
«Manchester Siti» nimaning evaziga chempion bo‘ldi?
«Manchester Yunayted» «Lester»ga imkoniyatni boy berdi va rasman hamshaharlarini chempionga aylantirdi. Shunga qaramay, «qizil iblislar» muxlislari hayron bo‘lmadi. Sababi, faqat qog‘ozdagina chempionlik uchun imkoniyat bor edi. Qolgan barcha aspektlarda Pep Gvardiola jamoasi qolganlardan bir bosh baland ekanligini isbotlab qo‘ygan. Xo‘sh, chempionlikning asosiy omili nimada? Bugun shu mavzu borasida fikr yuritamiz.
Klub bunga loyiq!
«Shaharliklar» o‘z o‘yini bilan sovringa 100 foiz haqli ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu shunchaki boshlanishi bo‘lishi ham mumkin. Jamoa o‘z tarixida ilk bor EChL finaliga chiqdi va uni g‘alaba bilan yakunlashi mumkin. Raqib, APL a’zosi. Ichki birinchilik masalasi hal etilgan ekan, endi e’tiborni EChLga qaratish mumkin.
Ayni damda «Siti» hisobida 25 g‘alaba bor. Bu eng yaqin ta’qibchinikidan 5 ta ko‘p degani. Shuningdek, to‘plar nisbatida ham tafovut katta. «Siti»da + 46 bo‘lsa, «Yunayted»da + 30!
Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar bobida ham Pep Gvardiola shogirdlari qolganlardan o‘zib ketgan: 72 ga 62! Soddaroq qilib aytganda, «Man Siti» barcha aspektlarga qolgan 19 jamoadan kuchli ekanligini amalda namoyish etdi.
Bu klub tarixidagi 7-chempionlik. So‘nggi 4 yil ichidagi 3 oltin medal. Tan olish lozim, Pep «Siti»ni Angliyadagi eng qudratli kuchga aylantirishni uddaladi. Mayli, ba’zan qoqilish yuz bergandir, ammo tarix natijani eslab qoladi.
Majburiy o‘zgarishlar
Gvardiolani doimo kuchli futbolchilarni va katta klublarni boshqargan. Shu bois, uning natijalarini ko‘pchilik jiddiy qabul qilmaydi. «Barselona» yoki «Bavariya»da bu fikr o‘zini oqlagandir, lekin Angliya umuman boshqa mavzu. Bu erda har bir bahs uchun kurash olib borish kerak. Hech bir 3 ochko shunchaki taqdim etilmaydi. E’tiborlisi shundaki, Pep «tumanli albion»da o‘zgarishlardan qo‘rqmasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Bu mavsumni so‘zimizga isbot qilib olishimiz mumkin. Nega deysizmi? Gap shundaki, musobaqa startida «shaharliklar»da hech narsa o‘xshamadi. Start deganda bir yoki ikki tur nazarda tutilmayapti. Tan olish lozim, hech kim APLning ilk 8 turidan so‘ng, «Manchester Siti»ni hech kim chempionlik uchun asosiy da’vogar qatorida ko‘rmadi.
Bosh murabbiy og‘ir vaziyatdan chiqib ketish maqsadida o‘yin strategiyasini va futbolchilar joylashuvini o‘zgartirdi. Natijada, «Siti» engilmas jamoaga aylandi. Bir mavsum ichida bor imkoniyatdan unumli foydalangan «shaharliklar» qolganlardan bir bosh baland bo‘lishni uddalay oldi.
Hujumdagi tsunami
Pep Serxio Aguero va Gabriel Jezusning jarohatlari sababli, sof markaziy hujumchisiz to‘p surishga majbur bo‘ldi. Shu bois, Ilkay Gyundogan klub to‘purariga aylandi. Barcha musobaqalarda 16 gol. Undan keyingi o‘rinda 13 gol bilan Fil Foden, Riyad Mahrez, Rahim Sterling va Gabi Jezus bormoqda. Bu yigitlar hech bir musobaqada to‘purarlar poygasida ishtirok etmayapti, biroq jamoaviy o‘yinda ular tengsiz.
E’tiborlisi shundaki, «Siti»ning maydonning deyarli barcha pozitsiyasida pleymeykerlar harakat qiladi. Bir qarashda Kevin De Bryuyne asosiy uzatma beruvchi, lekin 90 daqiqa davomida hatto Ederson ham so‘nggi pasni ijro etishi mumkin. Soddaroq qilib aytsak, «Siti» hujum qilishni yaxshi ko‘radigan futbolchilardan yig‘ilgan jamoa! «Manchester Siti» tsunami singari raqiblariga xavf tug‘diradi. Aslida ofat suvdan iborat bo‘lsa ham, uning qudrati oldida barcha ojiz.
Butkul rotatsiya
Ba’zida Pep futbolchilarining charchab qolayotgani uchun zich taqvimdan noligani haqida o‘qib qolamiz. Shunday bo‘lsa-da, murabbiy rotatsiyadan qanday foydalanishni juda yaxshi biladi. Bu zamonaviy futboldagi eng muhim omil. O‘z shogirdlarining imkoniyatlarini to‘g‘ri chamalagan holda, kerakli pallada maydonga tashlash orqali qolganlardan sifatliroq futbol ko‘rsatish mumkin. Vaholanki, «Siti» joriy mavsumda deyarli har 4 kunda bitta o‘yin o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Bir tasavvur qiling! Ortda qolgan 57 o‘yinda atigi bir bor Pep asosiy tarkibni o‘zgartirgani yo‘q. U ham bo‘lsa, o‘tgan yilning oktyabr oyida sodir bo‘ldi. Jamoa «Portu» bilan bahsdan so‘ng, APLda «Vest Xem»ga qarshi yana o‘sha 11 futbolchi xizmatiga murojaat etdi. Shu bois, klub hech bir futbolchining o‘yiniga suyanib qolmadi. Hatto, De Bryuyne safdan chiqqanda ham, «Siti» qolganlardan klassi balandligini isbotlashda davom etdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Pep har bir o‘yinda asosiy tarkibda o‘rtacha 5 o‘zgarishni amalga oshirdi. Bunday rotatsiyani Evropaning birorta top klubida uchratmaysiz.
Himoyadagi barqarorlik
Hujumdagi ajoyib o‘yin haqida so‘z ochilgan ekan, mudofaadagi yigitlarni ham e’tirof etish shart. Ayniqsa, Pep yaratgan o‘yin falsafasiga bir nafasda kirishib ketgan Ruben Diashni alohida qayd etish mumkin. Portugaliyalik himoyachi ortda qolgan 57 o‘yinning 46 tasini asosiy tarkibda boshladi. O‘tkazilgan o‘yinlar soni borasida portugaliyalik qolganlardan ancha oldinda.
«Siti» har 4 o‘yinda bir bor o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi. 26 uchrashuvda gol o‘tkazib yubormadi. Yangi himoyachining jamoaga qo‘shilgani so‘nggi chiziqdagi muammolarni to‘liq yopdi. Kurashlardan qochmaydigan yigit esa, orqadagi futbolchilarda o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni uyg‘otdi. Omadsiz o‘yinlari sababli, jamoani tark etishi aniq bo‘lib ulgurgan Jon Stounz kutilmaganda, Ruben Diash bilan tandem hosil qildi. Bu juftlikni bemalol APLda eng yaxshisi, deyish mumkin.
Alohida futbolchilar haqida so‘z ketar ekan, Fodenni chinakam kashfiyot, deb atash mumkin. Mahrez Gvardiolaning joker qartasiga aylandi. Gyundogan jamoa to‘purari! Qanot himoyachilari «Siti»ning butun mavsum qolganlardan oldinda bo‘lishini ta’minladi. Umuman olganda, barcha chiroyli ta’rifga haqli mavsum o‘tkazdi. Shunga qaramay, bir omilni unutmaslik lozim. Bugungi «Siti»ning kuchi ularning hech biriga bog‘liq emas. Hozir sayyoramizning eng murakkab birinchiligida g‘olib chiqqan jamoa jamoaviy o‘yinda tengsiz! Aynan shu faktor sababli chempionlik poygasida qolganlardan avvalroq finishga etib keldi. Qolgan barchasi ikkinchi darajada!
Fikrlar