
M-1 turnirida o‘zbekistonlik jangchi 29 soniyada g‘alaba qozondi yoxud Maksim Qo‘ldoshev bilan suhbat
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida M-1 turniri doirasida tashkil etilgan jang kechasida hamyurtimiz Maksim Qo‘ldoshev (6-2) o‘rta vazn toifasida (83.9 kg) navbatdagi jangini o‘tkazdi. Mezbonlar vakili Evgeniy Konkinga qarshi uchrashuvning birinchi raundi 29 soniyasida Maksim bo‘g‘ish usuli bilan raqibini taslim etdi.
Biz ushbu jangchimiz bilan bog‘lanib, uning mazkur jangi va faoliyatiga oid savollar bilan murojaat qildik:
- Maksim g‘alaba muborak bo‘lsin!
- Rahmat. G‘alabamni barcha yurtdoshlarimga bag‘ishlayman.
- O‘zingiz haqingizda biroz ma’lumot berib o‘tsangiz?
- 1991 yil Andijon viloyati Shahrihon tumanida tavallud topganman.
- Qaysi sport siz uchun asos hisoblanadi?
- Jangovar sambo bilan shug‘ullanganman.
- Shu o‘rinda, ustozlaringizni ham tilga olib o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi?
- Albatta, ozmi-ko‘pmi yutuqlarimda murabbiylarimning juda katta hissasi bor. Jumadan, Ilhom Umarov, Jahongir Qoraboev, Najmiddin Xo‘jaev, Daurbek Isaqov kabi murabbiylar qo‘l ostida tarbiya topganman.
- Faoliyatingizda ikki bor mag‘lubiyatga uchragan ekansiz. Bu muvaffaqiyatsizlik sizni ruhan sindirib qo‘ymadimi?
- Aksincha, yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilishni boshladim. Yana shuni qo‘shimcha qilish lozimki, ikkinchi mag‘lubiyatimni Qirg‘izistonni WEF promoushenida qabul qilib olganman. To‘g‘rirog‘i, hakamlar yaqqol g‘alabamni raqibga tortiq qilgandi. Bu borada apellyatsiya berganman va g‘alabam qaytarilish arafasida.
- M-1 doirasida ikkinchi bor jang qilishingiz ekan. Faoliyatingizni yana ushbu promoushenda davom ettirasizmi?
- Bu promoushenda yana bitta jang o‘tkazaman. Keyin xulosa chiqarsa bo‘ladi.
- Vazn toifangizni ham o‘zgartirish niyati bormi?
- Ha, yarim o‘rta yoki engil vaznga o‘tmoqchiman.
- Rossiyada mashg‘ulotlar olib borar ekansiz. Umuman rus zaminiga qachon borgansiz?
- Ilk marta 2008 yil Sankt-Peterburg shahriga borganman. Shundan buyon shu erda faoliyat olib borayapmiz. O‘zbekistonga har yili borib turaman.
- Piterda mashg‘ulot olib boradigan zalingiz yoki klubingiz qanday nomlanadi?
- “Fight Center” deb nomlanuvchi zalda shug‘ullanaman.
- Evgeniy Konkin sizga deyarli qarshilik qila olmabdi. Jangdan avval uni yaxshilab o‘rganib chiqqanga o‘xshaysiz?
- Bilasizmi, menga bu jangni turnirga uch kun qolganda taklif qilishdi. Konkinni raqibi ba’zi sabablarga ko‘ra, bu jangga chiqa olmasligini bildirgan. Shundan keyin men bilan bog‘lanishdi. O‘rganib chiqishga vaqt ham bo‘lmadi.
- Maksim g‘alabalaringiz bardavom bo‘lib, xalqaro arenalarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilish yo‘lida kuch-quvvat tilaymiz!
- Rahmat. Albatta, muxlislar ishonchini oqlashga harakat qilaman!
Fikrlar