
Mashhur futbolchi qimor o‘ynaganini tan oldi
“Yuventus” yarim himoyachisi Nikolo Fadjoli tergovchilarga futbol uchrashuvlariga pul tikkanini tan oldi.
Italiya qonunchiligiga ko‘ra, sportchilar o‘zlari shug‘ullanayotgan sport turlariga pul tikishi taqiqlangan.
Corriere della Sera nashrining yozishicha, Fadjolining advokatlari jazoni engillashtirish maqsadida, futbolchi o‘zi o‘ynagan jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlarga pul tikmaganini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, advokatlar mijozi o‘smirlar davridan pokerga mukkasidan ketganini va bu orqali unda qimor o‘yinlariga qaramlik yuzaga kelganini ro‘kach qilyapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fadjolining noqonuniy tarzda futbol uchrashuvlarga pul tikkani haqida ma’lumotlar tarqatilgan edi. Keyin taftishchilar uning profillariga kirishga ruxsat olib, tekshiruv o‘tkazdi.
Agar Fadjoli aybdor, deb topilsa, uch yil va undan uzoq muddatga futboldan chetlatilishi va unga nisbatan jarima qo‘llanilishi mumkin.
Fikrlar