
Legionerimiz gol qanday urilishini ko‘rsatib qo‘ydi!
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari mamlakatimiz milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilar – Igor Sergeev, Shahboz Umarov va Bobur Abduxoliqov Qozog‘iston klublarida o‘ynayotgani bois, qo‘shni mamlakat futbolini ham alohida qiziqish bilan kuzatib borayotgani sir emas.
Qozog‘istonda mamlakat kubogining chorak final bosqichi o‘tkazilyapti. Bu yilgi musobaqani jami 30 ta jamoa boshladi. Chorak finalga kelib, eng kuchli sakkiz jamoa qoldi va ular yarim final yo‘llanmasi uchun ikkitadan uchrashuvda o‘zaro bahs olib boradi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasiu hujumchisi Igor Sergeev to‘p tepayotgan “Tobol” klubi musobaqani nimchorak finaldan boshladi. Kustanayliklar “Aksu”ga qarshi o‘tkazilgan dastlabki bahsda 2:0 hisobida zafar quchdi. Javob o‘yinida “Aksu” 2:1 hisobida muvaffaqiyat qozonganiga qaramay, to‘plar nisbatiga ko‘ra, “Tobol” chorak finalga yo‘l oldi.
Bu gal “Tobol”ga ancha jiddiy raqib – Qarag‘andaning “Shaxtyor” jamoasi ro‘baro‘ bo‘ldi. Birinchi uchrashuvga Kustanay futbolchilari mezbonlik qildi.
Bellashuvda har ikki jamoa murabbiylar shtabi asosan yosh futbolchilarni sinovdan o‘tkazish uchun maydonga tushirdi. Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi. Ikkinchi bo‘limdan tajribali o‘yinchilar qo‘shildi.
Igor Sergeev ham tanaffusdan so‘ng maydonga tushdi. Oradan uch daqiqa o‘tmasidan, hamyurtimiz yosh futbolchilarga mohir hujumchi jarima maydonchasi ichida qanday o‘ynash kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Raqib himoyachilari va darvozabonini dog‘da qoldirgan legionerimiz hisobni ochdi. Sergeev qolgan daqiqalarda ham ancha faol o‘ynadi. “Tobol” vakili Islom Chesnokov o‘yin yakunlanishiga bir necha daqiqa qolganida “Shaxtyor” darvozasiga ikkinchi to‘pni joyladi.
Shu tariqa, “Tobol” chorak finalning dastlabki uchrashuvida 2:0 hisobida zafar quchib, javob o‘yini oldidan ikki to‘p farqi bilan ustunlikka ega bo‘ldi.
“Shaxtyor” futbolchilari mezbonlik qiladigan javob bellashuvi 7 iyun kuni bo‘lishi belgilangan.
Igor Sergeev 2021 yilning yozidan beri “Tobol” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. 30 yoshli hujumchimiz bu jamoa tarkibida Qozog‘iston chempionati g‘olibi va sovrindori bo‘ldi. Shuningdek, Sergeev Kustanay klubiga ko‘chib o‘tganga qadar, “Aktobe” jamoasida yarim mavsum o‘ynagan.
2023 yilgi mavsumda Igor Sergeev Qozog‘iston Premer-ligasida 9 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qilib, bitta assist qayd etdi.
Qozog‘iston kubogi doirasida o‘zbekistonlik forvardi uchta uchrashuvda bittadan gol va assist muallifi bo‘lgan.
Bobur Abduxoliqov va Shahboz Umarov o‘ynayotgan “Ordabasi” jamoasi ham Premer-ligada yuqori o‘rinlar va mamlakat kubogi uchun kurashni davom ettirmoqda.
Fikrlar