
Mourino Shomurodovni nega o‘yinga tushirmadi? Eldor zaxirada o‘tirgan palla Abraxam rekordlarni ura boshladi!
“Roma”ning omadsizliklari tugab, Joze Mourino shogirdlari A Seriya va Italiya kubogida ketma-ket uchinchi g‘alabasini tantana qildi. Adolat yuzasidan aytish joizki, poytaxt klubiga imkoniyatni boy bergan “Kalyari”, “Lechche” va “Empoli”ning darajasi va imkoniyatlari “bo‘rilar” qarshisida ancha kamtar hisoblanadi.
Rim klubi futbolchilari o‘z oldiga qo‘yilgan yuksak maqsadlarga erishishi uchun tasodifan emas, muntazam ravishda “Milan”, “Inter”, “Napoli”, “Yuventus”, “Atalanta” kabi yuqori o‘rinlarga da’vogarlik qiladigan qudratli jamoalarni engish yoki ulardan ochko olishni uddalashi talab etiladi.
A Seriyaning 23-turida safarda “Empoli”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda barcha o‘zbekistonlik muxlislar Eldor Shomurodovga imkon berilishini kutgan edi. Bu bejiz emas, albatta. Legionerimiz kubok uchrashuvida zaxiradan o‘yinga qo‘shilganiga qaramay, o‘zi uchun ajratilgan qisqa muddatda “Lechche” darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining 3:1 hisobidagi g‘alabasi va keyingi bosqichga chiqish masalasini hal qilgan edi.
Odatda, har qanday murabbiy avvalgi o‘yinda gol urgan futbolchini keyingi bahsda o‘ynatish orqali rag‘batlantiradi va taqdirlaydi. Lekin Joze Mourino o‘zgacha murabbiy bo‘lgani uchun bunday qilmadi, shekilli.
Portugaliyalik mutaxassis shogirdlari birinchi bo‘limning o‘zida to‘rtta to‘p bilan oldinga chiqib olganiga qaramay, Shomurodovni maydonga tushirishga jazm qilmadi. Uning o‘rniga anchadan beri gol urmayotgan 18 yoshli iqtidor Feliks Afena-Gyanga imkoniyat berdi.
Bu gal ham uchrashuv qahramoni Temmi Abraxam bo‘ldi. Angliyalik yulduz jamoasi kiritgan to‘rt golning teng yarmiga mualliflik qildi.
Temmi Abraxam “Empoli” darvozasiga kiritgan ikki to‘pi orqali A Seriyadagi 22 ta uchrashuvda kiritgan gollari sonini o‘ntaga etkazdi va A Seriyada o‘ziga xos rekord o‘rnatdi. Abraxam g‘alabaga uch ochko berila boshlagan davr – 1994-1995 yilgi mavsumdan boshlab, Italiya chempionatida eng ko‘p gol urgan angliyalik futbolchiga aylandi.
Bundan tashqari, Temmi barcha turnirlarda ketma-ket 12 ta uchrashuvda “Roma” uchun 12 ta gol urdi va bu borada kuchli beshlik chempionatlari orasida “Bavariya” to‘purari Robert Levandovskidan atigi ikkita to‘pga ortda qoldi.
“Roma” meni gol urishim va jamoaga yordam berishim uchun olgan. Uchrashuvda to‘p kiritishim muhim edi. Biz xuddi shu tarzda davom etishimiz kerak. “Empoli” bilan o‘yinning ikkinchi bo‘limida ishtiyoqni yo‘qotdik, bo‘sh o‘ynadik. Keyin ular ikkita javob to‘pi bilan bizni qiyin ahvolga solib qo‘ydi.
Bu sharmandalik. Bosh murabbiy ham bizni shu haqida ogohlantirdi. Endi bu holatga qayta tushmaslik uchun har bir narsani qadriga etishni o‘rganishimiz kerak.
- Men oldimga aniq bir mo‘ljal qo‘yishni yoqtirmayman. Har doim jismonan sog‘lom bo‘lishga va g‘alaba uchun bor imkoniyatimni ishga solishga harakat qilaman. Xavfli vaziyatlar yaratilsa, gollar albatta bo‘ladi, - dedi Temmi Abraxam.
“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino ham o‘ziga qanday hujumchi kerakligini yashirib o‘tirmadi. Qolaversa, portugaliyalik mutaxassis g‘alabaga hissa qo‘shgan o‘yinchilar haqida alohida fikr bildirdi.
- Raqibni yaxshi o‘rgangan edik. Genrix Mxitaryan oldiga qo‘yilgan vazifani to‘liq uddaladi. Ikkinchi bo‘limda raqib taktikani o‘zgartirganida Mxitaryan unga tez moslashdi va to‘p nazoratini ushlab turishga harakat qildi.
Seriju Oliveyra boshqacha futbolchi. Ko‘plar uni yaxshi tanimaydi. Lekin men uni jismoniy va taktik nuqtai nazardan bor imkoniyatlarini juda yaxshi bilaman. Uning maydondagi tanlov xato bo‘lsa, u darrov bu kamchilikni to‘g‘rilashga qodir. Oliveyra g‘alaba qozonishga ko‘nikkan jamoadan keldi, unda g‘oliblik ruhi kuchli va biz buni o‘rganib olishimiz kerak.
Temmi Abraxam esa har bir uchrashuvda gol urishi shart. Men hujumchilardan gol talab qilaman. Shuningdek, menga ularning boshqa sifatlari ham kerak, - dedi Joze Mourino.
Edni “Roma” navbatdagi turda 6 ferla kuni “Jenoa”ni qabul qiladi. Bo‘lajak uchrashuv Eldor Shomurodov uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki hamyurtimiz kuchli beshlikdagi yurishini aynan “Jenoa”da boshlagan va A Seriyada genuyaliklar uchun sakkizta to‘p kiritgan.
Balki Joze Mourino Shomurodovni sobiq jamoasiga qarshi o‘ynatish uchun bu gal maydonga tushirmagandir. Nima bo‘lgan taqdirda ham, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari har qanday vaziyatda ham Eldorning maydonda javlon urishini kutib qolaveradi.
Fikrlar