
Legionerimiz shartnomasini uzaytirdi, yana biri esa...Yoxud ular o‘ynayotgan chempionat yakuniga etmasdan tugatildi
Koronavirus pandemiyasi tufayli chempionatlar to‘xtatib qo‘yilgandi, oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ularning aksariyatiga yana davom ettirishga ruxsat berildi. Biroq hamma chempionat ham bunday imkoniyatga ega bo‘la olgani yo‘q. Liga 1 nomi bilan ataluvchi Indoneziya birinchiligida esa vaziyat boshqacha tus oldi.
Boshqa mamlakatlar qatori u erda ham karantin choralari jiddiy kuchaytirilgandi. Buning oqibatida Indoneziyada ham futbol o‘yinlari to‘xtalib qo‘yilgandi. Shundan keyin u erda ham muxlislar va futbol ichidagi insonlar chempionat qachon boshlanishini kuta boshladilar. Vaziyatdan kelib chiqqan holda har safar qaysidir sanani belgilab o‘sha kuni chempionat davom ettirilishi aytilaverdiyu, lekin muddat yana ortga surilaverdi. Oxiri shunday bo‘ldiki, oktyabr oyida mavsum davom ettirilishi kerak edi, ammo noyabrning boshiga ko‘chirilgani aytildi. Baribir futbol bo‘yicha mamlakat chempionati davom ettirilishiga ruxsat berilmagach, mutasaddilar Liga 1 musobaqasini rasman tugatib qo‘ya qolishdi. Buning natijasida 18 ta jamoa ishtirok etayotgan birinchilikda hech bir klub chempion bo‘lmadi, hech biri quyi ligaga ham ravona bo‘lgani yo‘q. 18 ta ishtirokchisi bo‘lgan chempionat kelasi yilning fevral oyidan yangitdan boshlanishi ma’lum bo‘ldi. Demak, bu yilgi mavsum xuddi o‘tkazilmagandek hisoblanadi.
Aslida esa Indoneziya Liga 1 musobaqasining dastlabki uchta tur bahslari o‘tkazilgandi. 18 ta qatnashchi orasida “Borneo” bilan “Tira Persikabo” jamoalariga e’tiborimiz yuqoriroq edi. Nega deganda, ushbu klublarda o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p surishayotgandi. Bular – Javlon Guseynov bilan Artyom Filiposyan. Aynan ushbu ikki markaziy himoyachilariz sababli mazkur chempionatga ham e’tibor qaratib turardik. Dastlabki uchta turda Guseynov o‘ynayotgan “Borneo” ikkita g‘alaba va bir durang qayd etgan bo‘lsa, Filiposyanning jamoasi – “Tira Persikabo” bittadan g‘alaba, durang va mag‘lubiyat qayd etishga ulgurgandi. O‘tgan vaqt davomida ushbu legionerlarimiz ham katta futbolsiz qolib ketishdi.
Xo‘sh, ularning keyingi taqdiri endi nima bo‘ladi? Masalan, Filiposyanning “Tira Persikabo” bilan tuzgan shartnomasi shu yilning 31 dekabr kuni tugaydi. Hamyurtimiz esa shu yilning boshida mazkur klub safiga borib qo‘shilgandi. Ammo ko‘rib turganingizdek, Filiposyan uchta o‘yinda qatnashgach, keyin nimalar bo‘lgani endi o‘zingizga ma’lum. To‘g‘ri, mashg‘ulotlar o‘tkazildi, o‘rtoqlik o‘yinlari ham tashkillashtirildi. Ammo ular chempionat qachon boshlanishini kutib charchagandilar. Artyom Filiposyan bilan bog‘langanimizda u shu kunlarda Toshkentga qaytib kelishini ma’lum qildi. Shuningdek, klubdagi keyingi taqdiri haqida so‘raganimizda oldida yangi takliflar borligini yashirmadi. Qolaversa, o‘zimizning Superligamizdan ham unga jiddiy qiziqish bildirayotgan klub borligini ta’kidlab o‘tdi. Hammasi muzokaralar qanday kechishiga bog‘liq. Balki “Tira Persikabo” hamyurtimiz bilan yangi kelishuvga erishar, futbolchimiz esa Toshkentga qaytib kelgach, barcha masala bo‘yicha sports.uz uchun intervyu berishini aytib o‘tdi. Darvoqe, u klubida bosh murabbiy Igor Kriushenko bilan birga ishlaganini aytish joiz. Bu mutaxassis bir necha yil ilgari yurtimizda, “Sho‘rtan” klubini boshqargandi. Endilikda esa g‘uzorliklar ushbu murabbiydan bo‘lgan qarzdorlik tufayli hali hamon muammolar girdobida qolib ketmoqda.
Endi Javlon Guseynov masalasiga kelsak, biz o‘zi bilan ham gapllashdik. Yaqinda Toshkentga qaytib keldi. U Filiposyandan farqli o‘laroq Indoneziyada o‘tgan mavsumdan beri to‘p surib kelmoqda. Guseynovning sports.uzga ma’lum qilishicha, Toshkentga qaytishidan avval “Borneo” klubi bilan ikki yillik yangi shartnoma imzolaganini ma’lum qildi. Yangi mavsum esa kelasi yilning fevral oyidan start olishini ham aytib o‘tdi. Guseynov “Borneo” klubining sardori va etakchisi hisoblanadi. Shu sababli bu jamoa hamyurtimizni qo‘yib yuborishni istamagan holda yakuniga etayotgan shartnomani uzaytirishga erishishdi.
Fikrlar