlar birozgina o‘zgargan. Mavsum boshida Simone Indzagi shogirdlari ancha ishonchsiz o‘yin ko‘rsatayotgan edi. So‘nggi uchrashuvlarda ko‘rsatishayotgan o‘yinlari haqida esa bunday deya olmaymiz. “Burgutlar” rosmana ma’noda kuchli o‘yin ko‘rsatishyapti. So‘nggi 10 ta bahsda 8 ta g‘alaba qozonilgan, 2 tasi esa mag‘lubiyat bilan yakunlangan. Mavsum boshidagiga qaraganda, ancha ishonchliroq o‘yin ko‘rsatishayotgani bois, rimliklarning “Bavariya”ga munosib qarshilik qilishiga umid uyg‘ongan. Buning ustiga, nemislarda tarkib bilan bog‘liq muammolar bor va so‘nggi o‘yinlarda bir qancha ochko yo‘qotildi. Bugungi o‘yinni “Latsio” tarkibida Luis Felipe, Radu va Strakosha o‘tkazib yuboradi, biroq bu yo‘qotishlar “Bavariya”niki singari jiddiy emas.
Taxminiy tarkiblar: Reyna; Patrik, Acherbi, Musakkio; Lazarri, Milinkovich-Savich, Lukas, Alberto, Marushich; Korrea, Immobile.
“Bavariya”
Xansi Flikning “Bavariya”si uchun esa, EChL guruh bosqichi ideal tarzda yakunlandi. “Atletiko”, “Lokomotiv” Moskva, “Red Bull” Zaltsburg jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan myunxenliklar “pley-off”ga 1-o‘rinni oson qo‘lga kiritgan holda yo‘l oldi. Bu yo‘lda Simeonening “Atletiko”si 4:0 hisobida mag‘lub etildi, Zaltsburgning “Red Bull”i esa 6:2 hisobida yanchib tashlandi, “Lokomotiv” ham 2 bahsda oson taslim etildi.
O‘tgan mavsumni maksimum 5 ta sovrin bilan yakunlagan “nemis mashinasi” Qatarda bo‘lib o‘tgan “Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati”da ham chempionlikni qo‘lga kiritib, titullar sonini 6 taga etkazib qo‘ydi. Hammasi ideal tarzda bo‘lib turgan bir paytda jamoada muammolar boshlandi: asosiy tarkibning 2 futbolchisi koronavirusga chalindi, yana bir nechtasi esa kichik jarohat bilan safdan chiqdi. Bundesliga doirasidagi so‘nggi bahslar ham ko‘ngildagidek o‘tmayapti. O‘tgan mavsumni atigi 2 mag‘lubiyat bilan yakunlagan “Bavariya” so‘nggi 10 ta bahsning o‘zidayoq xuddi shuncha mag‘lubiyat qayd etdi. Ayniqsa, “Arminiya” bilan bo‘lgan 3:3 hamda “Ayntraxt”dan uchralgan 2:1 hisobidagi mag‘lubiyat jamoa muxlislari ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgan bo‘lsa ajab emas. Lekin fanatlar murabbiyga ishonadi: Flik odatda qiyin o‘yinlar oldidan kuch tejab, o‘yinni boy berishni ma’qul ko‘radi, buni UEFA Superkubogi arafasidagi mag‘lubiyatda ham kuzatgan edik. Demak, Flikning zaxira rejasi borligini taxmin qilishimiz mumkin.
Muammo shundaki, Rimdagi bahsda “Bavariya”ga asosiy tarkib o‘yinchilari bo‘lmish Serj Gnabri, Tomas Myuller, Benjamin Pavar hamda Korentin Tolisso va Duglas Kosta yordam bera olmaydi. Ularsiz ham myunxenliklarning tarkibi “Latsio”nikidan ancha kuchli, shunday bo‘lsa-da, bir qancha ikkinchi tarkib o‘yinchilari bilan EChLda qanday o‘yin ko‘rsatilishini kuzatish ancha qiziq bo‘ladi. O‘ylaymizki, uchrashuv bizni zeriktirib qo‘ymaydi.
Taxminiy tarkiblar: Noyer; Zyule, Boateng, Alaba, Devis; Kimmix, Goretska, Martinez; Sane, Koman, Levandovski.
Murabbiylar fikri
Simone Indzagi: “Chempionlar Ligasi doirasida “Bavariya”ga qarshi o‘yin o‘tkazish bu ajoyib. Jamoam bilan 5 yil birga ishladim, ularning hamma yaxshi va yomon tomonlarini bilaman. Shu sabab, “Bavariya”ga qarshi o‘zgacha yondashuv qilishga harakat qilamiz. Ularning zaif tomonlari? Ushbu jamoa o‘tgan mavsum EChLni, yaqindagina esa Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini yutdi. Ularning salohiyati-yu kuchiga shubha yo‘q. Masalan, men “Bavariya”ning kuchsiz tomonlarini qidirishdan ko‘ra, “Latsio”ning kuchli tomonlariga to‘xtalishni afzal ko‘raman. Bu eng to‘g‘ri yo‘l. Levandovski va Immobile? Immobile bizning faxrimiz, u “Oltin butsa”ni o‘tgan yili unda tortib olgandi. Bu mavsum esa ko‘rinish u darajada emas. Robert hammadan o‘zib ketgan. Unga qarshi alohida himoyaviy taktika qo‘llashimiz zarur. Ishonamanki, natijaga erishamiz”.
Xansi Flik: “Men jamoamdan kamchilik qidirib, ularning ruhiyatini sindirish niyatida emasman. “Ayntraxt” va “Arminiya”ga qarshi o‘yinlarda 1-bo‘limlar kutganimizdek o‘tmagani sabab, o‘yinni boy berdik. O‘ylaymizki, Chempionlar Ligasida bunday bo‘lmaydi. Bu o‘ziga xos turnir. Zyule mashg‘ulotlarda kichik jarohat oldi, shu sabab Pavarning o‘rnida Kimmix o‘ynashi mumkin. Goretska o‘yinni asosiy tarkibda boshlaydi, umid qilamizki, u “Ayntraxt” bilan bo‘lgani kabi yaxshi o‘yinini ko‘rsatadi. U biz uchun juda muhim figura. “Latsio”? Biz ularning guruh bosqichidagi “Borussiya”ga qarshi o‘yinini diqqat bilan kuzatdik va o‘zimizga kerakli xulosalar chiqarib oldik. Bir vaqtlar ularning safida o‘ynagan Kloze hozir bizga qo‘l kelishi mumkin, sababi “Latsio”dagi ayrim futbolchilar bilan u to‘p surgan. Murabbiyni ham yaxshi biladi”.
Xulosa o‘rnida
“Bavariya”ning nimalarga qodir ekanligini barcha biladi. Garchi himoyasida muammolari bor bo‘lsa-da, Levandovskisi bor ekan, gol urishdan to‘xtamaydi. “Latsio”ning hujum chizig‘i ancha ishonchli o‘ynayotgani bois, himoyadagi xatolardan unumli foydalanilishi mumkinligini taxmin qilishimiz mumkin. Lekin, baribir myunxenliklar osonlikcha taslim bo‘ladiganlardan emas. Shu sababli, mehmonlarning kichik hisobdagi g‘alabasini taxmin qilamiz. Albatta, bu shunchaki fikr. Barchasi maydonda hal bo‘ladi!
Abdulla Mannonov tayyorladi.
Fikrlar