
Dunyoning eng qimmat futbolchisi Mbappening asli narxi qancha?
KPMG Football Benchmark kompaniyasi koronavirus pandemiyasining transfer bozoriga ta’siri bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Murakkab hisob-kitoblardan so‘ng futbolchilarning bugungi kundagi transfer qiymatlarida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lgani oydinlashdi. Aksariyat hollar transfer summasi pasayganidan dalolat bermoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyoning eng qimmat o‘yichisi hisoblangan Kilian Mbappening narxi aslida 225 million evro bo‘lgan. Pandemiya ta’sirida uning narxi 21,5 foizga arzonlab, ayni paytda 177 million evroni tashkil qilmoqda.
PSJning yana bir yulduzi – Neymar bu jamoaga qo‘shilganida 222 million evrolik futbolchi edi. Shundan keyin uning transfer summasi pastga qarab sho‘ng‘imoqda. Mutaxassislar PSJ futbolchilarining narxi tushayotganiga Frantsiyada chempionat muddatidan oldin yakunlangani ham ta’sir qilayotganini sabab sifatida ko‘rsatishmoqda.
Xullas, Neymarning transferi pandemiyadan oldin 175 millionga baholangandi. Uch oy ichida bu summa 21,7 foizga pasaydi. Yozgi transfer vaqtida uning asl bahosi 137 million evroga tenglashadi.
Angliya futbolining eng qimmat o‘yinchisi nomini egallab turgan “Manchester Siti” o‘yinchisi Rahim Sterling transfer summasi 10,5 foizga pasaydi xolos. Karantin davrigacha futbolchining narxi 150 million evroga baholanayotgan edi. Hozir bu futbolchini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan klublar 134 million evroni mo‘ljallab, “Manchester Siti”ga murojaat qilishi mumkin.
Transfer summasi 100 million evrodan baland bo‘lgan futbolchilar qatorida Sadio Mane, Muhammad Saloh, Harri Keyn, Kevin de Bryuyne, Jeydon Sancho va Lionel Messi bor.
Shu o‘rinda, transferi bozori ochilishi oldidan kuzatilayotgan vaziyatga e’tibor qaratsak, grand klublar katta xarajatlardan qochayotganini ko‘rish mumkin. Evropaning etakchi klublari qimmat futbolchilarni qo‘lga kiritish uchun ularga egalik qilayotgan jamoalarga ma’lum miqdorda pul, unga qo‘shimcha bir necha o‘yinchilarini qo‘shishni taklif qilmoqda.
Shuningdek, jamoalar o‘zaro futbolchi almashish, kerakli o‘yinchilarni uzoq muddatga ijaraga olish, transferi u qadar baland bo‘lmagan iste’dod egalarini tanlashga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yaqinlashib kelayotgan trasnfer bozorida ko‘p millionli transferlar deyarli amalga oshirilmasligi mumkin.
Fikrlar