
"Lokomotiv" bosh murabbiyi: "Kim optimal holatda bo‘lsa o‘sha o‘ynaydi"
Pro liganing 2-turidan o‘rin olgan "FARDU" va "Lokomotiv" (1:2) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mehmonlar ustozi Grigoriy Kolosovskiy fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘yin to‘laqonli jangovar ruhda o‘tdi. Ikkala jamoa ham g‘alaba qozonishni istadi. Kurashlar juda ko‘p bo‘ldi. Ikkala darvoza yonida ko‘plab vaziyatlar yuzaga keldi. Yaratgan vaziyatlarimizdan foydalandik, ha, barasidan ham emas. Yana shunday holat: yaratilgan vaziyatlardan foydalanishimiz juda qiyin bo‘lmoqda. Kurashlar ko‘p bo‘lgani uchun o‘yin vaqti kamroq bo‘ldi. «FarDU» o‘z maydonida ochko olishga harakat qildi. Favorit sifatida maydonga tushdik, kurashdik va omadimiz keldi.
- Vladimir Kozak nega zaxirada qoldirilmoqda?
- Bu uning jismoniy holati bilan bog‘liq. Kichik jarohati sababli unga dam bergandik. Uni keyingi o‘yinga tayyorlayapmiz. Kim tayyor holatda bo‘lsa, o‘sha o‘ynaydi. Albatta, raqibdan ham kelib chiqamiz. Bugun kurashlar ko‘proq bo‘lishini kutgan holda qo‘l ostimizdagi optimal tarkibimizni maydonga tashladik. Qaerlardadir ishlar o‘xshadi, qaerlardadir esa yo‘q. Ibrohim Yo‘ldoshevga sekinlik bilan o‘yin amaliyoti beryapmiz, hali u o‘yinlarga to‘laqonli tayyor emas. Barchaga imkoniyat beramiz. Shunchaki, bundan foydalanish kerak.
- «Lokomotiv»ning ushbu mavsum Pro-liga va kubokdagi vazifasi qanday?
- Oldin ham aytganimdek, kubokda eng avvalo guruhdan chiqishimiz kerak. Qolgani qur’aga qarab aniqlanadi. Ligada esa asosiy favorit bo‘lib turibmiz. Tabiiyki, birinchi o‘rinni olib, Superligaga chiqishni istaymiz.
- Yosh hujumchi Muhriddin Zoirov haqida qanday fikrdasiz?
- U Siz aytganchalik yosh emas. Unga ham imkoniyat beryapmiz. U ham bundan foydalanishi kerak. Hujumchilar to‘pni ushlab tura olishi, ortga qaytishi va vaziyatlardan foydalana olishi kerak. Hozirgi holatda biz undan ko‘proq zarbalarni so‘rayapmiz. Barchaga imkoniyat beramiz, mavsum endi boshlandi. Kim optimal holatda bo‘lsa, o‘sha o‘ynaydi.
- «Lokomotiv»ni g‘alaba bilan tabriklayman. «FarDU» haqida fikringiz qanday?
- Qiziqarli jamoa. Murabbiylar shtabi ham yaxshi, ular oldin futbol o‘ynashgan va futbolda yaxshi fikrlashadi. Ularda ham reja qilgan barcha ishlari o‘xshamadi. Lekin jamoaning oldinga intiluvchanligi yuqori darajada. Ushbu jamoaga keyingi o‘yinlarda omad. Tarkib ham yaxshi. Tajribali futbolchilar ham bor, yoshlar ham etarlicha. Tarkibda bemalol katta raqobat amalga oshirsa bo‘ladi.
Fikrlar